21:40 / 12.03.2020
0
93521
Xitoy koronavirusni yengdi va endi Yevropaga yordam bermoqchi. So‘nggi ma'lumotlar

Xitoyda koronavirus tarqalishi va u keltirib chiqargan Covid-19 kasalligi o‘zining avj pallasini ortda qoldirgan. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi gigiyena va sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat qo‘mitasining rasmiy vakili Mi Fenga asoslanib Sinxua agentligi xabar tarqatdi.

Shanxaydagi tibbiy niqoblar zavodi / Qilai Shen / Bloomberg / Getty Images

Payshanba kuni mamlakatda koronavirusga chalinishning 19ta yangi holati qayd etilgan, chorshanba kuni bu ko‘rsatkich 15ta edi, shundan 6 holatda Xitoydan tashqarida virus yuqtirilgan, 8 holat Xubey provinsiyasida aniqlangan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda o‘tgan yil dekabridan buyon virusga chalinganlarning jami soni 80 796 nafarga yetgan. Shundan faqat 14 801 kishi hozirda ham shifoxonalarda qolmoqda, 62 826 kishi esa butunlay sog‘ayib ketgan - bu jami bemorlarning 77,7 foizidir. Virus qurbonlarri 3169 kishini tashkil etgan. Mamlakatda o‘rtacha o‘lim holati 3,9 foizni tashkil etgan.

Ayni vaqtda jami bemorlarning 14 427 nafari (97,27 foizi) Xubey provinsiyasida, shundan 13462 kishi (jami bemorlarning 90,5 foizi) provinsiya markazi - epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Uhan shahridagi klinikalarda davolanmoqda.

Xitoyning Xubeydan tashqaridagi boshqa hududlarida koronavirus qurbonlari soni 113 kishini tashkil etdi, o‘lim holati 0,86 foizlik ko‘rsatkichni qayd etdi, Xubeyda bu ko‘rsatkich 4,5 foizga, Uhanda esa 4,86 foizga teng bo‘ldi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa ko‘plab ekspertlar, shuningdek jurnalistlar Xitoy hukumatining epidemiyaga qarshi kurashdagi harakatlarini, jumladan, qat'iy karantin choralarini olqishlamoqda.

Italiyada do‘konlar yopildi

Italiyada oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchi do‘konlardan boshqalari yopildi / EPA

«Italiyada epidemiologik vaziyat hozirda juda og‘ir. Italiya Xitoyning epidemiyaga qarshi muvaffaqiyatli tajribasini sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. Italiya tibbiy tovarlar va uskunalar yetishmayotgani sababli qiyinchilik sezmoqda va Xitoy bu o‘tkir masalani hal qilishda yordam berishiga umid qilmoqda», deydi Italiya tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo xitoylik hamkasbi Van I bilan telefon suhbatda.

Xitoy tomoni Rimga mutaxassislar guruhi yuborilishi va Italiyaga tibbiy niqoblar va boshqa uskunalar ko‘rinishida gumanitar yordam ko‘rsatilishini va'da qilgan. «Biz epidemiyani birgalikda yengishimiz zarur», degan Van I.

Italiya ayni vaqtda Covid-19 koronavirusidan zararlanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni band etgan: 12 462 kishi virus yuqtirgan va 827 kishi vafot etgan. Holatlar kundan kunga o‘sib bormoqda: chorshanba kuni virus yuqtirishning yangi 2313 holati va 196 o‘lim qayd etilgandi. Shu bilan birga, 1045 bemor sog‘ayib ketgan.

Italiya har million kishiga eng ko‘p darajada koronavirus bemori to‘g‘ri kelayotgan davlat hisoblanadi - 206,1. Sog‘liqni saqlash tizimi bor imkoniyatlari darajasida ishlamoqda.

Italiyada misli ko‘rilmagan cheklov choralari ko‘rilgan. Mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar va dorixonalardan boshqa savdo muassasalari yopilgan. Bosh vazir Juzeppe Kontening ma'lum qilishicha, bu qaror bugundan kuchga kirdi va 25 martga qadar amalda bo‘ladi.

