12:39 / 13.03.2020
2844
1,4 mlrd so‘mlik mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Respublikamiz bojxonachilari sifati kafolatlanmagan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmagan tamaki mahsulotlarining yashirin yo‘llar bilan olib kirilishiga doir yirik holatni fosh qilishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi maxsus otryadlari bilan hamkorlikda poytaxtimizda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida muqaddam qo‘shni davlatlardan noqonuniy ravishda olib kirilgan tamaki mahsulotlarining yashirin saqlanayotgan ombori fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Ma'lum bo‘lishicha, Mirobod tumanida joylashgan mazkur xonadonga tamaki mahsulotlari kichik-kichik turkumlarda “Neksiya” avtotransport vositasida keltirib turilgan. Bu jarayonda shubha uyg‘otmaslik uchun avtomashinaga aslida unga umuman tegishli bo‘lmagan davlat raqami taqilgani ham aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida xonadonda 8 turdagi 58 ming 884 quti sigaretlar saqlanayotganligi aniqlandi. Aksiz markalari bilan qadoqlanmagan mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati 1 mlrd. 400 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Hozirgi kunda bojxona organlari tomonidan jinoiy guruhning qolgan a'zolarini hamda aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan tamaki mahsulotlari yetkazib berilgan boshqa manzillarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

Top