10:39 / 11.03.2020
0
42049
MH17 bo‘yicha sud boshlandi: Rossiyaga qarshi jiddiy dalillar ko‘rsatilmoqda

Niderlandiyada 2014 yil Donetsk osmonida urib tushirilgan «Boing 777» ishi bo‘yicha sud boshlandi. Hozircha 4 kishi ayblanuvchi sifatida ko‘rilmoqda. Ulardan uch nafari Rossiya, bir nafari Ukraina fuqarosi. Ammo ayblanuvchilar sudda qatnashmaydi, ulardan faqat bir nafari videoaloqa orqaligina ko‘rsatma berishga rozi bo‘lgan.

DEAN MOUHTAROPOULOS/GETTY IMAGES

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan 2014 yilning 17 iyul kunida Donetsk osmonida Malaysia Airlanes aviakompaniyasiga qarashli «Boing 777» halokatga uchraydi. Layner Amsterdamdan Kuala-Lumpurga belgilangan parvozni amalga oshirayotgan vaqtda urib tushirilgan. Bortdagi 298 yo‘lovchining barchasi halok bo‘ladi. Ular orasida Niderlandiyaning 192 nafar, Malayziyaning 44 nafar, Avstraliyaning 27 nafar fuqarosi bor edi. Shuningdek, yana 7 mamlakat fuqarolari «Boing 777» qulashi oqibatida halok bo‘lgandi.

Samolyot «Buk» zenit-raketa majmuasi (Rossiyada ishlab chiqarilgan) bilan urib tushiriladi. Bu aviahalokat talafot borasida 2001 yil 11 sentyabrdagi halokatdan keyingi eng yirigi bo‘lgandi. Niderlandiya samolyotdagilarning aksari o‘z fuqarolari bo‘lgani sabab bu ishga jiddiy kirishdi va shu bois aynan Niderlandiyada ish yuzasidan sud boshlandi. VVS voqea tafsilotlarini tahlil qildi.

Kimlar ayblanmoqda?

AFP

Niderlandiya tomoni olib borgan surishtiruvga ko‘ra, samolyotni urib tushirishda quyidagi odamlar qatnashgan bo‘lishi mumkin:

* Sergey Dubinskiy. Rossiya fuqarosi. Rossiya davlat razvedka xizmati (GRU)ning iste'fodagi ofitseri.

* Oleg Pulatov. Rossiya fuqarosi. Rossiya havo desantchi kuchlari (VDV)ning zaxiradagi podpolkovnigi.

* Leonid Xarchenko. Ukraina fuqarosi. DXR (Donetsk xalq respublikasi) razvedka maxsus kuchlari komandiri.

* Igor Girkin (Strelkov). Rossiya fuqarosi. FSBning iste'fodagi ofitseri. DXR mudofaa vaziri.

Dubinskiy, Pulatov va Strelkov Rossiyada, Xarchenko esa Ukrainaning hukumat kuchlari nazoratida bo‘lmagan qismida yashaydi. Ularning barchasi xalqaro qidiruvga berilgan. Sergey Dubinskiy o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan: «Armiyaga biroz bo‘lsa ham aloqasi bo‘lgan odam transportirovka bilan shug‘ullangan razvedkachi uchun «Buk»ni o‘rnatish fantastika ekanini tushunadi».

Igor Girkin: «Axir bu katta ishda kimdir «qurbonlik echkisi» sifatida tanlanishi kerak edi. Shu bois men va xuddi men kabi umuman bu ishni qilishi mumkin bo‘lmagan odamlar ayblanmoqda».

Ular nimada ayblanmoqda?

AFP

Niderlandiya prokuraturasi ularning to‘rtovini ham 298 kishi o‘limida ayblamoqda. Mamlakat prokurori bu haqda shunday deydi: «To‘g‘ri, bu to‘rt kishi raketani harakatga keltirgan tugmani bosmagan, lekin qurol yetkazilishida vositachilik qilishgan. Shu bois ularni «Boing» halokatida ayblashga asoslar yetarli».

«Boing 777» halokatini o‘rganish uchun tashkil etilgan xalqaro surishtiruv guruhi samolyot «Buk» zenit-raketa qurilmasi yordamida urib tushirilgan degan xulosaga kelgan. Shuningdek, xulosada samolyot Ukraina hududidan urib tushirilgani, «Buk» esa Rossiyadan olib kelingani aytilgan. Niderlandiya prokuraturasining ma'lum qilishicha, gumondorlar raketani olib kelish va samolyotni urib tushirish uchun qulay joy tanlashda bosh-qosh bo‘lishgan.

Niderlandiya politsiyasi tergov bo‘limi boshlig‘i Endi Kraag ish yuzasidan shunday deydi: «Biz uzoq vaqt mashaqqat bilan to‘plagan dalillarimizni nihoyat sudga taqdim etamiz. Bu biz uchun juda muhim ish. Sud bizning ayblovlarimizni tasdiqlaydimi yoki yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi, lekin hozir bizning butun diqqatimiz sudga qaratilgan. Bu katta jinoyatda barcha zanjirlarni bog‘lashni, oxir-oqibat raketani otishga kim buyruq berganini aniqlashni istaymiz».

