07:21 / 13.03.2020
4016
Oq uy Trampni koronavirusga tekshirishga hojat yo‘qligini ma'lum qildi

Oq uy Koronavirusga chalingan braziliyalik amaldor AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yaqin muloqotda bo‘lgandan keyin Trampning koronavirusga tahlil topshirishiga hojat yo‘qligini ma'lum qildi. 

Foto: REUTERS / Joshua Robers

Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishem aytib o‘tdi. 

Avvalroq koronavirus Braziliya prezidenti ma'muriyatidagi jamoatchilik bilan aloqalar kotibiyati rahbari Fabio Vayngartenda aniqlangan. Vayngarten o‘tgan hafta Braziliya prezidenti boshchiligida AQShga tashrif buyurgan delegatsiya tarkibida bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, u tashrif vaqtida Tramp va AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens bilan yaqin muloqotda bo‘lgan va hattoki ular bilan yonma-yon turib suratga tushgan. 

Biroq Oq uyda Tramp va Pens braziliyalik amaldor bilan deyarli muloqot qilishmagani ma'lum qilingan.

Trampning o‘zi esa Braziliya delegatsiyasi a'zosida virus aniqlanganidan xavotirda emasligini aytgan. 

Vayngartenda virus aniqlangach, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru virusga tahlil topshirgan. Tahlil javobi 13 mart kuni tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Shifokorlar prezident kasallik alomatlari namoyon bo‘lmagan holda virusga chalingan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda.

Bu orada bir qator ispan va portugal nashrlari Bolsonaruda virus aniqlanganini ma'lum qilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top