13:30 / 11.03.2020
58134

Ar-Riyod: Taxt uchun kurashning yangi pardasi

6 mart kuni Saudiya Arabistonining uch shahzodasi davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olindi. Suloladagi eng muhim shaxslar hibsga olinishi va ularga qo‘yilayotgan ayblovlar ko‘rib chiqilsa, Saudiya Arabistonining ichki siyosatida jiddiy bo‘hron mavjudligi anglashiladi. Quyidagi material orqali ushbu voqealar zamiriga sinchiklab nazar tashlaymiz.

Muhammad ibn Nayyef o‘rtada / AFP

Raqiblarni cindirish operatsiyalari

6 mart kuni ertalab Saudiya Arabistonida sulolaning muhim shaxslari va boshqa ko‘plab mayda amaldorlar hibsga olinishi qirollik ichki siyosatini dunyo kun tartibiga olib chiqdi.

2017 yilda Muhammad ibn Salmon taxt vorisi etib tayinlanganidan beri yuqori darajali ko‘plab shahzodalar hibsga olinganiga, shuningdek, bir necha bor «suloladagi ichki raqiblarni sindirish» operatsiyalari o‘tkazilganiga guvoh bo‘ldik. Ularga qo‘yilgan ayblovlardan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur operatsiyalarni huquqiy akt sifatida ko‘rsatish uchun barcha ehtiyotkorlik choralari ko‘rilgan. Masalan, oralarida Volid ibn Talal singari muhim shaxslar bo‘lgan Saudiya Arabistoni vazirlari, shahzodalar va ishbilarmonlar 2017 yilda korrupsiyaga qarshi kurash fonida qo‘lga olingan va bir necha oy davomida Ar-Riyoddagi Ritz-Carlton mehmonxonasida ushlab turilgandi. Hibsga olish uchun order esa «Korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi» tomonidan chiqarilgandi.

Ichki siyosatdagi bo‘hron

Muhammad ibn Noif Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi edi, ammo 2017 yilda uning o‘rnini Muhammad ibn Salmon egalladi / Getty Images

Juma kungi operatsiyalarda qo‘lga olingan va ayblangan shaxslar kim ekaniga e'tibor qaratilsa, qirollikning ichki siyosatida jiddiy bir bo‘hron mavjudligi anglashiladi. Hibsga olinganlar orasida zamonaviy Saudiya Arabistoni asoschisi bo‘lgan Abdulazizning o‘g‘li va hozirgi podshoh Salmon ibn Abdulazizning ukasi Ahmad ibn Abdulaziz, shuningdek, oldingi valiahd shahzoda Muhammad ibn Noifning ukasi Nevvaf hamda yigirmadan ortiq yuqori martabali shahzodalar mavjudligi sulola ichida yangi «tozalash» amaliyoti o‘tkazilayotganidan dalolat beradi. Bu kabi amaliyotlar mamlakatning bugungi kundagi ichki siyosati va xalqaro maydondagi o‘zgarishlar bilan o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Aqlga kelgan birinchi xayol

Juma kungi hibsga olishlardan so‘ng aqlga kelgan birinchi xayol podshoh Salmonning sog‘ligi bilan bog‘liq xavotir edi. U qarib qolgani va sog‘ligidagi muammolar uzoq vaqtdan beri tashvishlar manbayi bo‘lib kelayotgandi. So‘nggi hibslar bu xavotirlarni yanada kuchaytirib yubordi. OAVda hatto uning o‘limi haqida xabarlar tarqala boshlagandi, ammo u ko‘p o‘tmasdan omma uchun ko‘rinish berdi.

Salmon ibn Abdulaziz 84 yoshda / AFP

Salmondan so‘ng Saudiya taxti jiddiy bir kurash maydoniga aylanishi mumkin. Chunki mamlakat Konstitutsiyasining 5-moddasi Saudiya rejimining tuzilishini mutlaq monarxiya sifatida belgilaydi va Abdulaziz o‘g‘illarining (Muhammad ibn Salmon kabi nabiralarining emas) Saudiya taxtiga da'voda ustuvor huquqlarga egaligini bildiradi. Ya'ni garchi Muhammad ibn Salmon valiahd shahzoda etib tayinlangan bo‘lsa-da, Abdulazizning o‘g‘li – Ahmad ibn Abdulazizning Saudiya Arabistoni taxtiga da'vogarlik qilishi yuridik jihatdan asosga ega.

Mutlaq monarxiyami yoki sulolaviy demokratiya?

