10:35 / 12.03.2020
0
3013
Xo‘jalik yurituvchi sub'yekt olingan talabnomaga javob berishi lozim bo‘lgan muddat qisqardi 

Xo‘jalik yurituvchi sub'yekt olingan talabnomaga javob berishi lozim bo‘lgan muddat qisqartirildi. «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi 

Foto: Shutterstock

Ilgari talabnomaga javob berish uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga u olingan kundan boshlab bir oy muddat berilgan. Endi esa buni 15 kun ichida amalga oshirish lozim. Qonunda muddat ish kunlarida hisoblanishi ko‘rsatilmagani bois, kalendar kunlar hisoblanadi. Shu tariqa, muddat ikki baravar qisqartirildi, deb yozmoqda Norma.
 
Talabnoma xo‘jalik yurituvchi sub'yektning rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi, hujjat muhr (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi va buyurtma yoki qimmatli xat tarzida, telegraf, teletayp orqali, shuningdek uning jo‘natilganligini qayd etadigan, qabul qilib oluvchini ogohlantiradigan boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda jo‘natiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
 
Muddatni hisoblashning umumiy qoidalari:
 
Vaqt davri bilan belgilangan muddat kalendar sanadan keyingi yoki uning boshlanish kuni deb belgilangan voqea yuz berganidan keyingi kundan o‘ta boshlaydi (FKning 146-moddasi).
 
Agar muddat biron-bir harakatni amalga oshirish uchun tayinlangan bo‘lsa, bu harakat muddatning oxirgi kunidagi soat yigirma to‘rtga qadar bajarilishi mumkin. Agar, bu harakat tashkilotda amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, u holda muddat belgilangan qoidalarga muvofiq ushbu tashkilotda tegishli operatsiyalar to‘xtatiladigan soatda tamom bo‘ladi. Muddatning oxirgi kunida soat yigirma to‘rtga qadar aloqa tashkilotiga topshirilgan yoki boshqa aloqa vositalari bilan yuborilgan barcha yozma bayonotlar va xabarlar, pul o‘tkazmalari muddatida qilingan hisoblanadi (FKning 148-moddasi).
 
Shartli misol. «A» taraf yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha o‘z kontragenti - «B» tarafga – yuklab jo‘natilgan tovarlar to‘plami uchun to‘lovni amalga oshirishning belgilangan muddatlari buzilishi munosabati bilan talabnoma jo‘natdi. «B» taraf talabnomani 2020 yil 12 martda oldi. «B» taraf unga javob berishi kerak bo‘lgan muddat 2020 yil 13 martdan boshlanadi. Tegishincha, javob «A» tarafga tilxat olib topshiriladigan yoki uning nomiga yuqorida ko‘rsatilgan usullardan biri orqali jo‘natiladigan so‘nggi kun – 2020 yil 27 mart.
 
Qonunga binoan talabnomaga javob berish uni olgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektning majburiyati hisoblansa-da, belgilangan 15 kunlik muddatni buzganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Biroq, javobni o‘z vaqtida olmagan talabnoma beruvchi iqtisodiy sudga murojaat qilishi mumkin.
 
Qonun 11.03.2020 yildan kuchga kirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top