Shuningdek, barlar, restoranlar, sartaroshxonalar hamda aksar ofislar yopilmoqda. Uylarga oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetkazib berish taqiqlangan.

Butun mamlakatda maktablar, sport zallari, tungi klublar va boshqa ko‘ngilochar maskanlar avvalroq karantin choralari doirasida yopilgandi.

AQSh Yevropaga yopildi

Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanbaga o‘tar kechasi millatga murojaatida Covid-19 koronavirusi tarqalishi sababli Amerika 13 mart kunidan Yevropa mamlakatlaridan keluvchilar uchun 30 kunga vaqtinchalik taqiq o‘rnatishini ma'lum qildi. Taqiq Buyuk Britaniya uchun istisno qilinadi.

Shuningdek, Irlandiya, Bolgariya, Xorvatiya va Ruminiya ham ro‘yxatda yo‘q. Jurnalistlarning aniqlashicha, ushbu mamlakatlarda Donald Tramp oilasining golf maydonlari, mehmonxona va boshqa dam olish maskanlari mavjud.

Ma'lum qilinishicha, hukumat koronavirusdan zarar ko‘rgan kompaniyalarga moliyaviy yordam ko‘rsatadi - korxonalarga kam foizli zayomlar taqdim etiladi, bu esa «virus oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishga» yordam beradi.

Bundan tashqari, yaqin vaqtlar ichida infeksiyaga chalingan, karantin holatida bo‘lgan yoki boshqa bemorlarga g‘amxo‘rlik qilayotgan fuqarolarga moliyaviy imtiyozlar berish uchun «misli ko‘rilmagan» choralar ko‘riladi, shuningdek, Covid-19 tufayli ta'tilga chiqqan xodimlar uchun haq to‘lab berilishini va'da qilingan. 

12 mart holatiga ko‘ra, AQShda 1377 kishi virus yuqtirgan, 38 kishi virus qurboni bo‘lgan.

Rossiya Italiya uchun yopildi

SERGEI BOBYLEV/TASS

Rossiya vaqtinchalikka Italiya fuqarolariga  mamlakatga kirishni taqiqlaydi. Bu taqiq Italiya orqali keluvchi boshqa xorijliklarga ham taalluqlidir.

Rossiya hukumati farmoyishiga ko‘ra, taqiq 13 mart kunidan kuchga kiradi.

Shu kunlarda Rossiya hukumati koronavirus tufayli 13 mart kunidan Italiya, Fransiya, Ispaniya va Germaniya bilan aviaqatnovlarda cheklovlar o‘rnatishi ma'lum qilingandi. Faqat bir yo‘nalish qolgan - Rim. Bu shaharga faqat «Aeroflot» samolyotlari parvoz qiladi.

Boshqa aviakompaniyalar doimiy reyslarni to‘xtatadi. Ular Italiyadan rossiyalik turistlarni charter reyslar orqali tashishi mumkin.

Rossiyada 12 mart kuni yana 6ta yangi holat qayd etildi va jami bemorlar soni 34 nafarga yetdi. Qurbonlar yo‘q.

Moskvada to‘rt kishiga, Kaliningrad va Krasnodar o‘lkasida bir nafardan bemorga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.

Ularning barchasi shu kunlarda virus avj olayotgan davlatlarda bo‘lishgani aniqlangan. Ular aynan qaysi davlatlarda bo‘lishganiga aniqlik kiritilmagan.

Shu vaqtga qadar Italiyadan qaytib kelgan rossiyaliklarda virus aniqlangandi.

Tryudo dunyodan yopildi

Kanada telekanallari mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo karantinga olingani haqida xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Tryudoning rafiqasi Sofi Tryudo Buyuk Britaniyadan qaytganidan so‘ng unda koronavirus alomatlari sezilgan. Shifokorlar tezda birinchi xonimdan analiz olib test natijalarini kutmay bosh vazirdan ham analiz olishgan. Tryudoning shifokorlari unga ma'lum vaqt davomida karantinda bo‘lishni tavsiya qilgan.

