16:44 / 13.03.2020
31415
JSST vakili: «Immunitet hozircha koronavirusni taniy olmayapti»

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi vakili doktor Melita Vuynovich Forbes Life bilan suhbatda haligacha jumboq bo‘lib qolayotgan COVID-19 infeksiyasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar va uni yuqtirib olmaslik uchun nimalarga rioya qilish kerakligi haqida aytdi.

Foto: AP / TASS

Koronavirus har mavsum avj oladigan grippdan nimasi bilan farq qiladi?

Eng avvalo, bu boshqa virus. Gripp viruslari alohida katta oiladir. Koronaviruslar hayvonlarda ko‘proq uchraydi, ammo odamlarga ham yuqishi mumkin - masalan, koronavirus oddiy shamollashni chaqirishi mumkin. Bundan tashqari, koronaviruslarga qarshi hech qachon vaksinalar ishlab chiqarilmagan. Nima uchun? Chunki ular ilgari odamlarda jiddiy asoratli kasalliklarni keltirib chiqarmagan yoki ularning tarqalishi bunchalik keng miqyosda emasdi. Grippga qarshi esa vaksinalar bor, chunki 1918-1919 yillarda dunyo aholisining deyarli uchdan bir qismi yuqtirgan "ispanka"dan keyin unga jiddiy qarala boshlangan. O‘shanda Birinchi jahon urushidan so‘ng odamlarda immunitet pasayib ketgan va viruslarga qarshi yordam bermaydigan, ammo o‘limga olib keladigan asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan bakteriyalarni o‘ldiradigan antibiotiklar yo‘q edi.

Yangi koronavirus o‘ziga xos, chunki 20 yil ichida bu oiladagi virus odamlar orasida tarqalib, jiddiy kasallikka sabab bo‘layotgan  uchinchi holatdir. Birinchisi 2003 yilda yuz bergan SARS-CoV g‘ayrioddiy zotiljami edi, ikkinchisi - 2006 yildagi Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS). Odamlarga bu kasallik tuyalardan yuqqan. Har ikki kasallik odamlar orasida koronavirus kabi tez tarqalmaydi, ammo ulardan o‘lish darajasi yuqori, masalan, MERS uchun bu taxminan 10 foiz.

Endi esa COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi yangi xavfli koronavirus - SARS-CoV-2 paydo bo‘ldi. Undan o‘lish darajasi unchalik yuqori emas: 3-4 foiz atrofida (taqqoslash uchun, mavsumiy grippda - taxminan 1 foiz). Ammo u tez tarqaladi, chunki bizning immunitetimiz unga qanday qarshilik ko‘rsatishni "bilmaydi". Shuning uchun u keng ommaviy epidemiyani keltirib chiqarishi bilan xavf solmoqda. Va biz u haqda hali oz narsa bilamiz, chunki uning odamlarda tarqalishini birinchi marta kuzatmoqdamiz. Hozir butun dunyo olimlari COVID-19 epidemiyasini kuzatmoqda va o‘rganmoqda.

Yangi koronavirus ko‘pincha keksa odamlarga halokatli ta'sir qilishi to‘g‘rimi? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun?

Ha, hozir dunyoda 100 mingdan ortiq yangi koronavirus yuqtirish holatlari qayd etilgan va biz odamning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, uning o‘limi xavfi shunchalik yuqori ekanligini ko‘rmoqdamiz. Bu 60-80 yoshdagi aholining ulushi yuqori bo‘lgan Italiyada yaqqol ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, odamda boshqa jiddiy kasalliklar, masalan, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklari mavjudligi ham xavfni oshiradi.

