19:52 / 11.03.2020
0
5034

Italiya hukumati koronavirusga qarshi kurashga 25 mlrd yevro ajratishga qaror qildi

Italiya hukumati koronavirus epidemiyasi oqibatlarini bartaraf etish uchun 25 mlrd yevro ajratishga qaror qildi. Pullar birdaniga sarflanmay, koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yengish uchun bosqichma-bosqich ajratib boriladi.

Foto: AFP

Bu haqda Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte ma'lum qildi.  

“Biz aqlbovar qilmas summa – 25 mlrd yevro ajratmoqdamiz. Ular birdaniga sarflanmaydi”, deb ma'lum qilgan Konte.

Dastlab gap 7,5 mlrd yevro ajratilishi haqida borgan, biroq hukumat summani oshirishga qaror qilgan.

Hukumat 13 martgacha 12,5 mlrd yevrolik birinchi paket ajratilishini ma'qullashi rejalashtirilgan. Qolgan summa esa qo‘shimcha choralar uchun zaxiralab qo‘yiladi. 

Amaldorlar pullarni epidemiya tufayli kiritilgan cheklovlar vaqtida vaqtinchalik ishsiz qolganlarga yordam, kichik va o‘rta biznesni kreditlash kafolat jamg‘armasiga, oboroti 25 foizga kamayib ketgan kompaniyalarga kompensatsiya to‘lash uchun yo‘naltirishni muhokama qilishmoqda. Shuningdek, ipoteka va kreditlar bo‘yicha to‘lovlarga moratoriy kiritish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.  

10 mart kuni butun Italiya bo‘ylab umummilliy karantin joriy qilindi. Mamlakatda maktablar, oliy ta'lim muassasalari, madaniy muassasalar yopildi, ommaviy tadbirlar bekor qilindi, restoranlar va barlar odatdagidan avvalroq yopiladi. Fuqarolarga jamoat joylarida bir-birlaridan bir metrdan ko‘proq masofada saqlanish hamda imkoni bo‘lsa, uydan ishlash tavsiya qilingan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top