19:49 / 10.03.2020
0
55747
Koronavirus tarqalishi sur'ati havo haroratiga bog‘liqligi aniqlandi

Xitoylik olimlar yangi turdagi koronavirus harorat Tselsiy bo‘yicha 8,72 daraja bo‘lganda eng tez sur'atlar bilan tarqalishini aniqlashdi. 

Foto : Torontosun

Bu haqda South China Morning Post nashrida ma'lum qilindi.

Olimlar o‘tkazgan tadqiqot Xitoyning 400 shahri va hududidan olingan ma'lumotlarga asoslangan. Olimlar virusning 20 yanvardan 4 fevralgacha tarqalishi ko‘lamini tahlil qilishgan. Ular kasallanganlar sonini havo harorati bilan solishtirishgan.

Natijada olimlar issiq mamlakatlarda koronavirus sekinroq tarqalishi haqidagi xulosaga kelishgan.

“Virus yuqori haroratga juda ta'sirchan. Bu uning issiqroq mamlakatlarda tarqalishiga to‘sqinlik qiladi”, deyilgan tadqiqotda.

Shu bilan birga, koronavirusga chalinish statistikasi virus sovuq va quruq iqlimdan tortib tropik iqlimgacha turli sharoitlarda tarqalishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Olimlarning ta'kidlashicha, bahor va yoz kelishi bilan havo haroratining ko‘tarilishi koronavirusga chalinish sur'atlari pasayishini kafolatlamaydi. Shu sababli davlatlar epidemiyaga qarshi o‘z xavfsizlik choralarini ishlab chiqishlari kerak. 

Bu orada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti direktori Mayk Rayan epidemiya o‘z-o‘zicha o‘tib ketishini kutmaslik kerakligini aytgan. “Virus gripp kabi o‘tib ketadi deb o‘ylash – yolg‘on umid. Biz buni kuta olmaymiz. Buning isboti yo‘q”, deb aytgan Rayan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top