Nega shunday, hozircha aniq bilmaymiz. Bunday odamlarning immuniteti zaifroq va virusga qarshi turolmaydi degan taxmin bor. Ammo virus qanday qilib o‘ldirishi hozircha noma'lum. Shubhasiz, bu zotiljam, ammo uning chuqur mexanizmlar endi o‘rganilmoqda. Kasallikka chalinganlarning 80 foizi, ayniqsa bolalar, kasallikni oddiy shamollash kabi yengil shaklda o‘tkazadi va uning koronavirus ekanligini bilmaganliklari sababli u tarqaladi. 15 foiz kishilar jiddiy og‘riydi va kasalxonaga yotqizilishi kerak. Va 5 foiz insonlarda kasallik og‘ir kechadi. Ular birdaniga yoki 5-7 kundan keyin reanimatsiyaga tushib qoladi. Va ular asosan keksa yoshdagilar yoki surunkali kasalliklarga chalingan bemorlardir.

Global epidemiyaga qarshi kurashdagi asosiy qiyinchiliklar nimada? 

Birinchidan, bu qiyin logistik vazifa. Deyarli harbiy, chunki virus bilan urush haqida gap ketmoqda. Bunda ko‘proq kasalxonalar, shifokorlar, xodimlar, uskunalar va materiallar kerak. O‘ylashimcha, Xitoy bunga 50 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirdi va tezlik bilan harakat qila oldi.

Yana bir jihat – kasallik yuqtirganlarning ko‘pchiligi buni darhol anglamaydi. Ular charchoq his qilishi, yo‘talishi yoki burni oqishi mumkin, ammo buni oddiy shamollash deb o‘ylashadi. Bu yerda bemorlarni kasallik tarqatishda ayblamaslik kerak. Bu ko‘plab ommaviy axborot vositalarining xatosi. Bilaman, ular buni ataylab qilmaydilar, lekin juda katta zarar yetkazadi. Odamlar emas, virus xavfli.  

JSSTning Xitoy bo‘yicha hisobotida u yerda ko‘rilgan choralar samarali deb tan olindi. Ammo shu bilan birga, bu choralar o‘ta keskin edi: masalan, odamlarning harakatlanishi  jiddiy cheklandi. Har bir mamlakat shunday qilishga tayyormi?

Agar jamoat sog‘lig‘iga jiddiy tahdid mavjud bo‘lsa, hukumat odamlarning asosiy huquqlarini, masalan, erkin harakatlanish huquqini cheklaydigan choralar ko‘rishga haqlidir. Cheklangan vaqt davomida, inson qadr-qimmati va shaxsiyatiga maksimal darajada hurmat ko‘rsatgan holda. Albatta, karantin davrida odamlarga yashashning eng yuqori darajasi ta'minlanishi kerak - ammo bu Ritz mehmonxonasi bo‘lishini kutmang. Hech bir mamlakat bunga qodir emas, realist bo‘lish kerak.

Xitoyda ko‘rilgan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar misli ko‘rilmagan darajada. Ammo ular dunyoga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki oy vaqt berishdi. Agar bunday qilishmaganida, hozir yuqumli kasallik yanada keng miqyosda tarqalishi mumkin edi. Yanvar oxiri - fevral boshlarida Xitoyda kuniga o‘rtacha bir necha mingta koronavirusga chalinish holati qayd etildi. Bemorlardan uydan chiqmaslikni so‘rashdi va bu samara berdi. Endilikda bu ko‘rsatkich kuniga 150taga tushdi.  

Shunday ekan, menimcha, hozir hech bir mamlakat: "Biz bunday keskin choralarga tayyor emasmiz" deb aytmasligi kerak. Agar bu vabo bo‘lganida nima bo‘lardi? Odamlar o‘zlari uydan chiqmas va ularni ko‘chaga olib chiqishga bo‘lgan har qanday urinishga qarshilik qilgan bo‘lishardi.

Ko‘pchilikning keksa qarindoshlari bor va siz buvingizga halokatli kasallikni yuqtirishingiz mumkin. Yoki boshqa birovning buvisiga. Bu umuminsoniy birdamlik masalasidir. Bundan tashqari, virus har safar odamdan odamga yuqqanida u mutatsiyaga uchraydi va yangi xavfli xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin - biz esa buni albatta istamaymiz.