So‘nggi voqealar bilan bog‘liq ikkinchi fikr – so‘nggi paytlarda Muhammad ibn Salmonning Saudiya Arabistoni ichki siyosatida tub o‘zgarishlar boshlash orqali uzoq yillik sulola muvozanati ostin-ustin bo‘lishi ortidan sulola a'zolari o‘rtasida reaksiya yuzaga kelishi ehtimolidir. Garchi, Saudiya siyosiy tizimi «mutlaq monarxiya» deb ta'riflangan bo‘lsa-da, boshqaruv sulola a'zolari o‘rtasida o‘zaro muvozanatga asoslangan. Ushbu siyosiy muvozanatga muvofiq, barcha kuchlar podshoh qo‘lida to‘planmagan, ya'ni siyosiy qarorlar sulolaning qudratli a'zolari va podshoh o‘rtasidagi murosaga asoslangan. Yakka odam hukmronligidagi monarxiyalardan farqli o‘laroq, Saudiya tizimini «sulolaviy demokratiya» deb ta'riflash mumkin.

Sulolaning sanog‘i o‘n mingdan oshgan a'zolari demokratik mamlakatlardagi siyosiy partiyalarga o‘xshash shaklda o‘ttiz-qirq «shox»ga ajralib, Saudiya siyosiy tizimida o‘z ta'sir doiralariga ega bo‘lish uchun kurashadilar. Ushbu tizimda sulola a'zolari o‘rtasidagi o‘zaro imtiyozlar va ittifoqlar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozli vaziyatni yengish oson. Ulamo Saudiya siyosiy tizimida juda muhim mavqega ega bo‘lgani sababli qarorlar qabul qilinishida u har doim samarali bo‘lgan.

Muvozanatning buzilishi

Salmon akasi podshoh Abdulloh bilan. 2008 yil / GETTY IMAGES

2015 yilda avvalgi podshoh Abdulloh vafoti ortidan taxtga chiqqan Salmon ibn Abdulazizning o‘g‘li Muhammad ibn Salmonning Saudiya Arabistoni siyosiy tizimida ortib borayotgan kuchi Saudiya tuzumining eng muhim ikki elementi – sulola a'zolari va ulamo siyosiy doiradan chiqarib tashlangan davrni boshlab berdi. Taxt Salmon ibn Abdulazizdan Muhammad ibn Salmonga yengilgina o‘tishini ta'minlash uchun Volid ibn Talal, Mutab ibn Abdulloh singari taxt uchun kuchli da'vogarlar hamda ularga dastak beruvchi sulola a'zolari tizimli ravishda hibsga olindi va ular shu yo‘l bilan sindirildi. Mazkur holat mamlakatda ilgari mavjud bo‘lgan sulola muvozanatini buzib, hokimiyat Muhammad ibn Salmon qo‘lida to‘planishiga olib keldi.

Uch asrlik kelishuv qanday buzildi?

Nazariy jihatdan, podshoh vafot etgan yoki o‘z vazifasini bajara olmagan (sog‘lik bilan bog‘liq muammolar va boshqa sabablarga ko‘ra) taqdirda yangi shohni tanlash sulolaning katta a'zolari ishtirokida tashkil etilgan Sadoqat kengashi (Biat kengashi) tomonidan amalga oshiriladi. Ma'lumki, Ahmad ibn Abdulaziz Muhammad ibn Salmon podshoh etib saylanishiga qarshi eng muhim kengash a'zosidir.

Muhammad ibn Salmon tomonidan ilgari surilgan «mo‘'tadil islom» siyosati Saudiya Arabistoni siyosiy tizimida ham, mamlakatning ijtimoiy tuzilishida ham ulamo roli pasayishiga sabab bo‘ldi. Shunday qilib, «mo‘'tadil islom» siyosati 1744 yilda Saudiya davlatining asoschisi Muhammad ibn Saud hamda Muhammad ibn Abdulvahhob o‘rtasida tuzilgan kelishuvni buzdi va uch asr davomida mamlakat siyosatining eng muhim elementi bo‘lgan ulamoni siyosiy boshqaruvdan chetlashtirdi. Saudiya Arabistoni siyosiy tizimiga putur yetkazildi.

Tarix takrorlanadimi?

Saudiya Arabistonining ichki siyosatidagi mazkur o‘zgarishlar zamonaviy Saudiya asoschisi Abdulazizdan keyingi ilk podshoh Saud ibn Abdulazizning boshiga 1964 yilda nimalar kelganini yodga solmoqda.

