14:03 / 11.03.2020
0
4018
Mercy Corps O‘zbekistonda yana davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Filial AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda ta'lim va bolalar ovqatlanishi uchun oziq-ovqat mahsulotlari” loyihasini 2020-2025 yillarda amalga oshirishni rejalashtirmoqda

2020 yil 9 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti Mehribonlik Korpusi (Mercy Corps)ning (AQSh) O‘zbekistondagi filiali davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Filial ustaviga muvofiq, uning asosiy maqsadlaridan biri qishloq va shaharlardagi oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida xususiy, davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatish va yanada mustahkamlash, shuningdek, ta'lim muassasalarining o‘qitish, mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilash uchun Hukumat bilan hamkorlikda ta'lim sifatini oshirishdir.

Filial AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda ta'lim va bolalar ovqatlanishi uchun oziq-ovqat mahsulotlari” loyihasini 2020-2025 yillarda amalga oshirishni rejalashtirayotganligini bildirdi.

Mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi maktabgacha ta'lim muassasalarida mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilashga mo‘ljallangan.

Filialning faoliyati asosan qishloqlarda va imkoniyati cheklangan hududlardagi 410ta maktabgacha ta'lim muassasalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu muassasalarda ta'mirlash-qurilish ishlari olib boriladi, shuningdek, ular suv ta'minoti va sanitariya holatini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Mehribonlik Korpusi O‘zbekistonda 10 yil avval o‘z faoliyatini to‘xtatgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top