Har qanday mamlakat hukumati koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishda yetarli darajada qat'iy bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Va, albatta, aholini xabardor qilish, u bilan ishlash lozim. Odamlarning jismoniy sog‘lig‘ini saqlash bilan birga, ularning ruhiy salomatligi haqida ham unutmaslik kerak.  

Virus yuqtirmaslik uchun nima qilish kerak?

Birinchidan, mabodo oila a'zolaringizdan biri kasal bo‘lib qolsa, albatta koronavirus bo‘lishi shart emas, bu boshqa nafas olish yo‘llari kasalliklariga ham tegishli - unga g‘amxo‘rlik qilayotganda gigiyena qoidalariga amal qilishingiz lozim. Bemor uyda qolishi, alohida xonada yoki boshqalardan maksimal masofada, yaxshi shamollatiladigan xonada bo‘lishi kerak. Bemor yo‘talganida, aksirganida yoki burnini qoqqanida foydalangan ro‘molcha yoki salfetka darhol og‘zi yopiladigan plastik paketga solinishi kerak. Bemor ham, uning atrofidagilar ham qo‘llarini tez-tez yuvishi kerak. Alohida sochiqlar ishlatish, hammomni, hojatxona yuzasini kuniga bir necha marta dezinfeksiyalash kerak. Bunday yuzalardagi virus bir necha soat yashashish mumkin.

Ikkinchidan, agar do‘stingiz shamollab qolgan bo‘lsa, zarurat bo‘lmasa uning oldiga bormaslik kerak. Bugungi kunda smartfonlar va internet bor, xavfsiz muloqot qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Albatta, agar bemor yolg‘iz yashasa, unga yordam berish kerak, ammo barcha gigiyenik choralarga amal qilgan holda. Agar bu koronavirus ekanligiga gumon bo‘lsa, darhol "ishonch telefoniga" qo‘ng‘iroq qilib, xabar berish kerak - bunday bemor kasalxonada davolanadi.

Uchinchidan, agar o‘zingizda nafas olish yo‘llari kasalligining alomatlarini sezsangiz, niqob taqing. Bu boshqalar uchun infeksiya xavfini kamaytiradi. Yo‘talganda yoki aksirganda ro‘molchadan foydalansangiz, uni plastik paketga soling yoki qopqog‘i bor chiqindi qutisiga tashlang.

To‘rtinchidan, qo‘llarga dezinfeksiyalovchi gel surting, tez-tez yuvib turing. Qo‘lni kamida 40 soniya davomida yuvish, ko‘pik hosil bo‘lmagunicha sovunlash, butun kaftni, barmoqlar va tirnoq ostini yaxshilab yuvish kerak – virus va bakteriyalar ko‘pincha ko‘pincha shu joylarda qolib ketadi. Eshik tutqichlari borasida ham shunday. Jamoat joylarida qo‘llaringizni ko‘zingiz, burningiz va og‘zingizga tekkizmaslikka harakat qiling. Virus shilliq pardalari orqali tanaga ham kirishi mumkin.

Nihoyat, beshinchidan, odamlar bilan muloqotda iloji boricha bir metr masofani saqlashga harakat qiling.

Niqob borasida aniqlik kiritaman. Agar sog‘lom bo‘lsam va kasallik yuqtirishdan qo‘rqsam, niqob taqishim kerakmi?

Niqob sog‘lom odamlarni umuman himoya qilmaydi deyish mumkin emas. Ammo agar hamma niqob sotib olishni boshlasa, bemorlar va shifokorlarga niqob yetmay qolishi mumkin. Shuning uchun JSST bemorlarga niqob taqishni tavsiya qilmoqda. Yana bir jihat - niqob taqib, o‘zingizni xavfsizlikdaman deb o‘ylamang. Yuqorida men aytib o‘tgan boshqa qoidalarga amal qilmasangiz, siz – xavfsizlikda emassiz.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top