Endi Kraag tergovchilar MH17 halokatida aybdorlarning barchasini topish niyatida ekanini aytgan

MH17 reysi bilan uchgan «Boing» halokati oqibatida o‘g‘li, xotini va nabirasini yo‘qotgan Anton Kotte shunday deydi: «Umid qilaman, hamma ayblovlar o‘z isbotini topib aybdorlar jazolanadi. Rossiya aybdormi? Bu haqda hozir aniq ayta olmayman, lekin biz Rossiyaning ishga aloqadorligi haqida juda ko‘p ma'lumot to‘pladik. Rossiya tomoni esa «pichoqqa ilinadigan» rad etuvchi dalillar keltira olmadi. Albatta, biz yaqinlarimizni qaytara olmaymiz, ammo 2014 yilning 17 iyulida aslida nima bo‘lganini bilishimiz kerak. Nima bo‘lganda ham, mana shunday sud o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan ozod mamlakatda yashayotganimdan baxtliman».

Anton Kotte aviahalokat tufayli uch nafar yaqinini yo‘qotgan

Halokatda uch nafar yaqinini yo‘qotgan Anton Kotte MH17 reysi bo‘yicha uchgan «Boing 777» samolyotida qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga yordam berish va surishtiruv ishlarida ko‘maklashish maqsadida maxsus fond ham tashkil etgan.

Sud Niderlandiya qonunlari asosida o‘tadi, chunki halok bo‘lgan 298 odamdan aksari (192 nafari) shu mamlakat fuqarosi bo‘lgan. Surishtiruv ishlarida fojia oqibatida eng ko‘p fuqarolarini yo‘qotgan Niderlandiya, Avstraliya, Malayziya va Belgiya vakillari qatnashgan. Shuningdek, halokat Ukrainada yuz bergani sabab bu davlat mutaxassislari ham surishtiruv ishlariga jalb qilingan. Ammo Rossiyadan hech kim surishtiruv ishlariga chaqirilmagan. Bu esa Moskvaning keskin e'tirozlariga sabab bo‘lib, Rossiya surishtiruv natijalarini o‘z vakillari unda qatnashgan holatdagina haqiqiy deb topishini bildirgan.

Tergov hujjatlari hozirgacha 30 ming sahifadan oshib ketgan. Ishni 5 nafar sudya ko‘rmoqda. Ulardan uch nafari doimiy bo‘lsa, ikki nafari o‘rinbosar maqomida. Sudda ayblanuvchilarning birortasi ko‘rinish berishi qiyin masala, ammo Oleg Pulatov (Rossiya armiyasi havo desantchi kuchlari zaxiradagi podpolkovnigi) videoaloqa orqali ko‘rsatma berishga va prokuror bilan advokat orqali gaplashishga rozi bo‘lgan. Huquqshunoslar keyinchalik shaxsiy hayotlarida muammo bo‘lmasligi uchun shunday qilishgan.

Yashirin guvoh

Sud ishni ko‘rishga shoshmayapti va 23 martgacha tanaffus e'lon qilindi. Ammo hali Niderlandiya tomoni «asosiy kartasi»ni ochmadi. Prokuror Fred Vesterbekning aytishicha, ularda raketa uchirilishini ko‘rgan guvoh bor: «Bizda raketa uchirilishini ko‘rgan kamida bitta guvoh bor. Ularning umumiy soni haqida hozir ayta olmayman».

Chalg‘itish uchun ikkita «Buk» yuborilganmidi?

Tergovchilar samolyot «Buk» zenit-raketa majmuasi orqali urib tushirilgan fikrda
EMMANUEL DUNAND/AFP VIA GETTY IMAGES

Ish davomida bir qator murakkabliklar kelib chiqishi aniq, chunki samolyotni urib tushirgan guruh juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, chalg‘ituvchi harakatlarni amalga oshirgan.

Bu chalg‘itishlar chindan murakkabliklar keltirib chiqarishni boshlagan. Masalan, Bellingcat surishtiruv guruhi 2018 yil «Boing»ni urib tushirish uchun olib kelingan «Buk»ni Ukraina hududiga olib kelish bilan GRU ofitseri Oleg Ivannikov shug‘ullanganini ma'lum qilgandi. Ammo 9 mart kuni o‘tkazilgan sud majlisida prokuror Ivannikov nazoratidagi «Buk» zenit-raketa kompleksi Donetskgacha yetib bormaganini aytdi.

Niderlandiya ayblanuvchilar ekstraditsiyasi bo‘yicha Rossiya hukumatiga murojaat qilmoqchi emas. Chunki ular Rossiya qonunlariga ko‘ra, mamlakat fuqarolari boshqa mamlakatga ekstraditsiya qilinmasligini yaxshi bilishadi. Niderlandiya prokuraturasi MH17 reysi bilan uchgan «Boing 777» qurbonlarining yaqinlari bilan uchrashuvda sud 1,5-2 yil davom etishi, agar to‘xtalishlar ko‘payib ketsa, u 4-6 yilga cho‘zilishini aytishgan.

9 mart kuni boshlangan sud majlisiga Niderlandiya sudi tarixidagi eng katta ish deb baho berishmoqda. Unga bo‘lgan qiziqish shu darajada kattaki, halokat qurbonlarining yaqinlari sud majlisiga navbat asosida kiritilmoqda.

«Boing» MN17 2014 yil yozida Ukraina janubi-sharqida urib tushirilgan va 298 kishi halok bo‘lgan.
2015 yil iyulida Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida ushbu aviahalokatni tekshirish bo‘yicha xalqaro tribunal tuzish taklifiga rozilik bildirmagan

Rossiya o‘zining MH17 reysi bilan uchgan «Boing 777» halokatida aybdor ekanini keskin rad etib keladi. Rossiya tomoni samolyot urib tushirilishiga aloqasi yo‘qligini isbotlovchi hujjatlarni Niderlandiyaga yuborganini aytadi, ammo niderlandiyaliklar bu ma'lumotlarni rad etib keladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top