23:21 / 13.03.2020
165381
«Hukumat o‘yinlarini bas qilib, monopolistni qo‘llamasligi kerak». Avtosanoat kimlarning qo‘lida?

Rasul Kusherbayevning aytishicha, UzAuto Motors monopoliyasidan «bir guruh noma'lum shaxslar foyda ko‘rayotgani sezilyapti». Murod Muhammad Do‘stning esa ishonchi komil: «Bu yerda qandaydir bir to‘daning manfaati bor».

Kun.uz UzAuto Motorsʼning avtomobillar narxini oshirishi bo‘yicha jamiyatdagi turli soha vakillari fikrini o‘rganishda davom etadi.

Bu gal deputat Rasul Kusherbayev, huquqshunos Nuriddin Murodov va yozuvchi Murod Muhammad Do‘st mavzu yuzasidan o‘z pozitsiyalarini ma'lum qilishdi.

Rasul Kusherbayev: «18 mingta ish o‘rni va soliqni deb, 34 million kishini qiynashyaptimi?»

Rasul Kusherbayev 11 mart kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan tashkil qilingan deputatlar, «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors vakillari o‘rtasidagi muloqotda ishtirok etgan edi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishlamasa, 34 millionlik O‘zbekiston aholisi nimani yo‘qotadi, deya ulardan so‘radim. Mutasaddilarning argumentiga ko‘ra, 18 mingta ish o‘rni va soliq tushumlari yo‘qotilarkan.

Ochig‘i, men hayron qoldim. Bor yo‘g‘i shumi? 18 mingta ish o‘rni va soliq hisobiga 34 million kishini qiynashyaptimi?

Ya'ni, qiynash deganda, chet eldan ikki barobar arzonga avtomashina olib kirishning iloji bo‘lsa-yu, bunga ruxsat berilmasa. Ichkarida esa odamlarning atayin oshirilgan narx bilan avtomashina olishga majburlanishi qanchalik to‘g‘ri?» – dedi Kusherbayev.

Deputatning ta'kidlashicha, O‘zbekistonning 34 million aholisi qiynalishi 18 ming ish o‘rni va davlatga tushayotgan 4 trillion so‘m budjet tushumlari hisobiga bo‘lishi – adolatsizlik.

«Agar zavod shu sabab bilangina ushlab turilgan bo‘lsa, bu judayam noto‘g‘ri ish. Unda bu zavodni yo yopish kerak, yoki xususiy sektorga sotib yuborish kerak.

O‘sha muloqotda biz boshqa yechimlarni ham taklif qildik. Masalan, chetdan import qilish mumkin bo‘lgan avtomobillardan olinadigan davlat bojini 20 foizgacha tushirishning o‘zi davlatga zavod keltiradigan foydani beradi. Balki shu yo‘lni sinab ko‘rish kerakdir.

Ya'ni, butun bir xalq, jamiyat manfaat topishidan ko‘ra, bir guruh noma'lum shaxslar mana shu ishlar ortidan foyda ko‘rayotgani sezilyapti.

Zavoddagi korrupsion o‘yinlar, ochiqlanmagan, yashirin ishlar yanayam shubhali savollarni tug‘diryapti. Bu ketishda odamlar bu sanoatdan rozi bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni qo‘shni davlatlarda arzon, o‘zbekistonliklar uchun esa qimmat sotilayotganini yashirib bo‘lmaydi-ku axir».

Deputat biz bilan suhbatda, butun dunyoda ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotini xalqiga arzon berishga intilsa, O‘zbekistonda buning teskarisi ekanligi haqida ham gapirdi.

«Bu hammada norozilik keltirib chiqaryapti. Xafa bo‘layotganim – bir guruh shaxslar o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘ymoqda», – deya afsus bilan suhbatni yakunladi Kusherbayev.

 

Nuriddin Murodov: «Rossiyada narxlar bizdagiga qaraganda 30-40 foizga arzon»

Foto: XPK

Huquqshunos Nuriddin Murodovning ta'kidlashicha, hozir bildirilayotgan fikrlarni milliy avtosanoatimiz faoliyatiga qarshilik deb tushunish kerak emas.

«Milliy mahsulot bo‘lgani yaxshi. Ammo bu yerda o‘ylanishi kerak bo‘lgan masala – nima qilinsa avtomobil sanoatimizga bozor mexanizmlari kirib kelishi.

Sohadagi bugungi ahvol qoniqarli emas. Vakolatli qo‘mitaning rasmiy xabariga ko‘ra, eksportga yo‘naltiriladigan Ravon R2 (Spark), Ravon R3 (Nexia), Ravon R4 (Cobalt) Rossiya bozorlarida chegirmalar bilan sotilmoqda, bu esa ichki narxlar bilan 20-50 foizgacha tafovut qilmoqda», – dedi Murodov.

