11:22 / 12.03.2020
0
2458
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibi qanday?

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish uni to‘lashni kechiktirish yoki teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash shaklida amalga oshiriladi.

Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati vakolatli organning qarori qabul qilingan sanada mavjud soliq qarzi summasiga yoki kelgusida yuzaga keladigan soliqlarni to‘lash majburiyatiga nisbatan beriladi.

Soliqlarni to‘lash muddatlarining o‘zgartirilishi soliq to‘lash bo‘yicha mavjud majburiyatlarni bekor qilmaydi va yangi majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, aylanmadan olinadigan soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lov muddatlarini yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga o‘zgartirish vakolatiga ega.

Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati quyidagi asoslardan loaqal bittasi bo‘lganda berilishi mumkin:

manfaatdor shaxsga tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganda;

manfaatdor shaxsni budjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish kechiktirilganligi yoki ushbu shaxs tomonidan bajarilgan davlat buyurtmasi, davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlar haqini to‘lash kechiktirilganda;

manfaatdor shaxs soliqni bir yo‘la to‘lashi oqibatida uning nochorligi (bankrotligi) alomatlari paydo bo‘lishi xavfi yuzaga kelganda;

jismoniy shaxsning mulkiy holati (qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mulk hisobga olinmaganda) soliqni bir yo‘la to‘lash imkoniyatini istisno etganda;

manfaatdor shaxs tomonidan tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish mavsumiy xususiyatga ega bo‘lganda;

manfaatdor shaxsga soliqlarni to‘lash muddatini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, belgilangan to‘lash muddatiga qadar to‘liq to‘lash uchun asoslari va ta'minlash usullari mavjud bo‘lgan hollarda beriladi.

Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ushbu bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida keltirilgan asoslar bo‘yicha berilganda foizlar hisoblanmaydi, to‘rtinchi – yettinchi xatboshilarda keltirilgan asoslar bo‘yicha berilganda foizlar hisoblanadi.

To‘lash muddati kechiktirilgan yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan soliq summasiga Markaziy bankning amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasiga teng stavkadan kelib chiqqan holda foizlar hisoblanadi.

Manfaatdor shaxs soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi ariza bilan soliq majburiyati yuzaga kelgan (keladigan) hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organiga murojaat qiladi.

Ariza belgilangan hujjatlar to‘liq ilova qilingan holda qabul qilinadi. Bunda, keltirilgan hujjatlar to‘liq ilova qilinmasdan berilgan arizalar belgilangan tartibda manfaatdor shaxsga qaytariladi.

Manfaatdor shaxs belgilangan hujjatlarni to‘liq ilova qilgan holda qayta ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Manfaatdor shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi shart:

soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash davri uchun Biznes-Reja va soliqlarni to‘lash grafigi;

manfaatdor shaxs hisobda turgan joydagi soliq organining soliqlar, penyalar va jarimalar bo‘yicha hisob-kitoblari holati to‘g‘risidagi ma'lumotnomasi;

ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organining mazkur shaxsga banklarda ochilgan barcha hisobvaraqlar ro‘yxati ko‘rsatilgan ma'lumotnomasi;

ushbu shaxsning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha ariza berilishidan oldingi olti oy davomida har oylik pul mablag‘lari aylanishi to‘g‘risida, shuningdek uning haqi to‘lanmagan hisob-kitob hujjatlarining tegishli kartotekasiga joylashtirilgan hisob-kitob hujjatlari mavjudligi to‘g‘risida yoxud ushbu kartotekada ularning mavjud emasligi to‘g‘risida banklar ma'lumotnomalari;

ushbu shaxsning banklardagi barcha hisobvaraqlarida mavjud bo‘lgan pul mablag‘larining qoldiqlari to‘g‘risida bank ma'lumotnomalari;

mulkchilik shakli mas'uliyati cheklangan jamiyati yoki aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan manfaatdor shaxslarning ta'sischilari roziligi to‘g‘risida yig‘ilish bayonnomasi;

mulkchilik shakli davlat unitar korxona bo‘lgan manfaatdor shaxslar bo‘yicha Davlat aktivlari agentligining rozilik xati;

ko‘rsatilgan asos bo‘yicha bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar vujudga kelganligi fakti to‘g‘risidagi xulosa hamda ko‘rsatilgan holatlar natijasida ushbu shaxsga yetkazilgan zararni baholash dalolatnomasi, (xulosa va dalolatnomani mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqaro muhofazasi, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi organlari tomonidan tuziladi);

manfaatdor shaxsni budjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish kechiktirilganligi to‘g‘risida Moliya organining ma'lumotnomasi, (ma'lumotnomada budjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish hisobiga ushbu shaxsga kelib tushmagan summani yoki ushbu shaxs tomonidan bajarilgan davlat buyurtmasining, davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlarning haqi to‘lanmaganligini aks ettirilishi lozim);

manfaatdor shaxsning moliyaviy holatini tahlil qilish natijalari bo‘yicha davlat soliq inspeksiyasining muvofiq xulosasi, (Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining “Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishda manfaatdor shaxsning moliyaviy holatini tahlil qilish uslubiyati” asosida amalga oshiriladi);

jismoniy shaxsning ko‘char va ko‘chmas mulki (bundan qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mulk mustasno) to‘g‘risida ma'lumot;

mavsumiy daromadi ulushi umumiy daromadida kamida 50 foizni tashkil etishini tasdiqlovchi hujjat;

bank kafolat xati, garov uchun mulk hujjati yoki uchinchi shaxsning kafillik xati.

Bunda, garovga olinadigan mulklarda “aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar, depozit sertifikatlari, depozitar tilxatlar, opsionlar, fyuchers va forvard kontraktlari, shuningdek qonun hujjatlariga yoki chet davlatning qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar deb e'tirof etiladigan boshqa qimmatli qog‘ozlar” mustasno.

Manfaatdor shaxs arizasiga ilova qilingan hujjatlarning haqqoniyligi soliq organida mavjud tashqi manba ma'lumotlari yoki vakolatli idora va tashkilotlardan so‘rov asosida olingan ma'lumotlar asosida tekshirib ko‘riladi. Bunda, arizaga ilova qilingan hujjatlardagi ma'lumotlar tasdig‘ini topmasa xulosada bu haqda qayd etiladi.

Soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi manfaatdor shaxsning arizasida qarz summasiga hisoblangan foizlarni to‘lash majburiyatini (tadbirkorlik sub'yektining majburiyati hisoblanadi) o‘z zimmasiga olganligi aks ettirilishi lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top