21:00 / 10.03.2020
0
18589
Si Tszinpin koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahriga keldi

Xitoy raisi Si Tszinpin koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahriga epidemiya boshlangandan keyin birinchi marta tashrif buyurdi. U shaharga mahalliy hokimiyat epidemiyaga qarshi qanday kurashayotganini tekshirish maqsadida kelgan.

Foto: AP

Xitoy yetakchisi tibbiy niqobda shaharning deyarli kimsasiz ko‘chalari bo‘ylab yurib o‘tgan. Aholiga hamon o‘z uylarini tark etish taqiqlangan. Biroq xitoyliklar uylari balkonlariga chiqib, Si Tszinpinni qutlashgan. Xitoy raisi ham bunga javoban odamlarga qo‘lini silkitib qo‘ygan.

Xitoy yetakchisi koronavirusga chalinganlar uchun maxsus qurilgan Xoshenshan shifoxonasida bo‘lib, u yerda oyna ortidan shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashgan. Si Tszinpin epidemiya yaqin orada tugashini aytib, ularning ko‘nglini ko‘targan. 

Si Tszinpinning Uxanga kelishi ortida shaharda koronavirusga chalinganlar uchun tashkillashtirilgan 14 ta vaqtinchalik gospitalning barchasi epidemiologik vaziyat yaxshilangani va kasallar kamaygani sababli yopilgani e'lon qilindi. Koronavirusdan sog‘ayib ketgan oxirgi 49 kishiga uylariga ketishga ruxsat berilgan.  

Uxan joylashgan Xubey provinsiyasi ma'muriyati aholining harakatlanishiga taqiqlovni yaqin orada olib tashlashni rejalashtirmoqda.  

Epidemiya boshidan beri Xubeyda 67760 ta, jumladan Uxanda 49965 ta  kasallanish holati qayd qilingan. Kasallikka yo‘liqqanlardan 47585 nafari sog‘ayib ketgan, 3024 kishi (Uxanda 2404 kishi) vafot etgan. Ayni vaqtda provinsiyada 17151 kishi shifoxonalarda qolmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top