11:26 / 11.03.2020
8059

Coca-Cola O‘zbekistonga 31 mln dollar miqdorida investitsiya kiritmoqda

Xorazm viloyati va Toshkent shahridagi zavodlar modernizatsiyasi, mavjud quvvatlarni ko‘paytirish ko‘zda tutilgan

Foto: REUTERS

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd. 2020-2021 yillarda O‘zbekistonga 31 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bunda Xorazm viloyati va Toshkent shahridagi zavodlar modernizatsiyasi, mavjud quvvatlarni ko‘paytirish nazarda tutiladi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd. kompaniyasining mamlakat salqin ichimliklar bozoridagi ulushi 2019 yilda 25 foiz, shirin gazlangan ichimliklar bozoridagi ulushi 50 foizdan yuqori bo‘ldi. Kompaniyada salqin ichimliklar ishlab chiqarish hajmi 2018 yilda 38 foizga, 2019 yilda 33 foizga oshdi.  

Bildirilishicha, kompaniya 2019 yilda jahonning yetakchi xorijiy tadqiqotchi kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatning salqin ichimliklar  bozorida o‘rganishlar olib bordi. Unga ko‘ra, kelgusi 10 yillikda aholi sonining o‘sishi, daromadlarning oshishi hamda hududlarning turistik salohiyati kengayib borishi hisobiga salqin ichimliklar sotish bozori xajmi 1.8 barobarga ko‘payishi kutilmoqda. 

Rejalashtirilayotgan loyihalar hududlarda aholi bandligi darajasini oshirishga, ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha logistika xarajatlarni iqtisod qilishga, respublikaning janubiy va g‘arbiy hududlari aholisini salqin ichimliklar bilan yanada kengroq ta'minlashga, ishlab chiqarish zavodlari joylashgan hududlarda soliq tushumlarini ko‘payishiga imkon yaratadi.  
    
Avvalroq, YeTTB O‘zbekistonda Coca-Cola’ni xususiylashtirish ustuvor ahamiyatga ega emasligini ma'lum qilgandi.

Top