18:00 / 13.03.2020
25867
Koronavirus: Jamoat transportida yurish qanchalik xavfli?

Koronavirus dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etar ekan, bir necha davlatlar hukumatlari harakatlanishni cheklash choralarini ko‘rmoqda va odamlar ham o‘zlarini uzoq safarlardan tiya boshlashdi. 

Lekin haqiqitan ham samolyot, poyezd, kruiz kemalarida uzoq masofaga otlanish va oddiy jamoat transportiga chiqish shunchalik xavflimi?

Poyezd va avtobuslar

Yangi koronavirusning qay yo‘sinda tarqalayotgani to‘g‘risida aniq ma'lumot mavjud emas, ammo unga o‘xshash infeksiyalar bemor aksirishi yoki yo‘talishida havo-tomchi orqali yoyilishi yoki virusni zararlangan yuzadan yuqtirish mumkin.

Ko‘rinishidan, koronavirus oddiy gripp virusi kabi havoda aylanib yurmaydi, demak infeksiyalanish uchun yaqin aloqa ro‘y berishi kerak. Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi eslatmasida aytilishicha, bemor bilan 2 metrdan kam masofada 15 daqiqadan ko‘p yonma-yon bo‘lish yaqin aloqa hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, poyezd yoki avtobuslarda virusni yuqtirish xavfi yo‘lovchilarning qanchalik zich bo‘lishiga bog‘liq. Bu esa vaqt, marshrut va mintaqa bilan aloqador.

Masalan, avval o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat hollarda gavjum bo‘lgan London metrosida respirator kasalligi yuqishi ehtimoli sezilarli darajada yuqori. 

Ammo, agar tig‘iz paytda harakatlanmasangiz va vagon va avtobusda yo‘lovchilar oz bo‘lsa, demak xavf ham kamayadi. Bundan tashqari, kasallanish ehtimoli salon qay darajada shamollatilishi, ichki gigiyenaga amal qilinganlik va sizning jamoat transportida qancha vaqt qolishingizga qarab o‘zgarib boradi. 

«Ehtimoliy zararlangan yo‘lovchilar va yuzalar bilan aloqani iloji boricha kamaytirish kerak, — deydi Global sog‘liqni saqlash instituti shifokori Lara Gose. — Shunday ekan, tig‘iz paytlarda yo‘lga chiqishdan tiyiling». 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronavirus masalalari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Devid Nabarro BBC muxbiri bilan suhbatda jamoat transporti xavfsizligi darajasi masalasi hali o‘rganilmagani, ammo mavjud ma'lumotlar transport vositasidagi yo‘lovchilar orasida kuzatiluvchi «mitti aloqalar» virusning «eng muhim tarqalishi turi» hisoblanmasligini tasdiqlashini aytgan. 

Samolyotlar

Yo‘lovchilar «eskirgan» havodan nafas olishi tufayli samolyotda virus yuqtirib olish xavfi yuqoriligi haqidagi fikr tarqaldi.

Aslida, samolyot ichidagi havo ishxonangiz ichidagidan toza bo‘lishi mumkin, poyezd yoki avtobusnikiga nisbatan sofligi esa mutlaqo aniq. 

Odatda samolyotdagi yo‘lovchilar zichligi yuqori bo‘lsa-da, u yerdagi havo tez-tez yangilanib turadi.

Perdyu universitetining turli transport vositalarida havo sifatini o‘rganuvchi professori Tsin'yan Chenning so‘zlariga ko‘ra, samolyotdagi havo har 2-3 daqiqada butunlay yangilanadi, konditsionerli binolarda esa bu jarayon har 10-12 daqiqada sodir bo‘ladi.

Buning sababi samolyotlar yuqori samarali chang filtrlari (Hepa) bilan jihozlangan. Ular havo konditsioner tizimlariga o‘rnatilgan an'anaviy filtrlarga qaraganda yanada maydaroq parchalarni, shu jumladan viruslarni ham tutib qolish imkoniga ega. 

Ushbu filtrlar bort tashqarisidagi havoni so‘rib olib, uni salon ichkarisidagi havo bilan aralashtirib almashtiradi, shu sababli istalgan vaqtda samolyot ichkarisidagi havo yarim toza bo‘ladi. An'anaviy konditsioner tizimlari esa tejamkorlik yuzasidan faqatgina eski havoni qayta ishlashga moslashtirilgan. 

Aksirish va yo‘tal paytida havoga tashlangan virusli mikrotomchilarni nafas olishda yutishdan tashqari, koronavirusni inson qo‘li yoki eshik tutqichi singari zararlangan yuzalarga teginish orqali yuqtirish mumkin. 

Biroq, transportda yuzaga keladigan xatarlar haqida gap ketganda, uni umumlashtirishga hojat yo‘q, chunki bu xavflarni kamaytiradigan yoki oshiradigan ko‘plab omillar mavjud.

Masalan, uzoq masofadagi parvoz yo‘lovchilari samolyot salonida ko‘proq harakatlanishlari mumkin va agar ular kasallangan bo‘lsa, infeksiya xavfi sezilarli darajada oshadi. 

Foto: Getty Images

JSST eslatmasida aytilishicha, zararlangan yo‘lovchining oldida, orqasida va yonidagi ikki qatorda o‘tirish eng xavflidir.

Shu bilan birga, 2003 yildagi mushkul o‘tkir respirator sindromi (SARS) epidemiyasi paytida, bemor yo‘lovchi uchgan samolyotlardan birida virus yuqtirganlarning 45 foizi ushbu xavf zonasidan tashqarida o‘tirishgan. 

Bunda, boshqa holatlar singari, standart maslahatlarga amal qilish kerak: qo‘llaringizni tez-tez yuving, yuzalarni dezinfeksiyalang va aksirish yoki yo‘talish paytida bir martalik salfetkadan foydalaning. 

Havo transportining eng xavfli tomoni shundaki, samolyot potensial bemorni dunyoning istalgan nuqtasiga tez yetkaza oladi.  

Kruiz kemalari

Fevral oyida Yaponiyada «Diamond Princess» laynerining barcha yo‘lovchilari karantinga olinganidan keyin kruiz kemalari diqqat markaziga tushdi. 

Yana bir kema, «Grand Princess» Kaliforniya sohilida to‘xtatildi va 3500 yo‘lovchi orasidan o‘nlab odamlarda virus mavjudligi aniqlandi. 

Samolyotlardan farqli o‘laroq, bu kabi kemalarda ko‘p odamlar cheklangan maydonda uzoq vaqt aloqada bo‘lishadi.

Professor Chenning so‘zlariga ko‘ra, «kruiz kemalaridagi konditsioner tizimlarida energiya tejash maqsadida ichki va tashqi havo aralashtiriladi». 

«Ammo muammo shundaki, bunday tizimlar 5 ming nanometrdan kichik zarrachalarni filtrlay olmaydi, — deb tushuntiradi olim. — 2003 yildagi SARS epidemiyasida viruslar diametri 120 nanometrdan oshmagan va havo konditsioneri tizimi orqali kemada bemalol aylanib yurgan.

Professor Chenning so‘zlariga ko‘ra,  kruiz kemalari havoni qayta ishlash orqali energiya tejashdan ko‘ra, tashqaridagi havodan foydalansa, yuqtirish xavfi kamaytirilishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top