18:59 / 12.03.2020
0
13944

Shahrixonda bir ko‘cha bor: suv yo‘q, yo‘l – «shudgor», elektrda hatto dazmol ishlatib bo‘lmaydi

Aholi vakillarining o‘z yashash hududidagi muammolar haqidagi murojaati ortidan Shahrixon tumani Qoziqo‘rg‘on qishlog‘i Matxoshim ko‘chasida bo‘ldik.

200ta xonadon istiqomat qiluvchi Matxoshim ko‘chasida elektr energiyasi ta'minoti qoniqarsiz holatda, ko‘chalari qishda loy, yozda chang, toza ichimlik suvi esa umuman yo‘q.

Ko‘chada yashovchi ota-onalar farzandlarini bog‘cha va maktabga xavotirda jo‘natib, kutib olishadi. Chunki ko‘chadagi qo‘lbola simyog‘ochlarda elektr simlari odam qo‘li yetadigan joyda osilib turibdi.

Kir mashina ishlatish, kiyim dazmollash uchun elektr quvvatining yetarli emasligini-ku aytmasa ham bo‘ladi.

Ovqat pishirish va ro‘zg‘or uchun suv mahalla chetidagi zovurda chiqayotgan, ichishga yaroqsiz sizot suvli buloqdan tashiladi.

Manzilga yetib borganimizda, bizni shu mahallaning Matxoshim ko‘chasida yashovchi bir guruh fuqarolar kutib turgan ekan. 

«Elektr chatoqligidan muzlatkich, kir yuvadigan mashina, tefal, dazmol ishlata olmaymiz...»

Ular mahallada yillar davomida to‘plangan muammolar haqida gapirib berdi.

«Bizga bu yerlar 2000 yili davlat tomonidan yashash uchun ajratib berilgan. O‘sha yillari ko‘chib chiqqanmiz. Hududda 200taga yaqin xonadon bor. Yillar davomida yashash sharoitimizni yaxshilash uchun o‘zimiz harakat qilib, ko‘chalarimizga shag‘al to‘ktirdik. 10 yil oldin ko‘cha boshiga o‘zimizning aholi vakillari beton simyog‘ochlar o‘rnatdi. Shu simyog‘ochlardan boshqa barcha xonadonlarga qo‘lbola simyog‘ochlar orqali sim tortib olishga majbur bo‘ldik.

Elektr tokining kuchsizligidan, kir yuvish mashinasi u yoqda tursin, hatto dazmol ham ishlata olmaymiz.

O‘tgan yili avgust-sentabr oylarida mahallani «Obod qishloq» dasturiga kirdi, deyishdi. Beton simyog‘ochlar olib kelishdi. Aksariyat qismini o‘rnatishdi. Qolganlari esa turgan joyida shunday turibdi. Yiqilib, qiyshayib, sinib ketganlari ham bor. O‘rnatilgan simyog‘ochlari talabga javob bermaydi. Hali simlari ham tortilmagan.

Qishda uylarimizni isitish ham muammo bo‘ldi. Tabiiy gaz yo‘q. 20 yil ichida toza ichimlik suvi ham yetib kelmadi. Ro‘zg‘or uchun dala chetida chiqqan zax buloq suvidan foydalanamiz.

Gohida bu buloqda ham suv yo‘q bo‘lib qoladi. Shunda zovur suvlarini tindirib ichishga to‘g‘ri keladi», – deydi Mo‘ydinjon Hasanov.

«Shu yerda istiqomat qilayotganimizga 10 yildan oshdi. Simyog‘ochdagi simlar osilib yotibdi. Yosh bolalarni har kuni bog‘cha va maktabga jo‘natamiz. Ularni jo‘natgach, uyda xavotirlanib o‘tiramiz.

O‘tgan yili «elektroset» xodimlari kelishdi. Uyimiz oldidagi daraxtlarni kestirishdi. Lekin simyog‘ochlar o‘rnatilmadi. O‘shandan beri hali xabar olishgani yo‘q.

Elektrchilar qachonki «dod» deb borsangiz, keyin keladi. Aholi 6 yildan beri arz qilib keladi», deydi Xolmirza ota Ergashev.

«Kechki payt «tok» ko‘p o‘chayotgani va quvvati pastligi sababli farzandlarimiz dars tayyorlashga qiynaladi. Ularni maktabga jo‘natish uchun kiyimlarini yuvib, dazmollab berishimiz kerak-ku.

Biz ham farzandlarimiz oppoq va dazmollangan ko‘ylaklarda o‘qishga borishini xohlaymiz», – deydi Gulzodaxon Rahimova.

«Onam xaltaga poyabzal solib beradi»

Ko‘cha yo‘lida maktab tomon ketayotgan o‘quvchilarni uchratdik. Bolajonlar qo‘lbola simyog‘ochda tortilgan xavfli elektr toki yonida, qo‘l yetadigan joydagi simlar oldida tortishmachoq o‘ynab ketishyapti. Ularning sumkasida zaxira poyabzali ham bor ekan.

«Ko‘chamizni ahvoli yomonligi uchun dadam va mahalladagilar pul to‘plab shag‘al to‘ktirishdi. Yo‘limiz biroz bo‘lsa ham yaxshilandi.

Onam maktabga ketayotganimda yangi poyabzalimni xaltaga solib beradi. Maktabga borguncha eski poyabzalimni kiyib, keyin almashtirib olamiz», – deydi ulardan biri.

«Farzandlarimizni toza kiyimda maktabga jo‘natamiz. Maktabdan qaytishda ular yelkalarigacha loy, tuproq bo‘lib ketadi. 4 farzandimdan 3 nafari maktabga boradi», – deydi Dilfuzaxon Mallayeva.