«Bosh vazir karantinda bo‘lgan vaqtida mamlakat rahbari lavozimidagi ishlarni davom etiradi va uydan ishlaydi. U ko‘rsatmalarni telefon orqali berib boradi», deyiladi xabarda.

Tryudoda koronavirus alomatlari aniqlanmagan, ammo xavfsizlik nuqtayi nazaridan prezident administratsiyasi shunday qarorga kelgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Kanadada 122 kishida koronavirus aniqlangan, 1 o‘lim holati qayd etilgan.

Germaniya xavf ostida

Reuters

Germaniya kansleri Angela Merkel mamlakatning 70 foiz aholisi koronavirus yuqtirib olishi mumkinligidan ogohlantirdi - bu 58 million kishi deganidir.

«Virus Yevropada, u mavjud va biz buni anglab yetishimiz kerak. Bu bizning birdamligimiz, sog‘lom aqlimiz va bir-birimizga g‘amxo‘rligimiz uchun sinovdir. Umid qilamanki, biz unga qarshi tura olamiz», - degan u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat birinchi navbatda virusga chalinishga moyil bo‘lgan keksalar va kasalmand kishilarni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. 

Merkel xonimning qayd etishicha, budjet qo‘mitasi koronavirusga qarshi kurash uchun 1,1 milliard dollar ajratishni rejalashtirgan.

12 mart holatiga ko‘ra, Germaniyada virusdan zararlanganlar soni 2355 nafarga yetgan, 4 kishi vafot etgan.

Tom Henks virus yuqtirgan

Foto: EPA

Hollivudning mashhur aktyorlaridan biri Tom Henks va uning rafiqasi Rita Uilson koronavirus yuqtirib olgani ma'lum bo‘ldi. Bu ma'lumot aktyorning o‘zi tomonidan tasdiqlangan.

«Salom, do‘stlar. Rita va men hozir Avstraliyadamiz. Biz o‘zimizni biroz horgan, shamollagan his qildik va badanda og‘riq paydo bo‘ldi. Ritani gohi gohida titroq tutmoqda. Barchasini to‘g‘ri qilish uchun bizni koronavirusga tekshirishdi va natija ijobiy chiqdi», deb yozgan aktyor tvitterda.

Endi ular qancha talab etilsa, shuncha vaqt karantinda qolishadi hamda o‘z sog‘liqlari haqida barchani xabardor qilib turishadi.

Ular biroz avvalroq rejissyor Baza Lurmanning Elvis Presli haqidagi filmi s'yomkalarida ishtirok etish uchun Avstraliyaga borishgandi.

Jahondagi vaziyat

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, virus dunyoning 120ga yaqin davlatiga tarqalgan, jami 130 308 kishida virus yuqishi holati aniqlangan, qurbonlar soni 4757 nafarni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 68 678 kishi sog‘ayib ketgan.

Getty Images

Janubiy Koreyada so‘nggi bir sutka ichida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 114ta yangi holat qayd etilgan. Ayni vaqtda bu mamlakatda koronavirus bemorlari soni 7869 nafarga, qurbonlar soni esa 66 nafarga yetgan.

Virus epidemiyasining yana bir o‘chog‘i Eronda 10075 kishi kasallangan, (+1075) 429 kishi vafot etgan (+75). Eron hukumati Xalqaro valuta jamg‘armasiga (XVJ) koronavirus epidemiyasi tufayli 5 milliard dollar berishni so‘rab, murojaat qilgan.

Ispaniya (3003 holat, 84 o‘lim) va Fransiyada (2355 holat, 48 o‘lim) ham holat og‘irlashishi davom etmoqda.

Shveytsariya (867 holat, 6 o‘lim), Norvegiya (713 holat), Shvetsiya (635 holat, 1 o‘lim), Daniya (615 holat), Niderlandiya (614 holat, 5 o‘lim) va Buyuk Britaniyada (590 holat, 10 o‘lim) virus keng tarqalmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top