13:49 / 12.03.2020
17624
Oshpazlar va maklerlar ham soliqqa tortilishi mumkinmi? DSQ vakili izoh berdi

Bugun, 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov jurnalistning oshpaz va maklerlarning soliqqa tortilishi haqidagi savolga javob berdi.

Foto: KUN.UZ

“Har qanday tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish kerak. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda alohida soliq rejimlari amal qiladi. Oshpazni oladigan bo‘lsak, tayyorlagan taomini o‘tirib, stol-stul qo‘yib sotadigan joy, ya'ni oshxona bo‘lsa, u albatta yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyatini amalga oshirishi kerak.

Agar iste'molchilar uchun o‘tirib ovqatlanishga sharoit qilmasdan tikka turgan holda, masalan, somsaxona bor, balki oshni ham shunday qilish mumkindir. U holda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini yuritishi mumkin.

Foyda olishni maqsad qilib, faoliyat yurityapti, tadbirkor sifatida [davlat ro‘yxatidan] o‘tishi kerak. Boshqa holatlarda uyida oshpazlik qilsa, unga soliq solinmaydi”, - deya Fazliddin Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U maklerlarning soliqqa tortilishiga ham izoh berdi.

“Makler kim? Uyni olib sotadi, yoki oluvchi va xaridorning o‘rtasida vositachi bo‘ladi. Har ikki holatda ham bu tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi va u albatta davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasa, bu noqonuniy tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi”, - dedi Fazliddin Umarov.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro press-klub bosh prodyuseri G‘ulom Samadov 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada oshpaz, taksichi va maklerlar davlat bergan hamma imtiyozlar – bepul ta'lim, tibbiy xizmatdan foydalansa-da, daromadidan soliq to‘lamasligini ta'kidlab, bu borada jamoatchilik nazoratidan foydalangan holda ularni qanday qilib soliqqa tortish mumkinligi bilan qiziqqandi.

Top