1960-yillar Yaqin Sharqda Misr prezidenti Nosir boshchiligidagi sotsialistik arab millatchiligi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi konservativ arab monarxiyalariga eng jiddiy tahdid solgan davr edi. Ayniqsa, 1962 yilda Yamandagi davlat to‘ntarishi, Saudiyaning ittifoqdosh Yaman qirolligini vayron qilib, Misrga o‘xshash respublika tuzumini o‘rnatish harakatlari natijasida Yamanda boshlangan fuqarolar urushi, Saudiyaning ichki siyosatidagi siyosiy ishtirokchilarning Nosirning inqilobiy siyosatiga qarshi tura olmagani Saud ibn Abdulazizdan umid uzilishi bilan yakunlandi. Saud ibn Abdulazizning qobiliyatsiz siyosati tufayli sotsializmning yuksalishidan bezovtalanib, ulamolarning qo‘llab-quvvatlashiga tayangan sulola a'zolari dastlab podshohni saroy to‘ntarishi bilan taxtdan tushirdilar. So‘ng uning o‘rniga Faysal Ali Abdulazizni qo‘ydilar. Bunday voqea Saudiya siyosiy tarixida ilk marta ro‘y berayotgandi: podshoh to‘ntarish bilan taxtdan ag‘darilgan va uning o‘rniga boshqa inson o‘tirgandi.

Global muammolar: koronavirus, neft narxining qulashi

Foto: EPA

2020 yil boshidan dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan ba'zi o‘zgarishlar mamlakatning ichki siyosatida ham, mintaqaviy siyosatda ham Muhammad ibn Salmonning hukmini zaiflashtiryapti. Ulardan eng muhimi – 2019 yil dekabr oyida Xitoyning Uhan shahrida paydo bo‘lgan va tezda dunyoga tarqalgan koronavirus tahdididir. Dastlab oddiy sog‘lik muammosi sifatida qabul qilingan virusning tezlik bilan tarqalishi va vafot etganlar soni kun sayin ortib borishi global iqtisodiyot rivojida jiddiy tashvishlarni keltirib chiqardi.

Ayniqsa, virusning Xitoyda, xususan, dunyo iqtisodiyoti va neftga bo‘lgan talabning yuragi sanalmish Uzoq Sharqda juda tez tarqalishi mintaqada iqtisodiy faollikning sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida Uzoq Sharq mamlakatlarining, birinchi navbatda, Xitoyning neftga bo‘lgan talabini 20-30 foizga pasaytirib yubordi. Ayni paytda Xitoyda neftga bo‘lgan talab pasayishi Saudiya Arabistoniga ko‘proq ta'sir ko‘rsatmoqda, chunki Xitoy o‘zining Fors ko‘rfazi mintaqasi orqali neft importining yarmini qabul qiladi. Ustiga ustak, yaqin muddat ichida neftga bo‘lgan talab tiklanishi ham kutilmayapti.

«Neft zarbasi» qanday oqibatlarga olib keladi?

Mintaqadagi iqtisodiy pasayish Saudiya Arabistoni uchun ikkita muhim oqibatlarga olib keldi. Neftga bo‘lgan talabning jiddiy pasayishi, avvalambor narxlar keskin pasayishiga olib keldi. 2020 yil yanvar oyida taxminan 70 dollarni tashkil etgan neft narxi mart oyining birinchi haftasida 60 foizga tushdi va 30 dollarga yaqinlashdi. Mamlakatning daromadining 90 foizi neftga bog‘liqligini va neft narxlari 80-90 dollarni tashkil etgan taqdirdagina mamlakatda iqtisodiy barqarorlik ta'minlanishi mumkinligini hisobga olsak, «neft zarbasi» mamlakatga chuqur ta'sir ko‘rsatgani oydinlashadi.

Saudiya Arabistoni jiddiy budjet taqchilligi bilan qiynalayotgan bir paytda paydo bo‘lgan neft muammosi mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga katta tahdid solmoqda. Masalan, dekabr oyi boshida e'lon qilingan budjet rejasiga ko‘ra, Saudiya Arabistonining 2020 moliyaviy yil uchun umumiy budjeti 1 trillion 20 milliard rial (272 milliard dollar) etib belgilandi. Bu raqam 2019 yil budjetiga nisbatan ancha past, (1 trillion 48 milliard rial (279,5 milliard dollar). 2019 yilgi maqsadli daromad 917 milliard rial (244,5 milliard dollar)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil 833 milliard rial (222,1 milliard dollar) miqdorida belgilandi. Ushbu raqamlarga diqqat bilan nazar tashlasak, 2019 yilda Saudiya budjeti taqchilligi 35 milliard dollarni, 2020 yilda esa 50 milliard dollarni tashkil qilgan (taxminan 50 foiz ortish). Neft narxlari keskin pasayganini hisobga olsak, budjet taqchilligi ushbu prognoz qilingan ko‘rsatkichdan oshib ketishi kutilmoqda.

