17:17 / 14.03.2020
40003
NYT: koronavirus 214 million amerikalikka yuqishi mumkin
Foto: Erin Schaff/The New York Times

AQShda koronavirus tufayli 200 mingdan 1,7 milliongacha odam halok bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda The New York Times tahlilchisi Sheri Fink gazetaning 13 mart kuni e'lon qilgan sonida. U kasalliklarni profilaktika va nazorat qilish markazi ma'lumotlari asosida maqola yozgan.

Maqolada yozilishicha, fevral oyida kasalliklarni profilaktika va nazorat qilish markazi xodimlari mutaxassis virusologlar bilan birgalikda virusning tarqalish tezligi va uning qanchalik qiyin kechishiga qarab voqealar rivojidan ilgarilagan holda bir nechta ehtimoliy variantni ko‘rib chiqishdi. Eng yomon holatlarda vaziyat qanday bo‘lishi haqidagi bu hisobotni AQSh aholisi orasida virus tarqalishining ehtimoliy yo‘nalishlarini tavsiflagan 50 ga yaqin olimlar guruhi ko‘rib chiqdi.

Ularning taxminiga ko‘ra, AQShda koronavirus epidemiyasi tarqalishi ortidan kasallik eng yomon holatlarda 160-214 million amerikalik fuqarolarga yuqishi mumkin. Shu bilan birga, 2,4-21 million nafargacha fuqarolarni kasalxonalarga yotqizish ehtiyoji paydo bo‘lishi mumkin va bu tabiiyki sog‘liqni saqlash sohasida inqirozni yuzaga keltiradi.

Foto: Agence France-Presse — Getty Images

Bugun AQSh shifoxonalari bir vaqtning o‘zida 925 ming nafar bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega. Ularning atigi 10 foizi o‘ta og‘ir bemorlar uchun mo‘ljallangan. Shu tufayli koronavirus yuqtirgan odamlarga kasalxonalarda joy yetmasligi va buning oqibatida qurbonlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin.

Maqolada ta'kidlanishicha, mamlakatda virus tarqalish tezligi federal va mahalliy miqyosda ko‘rilayotgan shoshilinch choralar tufayli kamayishi mumkin. Misol tariqasida Xitoyda kasallik tarqalishiga qarshi qo‘llanilgan agressiv karantin choralari haqida yozilgan.

Qizig‘i, tahlilchilarning hisoboti 28 fevralda e'lon qilingan va unda hali AQShda koronavirus tarqalish xavfi bugungiday dolzarb muammo emasdi. Florida universiteti yuqumli kasalliklar statistikasi markazining rahbarlaridan biri Ayri Lonjin bugungi kunda voqealar rivoji ekspertlar taxminini oqlayotganini aytdi. Hozirgacha AQShda koronavirusdan 41 kishi vafot etgan, ularning 31 nafari poytaxt Vashingtonda. Mamlakatda jami 1 635 nafar odamda kasallik aniqlangan.

Virusning mikroskopdagi ko‘rinishi
Foto: Reuters

Og‘ir pnevmoniyani keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusi epidemiyasi 2019 yil dekabr oyining oxirida Xitoyning Uhan shahrida boshlandi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirus yuqtirganlar soni 123 mamlakatda 131 ming kishidan oshdi, qariyb 5 ming bemor vafot etdi.

AQShdagi holat og‘irlashganidan keyin kecha 13 mart kuni prezident Donald Tramp mamlakatda favqulotda holat e'lon qildi. Oq uy rahbari virusga qarshi kurashish uchun davlat hech narsani ayamasligini hamda unga qarshi kurashish uchun 50 milliard dollargacha mablag‘ ajratilishi mumkinligini aytdi. Koronavirusga qarshi kurash uchun ishlab chiqilgan ilk dasturda esa AQSh davlat g‘aznasidan 8,5 milliard dollar ajratilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top