13:06 / 11.03.2020
12306
Fuqarolarga yerlar hududlar xususiyatini inobatga olgan holda ajratilishi mumkin

Yangi tahrirdagi Yer kodeksida yer maydoni differensiatsiya tamoyili asosida ajratilishi ko‘zda tutiladi. Bu yer ajratishda hududning o‘ziga xosliklari inobatga olinishi, Andijonda ham, Surxondaryoda ham bir xil hajmli yer maydoni ajratilmasligini anglatadi

Abdushukur Abdullayev / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Bu haqda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev 10 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat  soati”dagi hisobotida ma'lum qildi.

“To‘g‘ri, qishloq joylarda yer maydonlari katta xonadonlar juda ko‘p. Qonunchilikka ko‘ra olti sotixni turarjoyga, ortiqchasini tomorqa qilib beriladi. Lekin aynan mana shu norma ayni paytda biror bir hujjatimizda aks etmagan. Yangi qonunchilik hujjatlariga shu me'yorni kirityapmiz, chunki 2019 yil 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan imoratlarga “amnistiya” e'lon qilinganda xuddi shu sabab tufayli o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yerlarini qonuniylashtirib olish uchun ariza bilan murojaat qilmagani ma'lum bo‘ldi. 

Shu sababli buni qonunchilikka yer maydonlarini hududlarning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda taqsimlashni norma sifatida kirityapmiz. Chekka joylarda yer maydonini olti sotix qilib berish aholini qoniqtirmaydi. Yangi tahrirdagi Yer kodeksida yer ajratishda differensiatsiyalashni ko‘zda tutganmiz”, deydi u.

“Hukumat  soati”da deputat Odinaxon Otaxonova O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi qarori va 2019 yil 17 iyundagi farmonida 2020 yilda yaylovlar qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish hisobidan ozuqabop ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun chorvachilik xo‘jaliklariga chorva mollarining bosh soniga qarab ajratib berilishi ko‘zda tutilganini eslatib, Andijon hamda Namangan viloyatlarida bunday yerlar mavjud emasligiga e'tibor qaratdi va ushbu vaziyatda prezident farmoni ijrosi qanday ta'minlanishi bilan qiziqdi.

“Haqiqatan ham vodiydagi viloyatlarda, ayniqsa, Andijon viloyatida yer juda ham cheklangan. Bunday vaziyatlarda ana shunday yerlari bor boshqa yaylovi bor joylardan yer ajratilishi ta'minlanadi. Masalan, Ohangaron tumanida juda katta yaylov maydonlari bor. Shu sababli Andijon va Namangandagi chorvachilik xo‘jaliklariga yer maydonlari beriladi”, deydi Abdushukur Abdullayev.

Top