20:05 / 12.03.2020
0
6486
Buxoroda turkiyalik haydovchini kaltaklagan shaxslarga jinoiy ish ochildi

Turkiyaning G‘oziantep viloyatida yashovchi, ushbu davlatdagi «Nedim Lojistik» MChJda yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlaydigan 64 yoshli D.M. Buxoroda mahalliy cho‘ponlar tomonidan besabab kaltaklangan.

Foto: Jondor tumani IIB

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, voqea 2020 yilning 9 yanvar kuni soat 19:10larda sodir bo‘lgan.

Shu kuni D.M. o‘z boshqaruvida bo‘lgan «Mercedes Benz» rusumli TR27-AFe13 davlat raqam belgili yuk avtomashinasida M37 «Samarqand – Ashxobod – Turkmanboshi» xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining Jondor tumani «Qozikenti» MFY hududidan o‘tuvchi 303 kilometriga yetganida shu tumanning «Xumin» mahallasida yashovchi, 32 yoshli X.G. uning boshqaruvidagi avtomashina old oynasiga tosh otgan. Shundan so‘ng, D.M. avtomashinasini yo‘lning o‘ng tomon chetiga olib, to‘xtashga majbur bo‘lgan.

Shunda X.G hamda u bilan bir mahallada yashovchi, birga spirtli ichimlik iste'mol qilgan mast holatdagi 32 yoshli B.A. va 31 yoshli R.J. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan avtomashina haydovchisi D.M.ga hujum qilib, bezorilik jinoyati sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» va «d» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top