09:19 / 11.03.2020
2864
Ekologiya qo‘mitasi raisi barcha daraxtlarni ID-kartalar bilan belgilashni taklif qildi

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi mamlakatdagi barcha daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni ID-kartalar bilan belgilash hamda ularga mas'ullarni aniqlab berish tashabbusi bilan chiqdi 

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati

2020 yil 10 mart kuni Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Shavkat Abdurazzoqov OAV vakillari, jamoat tashkilotlari hamda blogerlar bilan uchrashdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘mita raisi mavjud muammolar yuzasidan jamoat tashkilotlari, OAV vakillari hamda blogerlarning fikrini o‘rganish, atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi hamda unga muvofiq ravishda strategiyani ishlab chiqishda e'tiroz hamda takliflarni e'tiborga olish muhim ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Chiqindilar bilan bog‘liq tizim yetarli darajada ishlamayotganligiga urg‘u berildi. Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi va tegishli mutasaddilar tomonidan joriy yilning 8 mart kuni Ohangaron tumanida joylashgan Toshkent shahar maishiy chiqindi poligonidagi holat joyiga chiqib o‘rganildi. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan maishiy chiqindi poligoni sanitar holat qoniqarsiz ekanligi sababli hududda obodonlashtirish hamda uning atrof-muhitga salbiy ta'sirini oldini olish chora-tadbirlarini belgilandi. 
Xususan:

poligondagi chiqindilarning tarkibini hamda atrof-muhitga keltirayotgan ta'sirini o‘rganish ishlarini olib borish;

chiqindi poligoni hududini xususiy chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarni jalb qilgan holda biriktirib berish va buning natijasida chiqindilarni qayta ishlash orqali poligon kengayishining oldini olish;

respublika shaharlarida sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan «Toza hudud» va «Maxsustrans» DUKni davlat-xususiy sherikchilik sharti bilan tadbirkorlik sub'yektlariga biriktirib berish shular jumlasidan.

Shu bilan birga, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun mas'uliyatni, jarimalar miqdorini oshirish, huquqbuzar shaxslarga nisbatan qat'iy jazo choralarini belgilash davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri ekanligi ta'kidlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi mamlakatdagi barcha daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni ID-kartalar bilan belgilash hamda ularga mas'ullarni aniqlab berish tashabbusi bilan chiqdi. Jarayon murakkab bo‘lsa-da, uni amalga oshirish dolzarb ekanligi bayon etildi. Mazkur tadbir uchun Qo‘mita tizimidagi 300 ta inspektorning jalb etilishi hamda unda barcha istak bildirgan OAV vakillari, blogerlar ishtirok etishi mumkinligi ma'lum qilindi. 

Tashrif buyurganlar sohada yuzaga kelgan muammolar hamda ularni hal etish yuzasidan takliflarni berdi.

Respublikada ekologik ta'limni rivojlantirish, ekologik madaniyatni oshirish, jamoat ekologik nazorati inspektorlarining faoliyatini samarali tashkil etish, ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, kompensatsion to‘lovlardan tushayotgan mablag‘lar sarflanishining shaffofligini ta'minlash, jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirishni ta'minlash, shuningdek, O‘zbekistonda AES qurilishi munosabati bilan jamoat eshituvini tashkil etish, daraxtlarning noqonuniy kesilishiga barham berish, javobgarlikni hamda jarimalar miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar berildi.

Top