18:20 / 11.03.2020
0
10984
Kun o‘yinlari: «Liverpul» «Enfild»ga ishonmoqda, «PSJ» Neymardan mo‘jiza kutmoqda

Bugun turnirning ikki favoriti keyingi bosqichga chiqish uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: AFP

Muxlislar bor so‘nggi o‘yin
Katta ehtimol bilan «Liverpul» va «Atletiko» Chempionlar ligasining bu bosqichida tribunada muxlislar o‘tiradigan so‘nggi o‘yin bo‘lib qoladi. Bu esa mezbon jamoa uchun muhim omildir. Bu mavsumda «Enfild» «qizillar» uchun haqiqiy qal'aga aylandi. Premer-ligada — 15 o‘yinda 15 g‘alaba, to‘plar nisbati: 40-15, Chempionlar ligasida — ikki g‘alaba va «Napoli»ga qarshi o‘yindagi durang. Havas qilgulik raqamlar.

Ammo «Enfild» muxlislarsiz o‘z sehrini yo‘qotadi — axir 50 ming kishi You'll never walk alone qo‘shig‘ini kuylab turmasa futbolchilarda shijoat paydo bo‘larmidi. Hozir shunday sehr «Liverpul»ga juda zarur, jamoa APLda fevral oyidagi kichik tanaffusdan keyin juda yomon o‘yin ko‘rsatmoqda. Mag‘lubiyatlar seriyasi autsayder ustidan g‘alaba bilan yakunlandi. Lekin shanba kungi «Bornmut»ga qarshi o‘yin ( 2:1) xavotirlarni aritgani yo‘q.

Muxlislar ko‘magi to‘g‘risida «Liverpul» ustozi Yurgen Klopp ham aytib o‘tdi.

«Atletiko» futbolchilarining ko‘pchiligi avval «Enfild»da to‘p surmagan va biz bundan foydalanishimiz kerak. Tribunalardagi qo‘llab-quvvatlov — biz uchun katta ustunlik beradi. Men «Atletiko»ga katta hurmat bildirgan holda bu fikrimni aytmoqdaman. Ular chuqur himoyalanishadi va ajoyib qarshi hujumlar uyushtirishadi. Ularning har bir futbolchisi xavfli. Ammo istalgan raqibni mag‘lub etish mumkin, biz buning yo‘lini topishimiz kerak. Biz birinchi o‘yindan qanday saboq chiqarganimizni ko‘rsatib berishimiz darkor», — degan Klopp.

Jamoa sardori Jordan Henderson yordamga yetib keldi. U maydondaligida «Liverpul» yarimhimoyasidan xotirjam bo‘lish mumkin — bu mavsumda Hendo hujumda ham, himoyada ham ajoyib o‘yinlar ko‘rsatmoqda. «Bornmut»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Endi Roberson ham maydonga tushishi kutilmoqda. Yagona muammo — asosiy darvozabon Alissonning yo‘qligidir. Braziliyalik futbolchi belini jarohatlab olgan. Uning o‘rniga darvozani qo‘riqlaydigan Adrianning bu mavsumdagi harakatlari esa ishonchli emas — bir hafta muqaddam u Angliya Kubogida «Chelsi»ga qarshi o‘yinda o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yuborgan, o‘yin oxirida ham jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan zarbaga qarshi hech narsa qila olmagandi.

Ammo «Liverpul» fanatlarini statistika xursand qilishi mumkin — «qizillar» Chempionlar ligasi pley-offida birinchi o‘yinni boy bergan ikki mahal ham javob uchrashuvida kerakli natijaga erisha olishgan.

Liverpul — Atletiko
12 martga o‘tar kechasi. Liverpul. «Enfild» stadioni. 00:01. (UzReport Live — 00.50).
Hakam: Makkeli (Niderlandiya)
Birinchi o‘yin: 1:0

Parij halokat yoqasida

Foto: AFP

«PSJ» va «Borussiya» D uchrashuvi esa COVID-19 tufayli bo‘sh qoladigan «Park de Prens» stadionida o‘tkaziladi. Parijliklar uy stadionida baribir «Enfild»dagi kabi aura bo‘lmasdi, ammo — umuman odam yo‘q stadionda o‘ynash qiyin. Qolaversa, statistika ham parijliklar foydasiga emas — jamoa shu vaqtgacha YeChL pley-offida birinchi o‘yinni boy berganidan keyin hech qachon keyingi bosqichga o‘ta olmagan.

Agar bu safar ham shunday bo‘lsa, «PSJ» qatorasiga to‘rtinchi yil turnirni 1/8 finalda to‘xtatadi, bu esa loyihaning barbod bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin. Jamoa rahbarlarini ichki maydonlardagi trebl ham xursand qila olmaydi — poytaxt klubi ko‘p yillardan buyon Fransiya chempionatida gegemon bo‘lib kelmoqda, jamoa bu mavsumda ham chempionat turnir jadvalida ishonch bilan yetakchilik qilmoqda, shuningdek, Fransiya Kubogi hamda Liga Kubogi finaliga chiqqan. Lekin loyiha bu turnirlarni yutish uchun tuzilmagan, shu turnirlar uchungina Zlatan Ibrahimovich, Anxel Di Mariya, Neymar, Mbappe va boshqa yulduzlar olib kelinmagan.

Jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxelni Dortmunddagi o‘yinda uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynagani uchun qattiq tanqid qilishmoqda, qolaversa, u jamoa futbolchilari bilan munosabatini yomonlashtirib olgan, agar bugun kerakli natijaga erisha olmasa, u mehnat bozorida ish qidirishga kirishsa ham bo‘laveradi.

O‘yinni diskvalifikatsiya tufayli parijliklarning maydon markazidagi muhim futbolchisi Marko Verratti o‘tkazib yuboradi, jamoa sardori Tiagu Silva esa maydonga og‘riq qoldiruvchi ukol qabul qilgan holda tushishi mumkin. Kilian Mbappe esa tomoq og‘rigi tufayli jamoaning so‘nggi mashg‘ulotlarida qatnaga olmagandi. U 10 mart kuni koronavirusni aniqlash bo‘yicha test topshirdi, unda virus aniqlanmadi. 

Faqatgina Neymarning sehriga umid qilish qoladi — braziliyalik futbolchi Parijga bejiz kelmaganini isbotlashi kerak. To‘g‘ri, «Borussiya» hozir juda yuqori formada — barcha turnirlar doirasida so‘nggi besh o‘yinda besh g‘alaba. Qolaversa, «PSJ»dan farqli ravishda dortmundliklarda bosim yo‘q.

PSJ — Borussiya D
12 martga o‘tar kechasi. Parij. «Park de Prens» stadioni. 00:01
Hakam: Entoni Teylor (Angliya)
Birinchi o‘yin — 1:2.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentyabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top