Bir qozonda uchta kalla?!

Valiahd shahzoda Saudiya Arabistonini o‘zgartirishni istaydi / REUTERS

Ikkinchidan, so‘nggi voqealar avvalgi paytlarda Saudiya Arabistoni eng katta figura bo‘lgan global energiya bozorida endi uning ta'siri qolmaganini ko‘rsatmoqda. Darhaqiqat, o‘tgan yili Qatarning Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK)dan chiqishi, asosan saudlar nazorati ostida bo‘lgan ushbu institut kuchini ziddiyatli holga keltirib qo‘ydi. Ayniqsa, neft narxi keskin pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ishlab chiqarishni qisqartirish taklifiga Rossiyaning qarshiligi saudiyaliklar siyosatning eng muhim vositasi bo‘lgan energiya kartalarini qo‘ldan boy berganini anglatmoqda. Holbuki, ular o‘tmishda neft narxini istagancha ko‘tarish, pasaytirish qudratiga ega monopollarga aylanishgandi.

Ayni damda AQSh va Rossiya kabi yirik ishlab chiqaruvchilarning global bozordagi mavqeyi qirollikning tashqi siyosatda neft daromadlarini kamaytirish va ishlab chiqarish qisqartirilishini ta'minlash pozitsiyasini yo‘qqa chiqarmoqda. Hozirgi global energiya bozori tuzilmasini diqqat bilan ko‘rib chiqish shuni ko‘rsatadiki, Saudiyaning ishlab chiqarishni qisqartirish rejasi AQSh va Rossiya kabi gigantlar tomonidan uning bozordagi ulushi qo‘lga kiritilishi bilan yakunlanishi mumkin. Shu bois, hafta yakunida Rossiyaning OPeKdan kelgan ishlab chiqarishni qisqartirish haqidagi talabga rad javobini berishi ortidan Ar-Riyod ma'muriyati neft qazib olishni yanada ko‘paytirishga qaror qildi va jahon neft bozorida kuchli raqobatchilarini yo‘q qilish siyosatini tanladi.

Haj va Umra turizmining zaiflashuvi

Uchinchidan, viruslar tahdidi bilan Umra ziyoratining to‘xtatilishi va Masjid al-Harom va Masjid-i Nabaviyning ehtiyotkorlik maqsadida vaqtincha yopilishi iqtisodiy ahvolni xavf ostiga qo‘yib, qirollikni Haj va Umra ziyoratlari tufayli keladigan yillik 25-40 milliard dollarlik daromaddan mahrum qilmoqda. Bu ham iqtisodiy inqirozni chuqurlashtiruvchi ta'sirga ega. Haj va Umra turizmi zaiflashuvining yana bir sababi uzoq yillar davomida Saudiya Arabistoni podshohlarining siyosiy qonuniylik va rahbarlik da'vosiga asos bo‘lgan «Hodimul Haromayn-ush-Sharifayn» (ikki muqaddas masjid xizmatkori) sifatining pasayishidir. Bu holat Saudiya Arabistonining islom dunyosidagi obro‘sini pasaytirishi mumkin.

Hamma-hammasi bir bo‘lib...

Muhammad bin Salmonning tashabbusi bilan boshlangan Yaman urushida paydo bo‘lgan botqoqlik, Jamol Qoshiqchi jinoyatidan so‘ng saudiyaliklarning xalqaro obro‘siga yetgan putur, global energiya bozorida ro‘y berayotgan voqealarning iqtisodga yetkazgan zarari, «mo‘'tadil islom» va ko‘ngilochar sektorni jonlantirish g‘oyasi bilan Saudiya ulamosining hokimiyatga yaqinlashtirilmagani, kuchli markaziy davlatni o‘rnatish fonida qudratli sulola a'zolari siyosiy tizimdan uloqtirib tashlanishi – hamma-hammasi bir bo‘lib Ar-Riyodda ommaviy norozilik yetilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Muhammad ibn Salmon ma'muriyatining muvaffaqiyatsizliklari esa ushbu norozilikning harakatga evrilishini yanada osonlashtiradi. So‘nggi kunlardagi voqealar rivoji Muhammad ibn Salmonning siyosiy doiralarning kuchayib borayotgan noroziligini va hukumatga qarshi harakatlarini chuqur his qilganini ko‘rsatmoqda. Zotan, busiz Saudiya davlatining asoschisi Abdulazizning o‘g‘li, sulolaning eng muhim figurasi – Ahmad ibn Abdulazizning hibsga olinishini tushuntirish mumkin emas.

Otabek Tillayev tayyorladi

Top