Mahalla ko‘chalarini aylandik. Haqiqatdan ham aholining bir necha bor transformator va simyog‘och kerak, deb yozgan murojaati bo‘yicha o‘tgan yili tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan olib kelingan beton simyog‘ochlar yo‘l chetiga tashlab ketilganini ko‘rdik.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi bir fuqaroning xonadonida elektr quvvatini oshirish uchun laboratoriyada foydalaniladigan avtotransformator (LATR) borligini aytishdi. Uskuna orqali elektr quvvatini ko‘rganimizda 135 volt ekaniga guvoh bo‘ldik.

Shu payt suhbatimizga qayerdandir paydo bo‘lgan, bloknot ushlab olgan kishi qo‘shildi. O‘zini Shahrixon tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Shavkatbek Nurmatov deb tanishtirgan soha mutasaddisi muammoga izoh berdi:

«O‘tgan yili Qoziqo‘rg‘on mahallasidagi ko‘chalarga 74 dona simyog‘och olib kelganmiz. Transformator uchun liniya ham tortib qo‘ydik. Lekin yil yakunlanib qolgani uchun ishni oxiriga yetkaza olmadik.

Yana 35 dona simyog‘och va transformatorni loyihaga kiritganmiz. Bu yil 2-chorakda barcha belgilangan ishlarni yakuniga yetkazamiz», – deydi Shavkatbek Nurmatov.

Matxoshim ko‘chasidan chiqib ketayotgan paytimizda mahalla boshida suv minorasiga ko‘zimiz tushdi. Minoraning yuqori qismidagi teshiklardan suv oqib, isrof bo‘lmoqda.

Xolmirza ota Ergashevning aytishicha, bu suv minorasi 40 yil oldin o‘rnatilgan ekan. Tuman «Suvoqava» tashkilotiga bir necha bor murojaat qilingan. Har safar mutasaddilar shu chorak oxirida to‘g‘rilaymiz yoki keyingi chorakda bartaraf qilamiz, deb va'dalar berishgan.

Zang tortgan suv minorasidagi teshiklarni yamash uchun mahalla ahli ko‘p harakat qilibdi. Lekin buni uddalay olishmagan. Eski minora bo‘lgani uchun birorta odam yuqoriga chiqsa, qimirlab ketarkan. Shu bois chiqishga hech kim botina olmas ekan.

Suv minorasini ta'milash uchun kran ham olib kelishibdi. Lekin minora ostiga tushgan suv yerni yumshatib yuborgani uchun muammoni bartaraf etishning iloji bo‘lmagan.

Mahalla ahli suv minorasiga ketayotgan elektr energiyasi va behuda oqayotgan suvga achinayotganini bildirdi. Aytishlaricha, minora soatiga 40 tonna suv tortadi. Agarda uskuna soz holatga keltirilsa, mahalladagi barcha ko‘chalarga suv bemalol yetadi.

Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i va'da berganidek, balki ko‘chadagi elektrdagi muammolar tez orada yechimini topar, biroq biz 200ta xonadon istiqomat qilayotgan ko‘chaning bugungi holati, aholining bu boradagi murojaatlari Shahrixon tuman hokimligi va boshqa mutasaddilarni tashvishga solmaganiga hayron qoldik.

Tuman hokimligida

Muammolarga izoh olish uchun Shahrixon tumani hokimligida bo‘ldik.

Hokimlik binosida navbatchidan hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosarini so‘raganimizda, u viloyatning Navro‘z bayramini tashkillashtirish uchun Xonobod shahriga ketganini aytdi.

Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi Baxtiyor Fozilov bilan suhbatlashdik.

«Matxoshim ko‘chasi tuman hokimligi va tuman obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi ko‘cha hisoblanadi. Bu ko‘chalar mahalliy budjetning ortiqcha mablag‘lari hisobidan dastur asosida ta'mirlanadi.

Bu yilgi dastur hali tasdiqlangani yo‘q. 25 mart sanasida yil yakuni bo‘ladi. Shundan so‘ng, yo‘l ta'miri uchun mablag‘ ajratilib, keyin shakllantiriladi.

Dasturdan tashqari, tuman hokimligi va moliya bo‘limi tashabbusi bilan yoqilg‘i ajratilsa, bu ko‘chaga o‘xshagan loy ko‘chalarni shag‘allashtirishimiz, muammolarni hashar yo‘li bilan bartaraf qilishimiz mumkin», – dedi bosh muhandis.

O‘zini «Suvoqava» tashkiloti xodimi deb tanishtirgan Hasanboy Tojiboyev suv minorasi masalasida izoh berdi.

«Haqiqatdan ham, Matxoshim ko‘chasidagi fuqarolar o‘tgan yili murojaat qilgani esimda bor. Bu ko‘chadagi suv minorasi 1980 yilda qurilgan. Bu yil Qoziqo‘rg‘on mahallasining «Obod qishloq» dasturiga kiritilishi mo‘ljallangan. Dasturga kirib qolsa, bizda quduqni rekonstruksiya qilish hamda 3 kilometr masofaga yangi tarmoq tortish bo‘yicha loyiha tayyor».

Soha mutasaddilaridan izoh olgach, aytgan gaplariga ishonish yoki ishonmaslikni bilmay qolasan kishi.

Elektr tarmoqlari korxonasi 2-chorakda belgilangan ishlarini yakunlamasa, tuman hokimligi va moliya bo‘limi tashabbus ko‘rsatmasa va bu yil ham «Obod qishloq» dasturiga tushmay qolsa, Matxoshim ko‘chasida hamma narsa eski hammom, eski tosligicha qolib ketishi tayin.

Aholi yana necha yil shu ahvolda yashaydi?

Sarvarbek Nazarov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top