11:19 / 13.03.2020
2877
Senatda elchilar hisoboti eshitildi

Ayrim diplomatik missiyalari rahbarlarining faoliyatida jiddiy kamchiliklar qayd etildi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2020 yil 12 mart kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida Yevropa mamlakatlaridagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, Yevropa mamlakatlaridagi O‘zbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari tomonidan xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ijro etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan eksportni kengaytirishga, investitsiyalarni jalb qilishga va respublika hududlariga turistlar oqimini oshirishga qaratilgan aniq loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobotlari taqdim etildi.

O‘tkazilgan muhokamada diplomatik missiyalarning barcha masalalari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berildi hamda xorijda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini targ‘ib qilishdagi tizimli kamchiliklar ko‘rsatib berildi.

Mamlakat hududlarida ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi kamchiliklarga alohida e'tibor qaratildi.

Majlisda O‘zbekistonning qator elchixonalari faoliyati kuchaytirilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim diplomatik missiyalari rahbarlarining faoliyatida jiddiy kamchiliklar va amaliy natijalar yo‘qligi qayd etildi.

Diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga batafsil tavsiyalar berildi va ular oldiga o‘z faoliyati natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Majlis yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Top