09:45 / 14.03.2020
14942
Bill Geyts Microsoft direktorlar kengashini tark etdi

Shuningdek, tadbirkor Berkshire Hathaway investitsiya fondi direktorlar kengashi tarkibidan chiqishga va xayriya ishlariga e'tibor qaratishga qaror qildi. U Microsoft’da bosh direktorning maslahatchisi sifatida ishlashda davom etadi

Foto: AP Photo/Markus Schreiber

Microsoft asoschisi Bill Geyts kompaniyaning direktorlar kengashini tark etmoqda. Bu haqda uning o‘zi LinkedIn’dagi sahifasida ma'lum qildi.

«Microsoft har doim mening hayotimning muhim qismi bo‘lib qoladi va men Satya Nadella [korporatsiya bosh direktori] hamda texnik rahbariyat bilan kompaniya qarashlarini shakllantirish va ulkan maqsadlarga erishish bo‘yicha hamkorlik qilishda davom etaman», - deya uning so‘zlarini keltirgan CNBC.

Korporatsiya xabarida aytilishicha, tadbirkor ko‘proq vaqtini sog‘liqni saqlash, ta'lim va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasidagi xayriya ishlariga sarflamoqchi. Geyts kompaniyada Nadella va Microsoft’ning boshqa rahbarlari maslahatchisi sifatida ishlashni davom ettiradi.

«Men uchun ko‘p yillar davomida Bill bilan birga ishlash va undan o‘rganish katta sharaf bo‘ldi. Direktorlar kengashi uning rahbarligi tufayli juda ko‘p yutuqlarga erishdi», - deya kompaniya bayonotida Nadellaning so‘zlari keltirilgan.

Shuningdek, Geyts Berkshire Hathaway investitsiya fondi direktorlar kengashi tarkibidan chiqishini ham ma'lum qildi.

Geyts Microsoft’ga 1975 yilda tadbirkor Pol Allen bilan birgalikda asos solgan. U 2008 yilga qadar kompaniyaning bosh direktori bo‘lgan - keyin Geyts rafiqasi Melinda bilan birga tashkil etgan xayriya jamg‘armasiga (Bill & Melinda Gates Foundation) ko‘proq e'tibor berish uchun bu lavozimni tark etdi. Tadbirkor Microsoft direktorlar kengashini 2014 yilgacha boshqargan, so‘ng bu lavozimni mustaqil direktor Jon Tompson egalladi.

Geyts Microsoft’ning taxminan 1 foiz aksiyalariga egalik qiladi. Forbes tadbirkorning boyligini 103,6 milliard dollarga baholagan. U dunyoning eng boy odamlari reytingida ikkinchi o‘rinda (Amazon bosh direktori Jyeff Bezosdan so‘ng).

Top