18:28 / 13.03.2020
0
3156
Har qanday qurilishni u boshlanmay turib jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish belgilab qo‘yilmoqda

O‘zbekistonda Shaharsozlik kodeksining yangi tahriri ishlab chiqildi.

Foto: Depositphotos

13 mart kuni Qurilish vazirligida yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi loyihasi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik rahbariyati, deputatlar va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Loyihada har qanday obektni qurilish boshlanmay turib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishiga oid norma qo‘shilgan.

Yangi tartib jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini berishi aytilmoqda, deb xabar qildi Kun.uz muxbiri.

Bu haqda ma'lum qilgan Qurilish vazirligi Yuridik byuro boshlig‘i Akbar Rajabov Shaharsozlik kodeksida kutilayotgan boshqa o‘zgarishlar haqida ham gapirib berdi.

Akbar Rajabov
Foto: Qurilish vazirligi

«Yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi loyihasida qurilish sohasida har bir obektning shaharsozlik hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, shaharsozlik hujjatini ekspertizadan o‘tkazuvchi har bir ekspertga bergan xulosasi bo‘yicha javobgarlik belgilangan.

Ekspertlar yetkazilgan zarar oqibatidan kelib chiqib, ma'muriy, jinoiy javobgarlikka tortiladi», – dedi Akbar Rajabov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi shaharsozlik kodeksida ekspertlarning xulosasi berilishi bo‘yicha hech qanday modda aks ettirilmagan. Ekspertlar tomonidan berilgan ekspertiza xulosasi tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan.

Akbar Rajabovning ta'kidicha, yangi kodeks loyihasiga kiritilgan o‘zgarishlardan yana biri – qurilish sohasidagi sifat masalasining nazorat qilinishi.

«Bu bo‘yicha yangi Shaharsozlik kodeksiga alohida bob kiritildi. Bu qurilishni nazorat qilish mexanizmlari – qurilishni davlat tomonidan nazorat qilish, texnik nazorat qilish, mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati ushbu kodeksda aniq belgilab berildi», – dedi u.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top