U, shuningdek, Rossiyadagi «AvtoVAZ» mahsulotlarining ichki bozordagi narxlarini O‘zbekiston hududidagi narxlar bilan solishtirdi. Unga ko‘ra, Rossiyada narxlar bizdagiga qaraganda 30-40 foizga arzon.

«So‘nggi uch yil davomida korxona tomonidan 167ta yangi uskuna va texnologiyalar ishga tushirilgan. Bu – korxonada mavjud texnologiyalarning atigi 2,1 foizini tashkil qilgan. 2017-2018 yillarda yangi ish o‘rinlari yaratilmagan.

Bu holatni hech qanaqasiga tushuntirib ham, tushunib ham bo‘lmaydi. Bu na bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari va hatto eski rejalashtirish iqtisodiyoti qonuniyatlariga ham sig‘maydi.

Huquqshunosning qo‘shimcha qilishicha, UzAuto Motors kabi monopolistning mahsulotlari ommaviy oferta orqali sotiladi. Ommaviy oferta esa, ikkinchi tomonning, ya'ni aholining roziligi bilan amalga oshiriladi.

«Fuqarolik kodeksining 27-bobida shartnoma tuzish to‘g‘risidagi qoidalar, taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari, shuningdek, taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishib olinishi zarur bo‘lgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, oferta, ofertaga taklif etish, ommaviy oferta, aksept kabi tushunchalar belgilab qo‘yilgan axir», – dedi Nuriddin Murodov.

 

Murod Muhammad Do‘st: «Hukumat o‘z o‘yinlarini qo‘yib, bu monopolistni umuman qo‘llamasligi kerak»

Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning sayt muxbiriga aytishicha, u bir necha kun avval UzAuto Motors mutasaddilarining deputatlar bilan bo‘lgan uchrashuvini OAV orqali kuzatgan.

Yozuvchining xulosasiga ko‘ra, mutasaddilar berilgan savollarga yolg‘on javob berishgan.

«Uchrashuvda korxona mutasaddilari yolg‘on gapirayotgani yuzu ko‘zlaridan shunday sezilib qoldi. 

Yaxshi niyatlar bilan barpo etilgan avtomobil zavodi o‘zini oqlamadi. Oqlashi mumkin edi, qachonki bizning zavod bozor munosabatlari, bozor qoidalari asosida ishlaganida.

Esingizda bo‘lsa, 2008 yilda butun dunyo bo‘ylab iqtisodiy inqiroz kuzatildi. O‘sha payti, bizda iqtisodiy inqiroz bo‘lmaydi, deb do‘stlar bilan o‘zaro hazillashar edik, negaki, iqtisodiy inqiroz rosmana iqtisod bor joyda bo‘ladi. E'tibor bergan bo‘lsangiz, inqiroz bizning chor atrofdan ihotalangan biqiq iqtisodimizni chetlab o‘tdi», deya kulgi aralash gapirdi yozuvchi.

Ko‘p yillar prezident devonida turli mas'ul lavozimlarda ishlagan Murod Muhammad Do‘st suhbatda hukumat endilikda monopolist korxonani qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerakligini aytmoqda.

UzAuto Motors rahbariyati mard bo‘lsa, haqiqiy raqobatga kuchi yetsa, bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin», dedi u.

Yozuvchining aytishicha, o‘zbek avtosanoati faoliyatida alohida shaxslar manfaati ustuvorlik qiladi.

«Bu yerda qandaydir bir to‘daning kattagina manfaati borday. Esingizda bo‘lsa, bir paytlar korxona ichidagi shaxslar tomonidan avtomobillarni arzon bahoda chetga chiqarib, keyin yana O‘zbekistonga qaytarib qimmat bahoda sotish holatlari ham bo‘lgan», – deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh.

Murod Muhammad Do‘st «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirovning muloqotdagi harakatlaridan qattiq ranjiganini ham yashirmadi.

«Kechagi muloqotda Alisher Qodirov degan deputatning gaplari, harakatlarini eshitib-ko‘rib juda uyalib ketdim. Yigit kishida ozgina g‘urur bo‘lishi kerak. Agar u adolatni himoya qilolmasa aqalli jim tursa ma'qulroq bo‘lar edi. Xalq saylagan vakil xalqqa ochiqdan-ochiq jabr qilayotganlar tarafini olishi nimani anglatadi? Va umuman, uni rostdan ham xalq saylagan edimi?», – dedi u.

UzAuto Motors haqiqiy raqobatga kuchi yetsa bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin. Raqobat bo‘lmas ekan, eski o‘yinlar qiyomat qadar davom etaveradi», – dedi Murod Muhammad Do‘st.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Top