13:42 / 12.03.2020
21843
Fazliddin Umarov: «QQS avtomobil narxi oshishiga ta'sir qildi deyilishi to‘g‘ri emas»

12 mart kuni Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida «Amalga oshirilgan soliq islohotlarining tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga va ishbilarmonlik muhitiga ta'siri» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Fazliddin Umarov / Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Unda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari UzAutoMotors avtomobillari narxining oshishiga QQSning ta'siri bo‘yicha izoh berdi.

“Qo‘shilgan qiymat solig‘i narxlar oshishiga ta'sir qildi deyilishi unchalik ham to‘g‘ri emas. Nimaga? Ilgari fuqaro avtotransportni sotib olgandan keyin davlat raqamini olishni rasmiylashtirishda mashina qiymatidan 3 foizlik soliq to‘lar edi. Mana shu bekor bo‘ldi. Mana shu summaga mos ravishda avtomobil sanoatiga bu summa o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda, mashina ishlab chiqarish bilan bog‘liq aksiz solig‘i ham bor edi. Aksiz solig‘i ham bekor qilindi.

Agar QQS mashinaning oshishiga asosiy ta'sir qiluvchi omil sifatida ko‘rsatadi desak, nega “Damas”ning narxi 15 foiz emas 20 foizga oshdi-yu, lekin boshqa qimmat mashinalarning narxi oshmadi? Ularda QQS yo‘qmi? Bu munosabat unchalik ham to‘g‘ri emas. 

Aynan hozirgi holatda QQSning avtomobil narxining oshishiga ta'siri yo‘q. Chunki QQS imtiyoz bekor qilinishi bilan bir qatorda, 3 foizlik davlat boji bekor qilindi, u avtosanoatga o‘tkazib berildi, bundan tashqari, mashina ishlab chiqarish bilan bog‘liq aksiz solig‘i ham bekor qilindi”.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining aytishicha, mashina ishlab chiqarish bilan bog‘liq aksiz solig‘i aksiz solig‘i 3 foizni tashkil qiladi. 

“Korxona 15 foizlik QQS to‘layapti, 6 foizi yopildi degani emas. Korxona QQS to‘lashda barcha 15 foizlik yuk korxonaga tushmaydi. Korxona ishlab chiqarish bilan qilgan xarajatlarda buni hisobga oladi. QQSning umumiy “nagruzkasi” 5-6 foizdan oshmaydi», - deya qo‘shimcha qildi Fazliddin Umarov.

Top