21:29 / 13.03.2020
1137
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida bolalarga moliyaviy ko‘mak beruvchilar manfaati hisobga olinmagan – Nogironlar jamiyati

Bugun, 13 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2020 yilda rejalashtirilgan faoliyati hisoboti tinglandi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Shu qatorda matbuot anjumanida bir qancha boshqa masalalar muhokama etildi. Nogironlar jamiyati raisi o‘rinbosari Oybek Po‘latov ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga berilayotgan moliyaviy ko‘mak berishda soliq imtiyozlari olib tashlanganini aytib o‘tdi.

«Ayni vaqtda nogironligi bor bolalarga moliyaviy ko‘mak beruvchi qator NTTlar (nodavlat-notijorat tashkilotlar) bor. Ular davlatning ijtimoiy ko‘mak berish funksiyasini o‘z zimmasiga olgan holda davolanishga muhtoj bolalarga yordam berishyapti. 1 apreldan kuchga kiruvchi yangi tahrirdagi Soliq kodeksida NTTlar bolalarga moliyaviy ko‘mak berishda soliq imtiyozlari olib tashlandi (amaldagi Soliq kodeksida bu imtiyozlar bor). Endilikda NTTlar moddiy yordam berayotganda ma'lum miqdordagi davlat solig‘ini to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bu holat NTTlar yopilishigayam olib kelishi mumkin. Eski tizim saqlab qolinishini taklif qilgan bo‘lardim», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova ham ushbu masalaga munosabat bildirdi. U bu masala ayti vaqtda juda dolzarbligini qayd etib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda 30 nafar bola kimyoviy davolanish ololmayotganligi haqida xabar berildi. NTTlar yordam berolmayapti, chunki moliyaviy ko‘mak berishdan oldin soliqlarni to‘lash kerak. Masalani hal qilish uchun har tomonlama o‘rganish ishlarini olib borish kerak. Onkologik, qandli diabet, gematologiya kasalliklariga chalingan bolalarga ko‘mak berishda imtiyozlar yo‘q. Bu masalani ko‘tarishni rejalashtirganmiz», degan u.

Top