14:28 / 14.03.2020
63419
Velosipedda Hajga uch bor yo‘lga chiqib Eron, Suriya va Turkmanistondan qaytgan marg‘ilonlik Charxchi ota hikoyasi

Bu safargi optimist loyihasi qahramoni - Hajga borish uchun uch bora velosipedda yo‘lga chiqib, bir safar Eron, keyin Turkmaniston va uchinchi safar esa Suriya chegarasidan qaytgan ekan marg‘ilonlik 85 yoshli G‘anijon Mamadiyev, ya'ni Charxchi ota. U kishi haqidagi qiziq xabarlarni eshitgach, oldilariga borib suhbatlashishni maqsad qildik.

G‘anijon ota Mamadiyev 58 yil ko‘cha kezib charxchilik qilgan. Hozirgi paytda qisman unutilgan bu hunar, ya'ni ro‘zg‘ordagi pichoq, chopqi, bolta, qaychi kabi buyumlarni o‘tkirlash o‘z paytida juda kerakli edi.

Marg‘ilon shahrining Oybek ko‘chasida yashovchi G‘anijon ota uzoq yillar o‘z kashfiyoti bilan ro‘zg‘or tebratgan edi. U kishi oddiy “Ural” velosipediga bir zumda charxlovchi apparatga aylanuvchi uskunani o‘rnatgan. Charxchi ota velosipedi bilan mahallalarni kezib, odamlarning hojatini chiqarganini marg‘ilonliklar yaxshi eslashadi.

“Biz yosh bola edik. Charxchi ota ko‘chamizga kelib ikkita qoziqni velosipedining ikki tomoniga tirab qo‘yar, rulga charxni ulab, velosiped zanjiriga charxni tortib aylantirardi. Otaning ajoyib qiliqlari bor edi. Charxlashni velosipediga qarab antiqa harakat bilan boshlar va har zamonda “pup-puuup” degan ovoz chiqarar edi. Bolalarga shirin gapirgani uchun u kishi kelishi bilan mahalla bolalari uyidan pichoq, chopqilarini ko‘tarib chiqar, tangaga buyumlarimizni o‘tkirlatib olardik”, deydi u kishi haqida hamshaharlari.

 “Hajga velosipedda borishga uch bora urindim”

Uzoq yillar hajga borishni orzu qilgan G‘anijon ota mablag‘ yo‘qligi sabab, ko‘p bora uzoq safarga velosipedda yo‘lga chiqqan. Lekin, harakatlari samara bermadi.

“17 yoshimdan pichoq charxlashni boshlaganman. Qariyib 60 yil shu hunar bilan shug‘ullandim. Pichoq charxlab, vodiyni kezdim. Hamma joyga velosipedda borib kelardim. Namangan, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham bo‘lganman”, deydi ota.

 “Hajga boraman, deb uch-to‘rt marta velosipedda yo‘lga chiqdim. Birinchi borishimda, Eron chegarasida to‘xtatishgan. O‘sha yerda hujjatlarimni olib qo‘yishdi. Tekshirishdi, lekin meni u tomonga o‘tkazishmadi. O‘sha yerda qoldim. Ertalab mashinaga o‘tqazib, o‘sha yerda hujjatlarni rasmiylashtiradigan joyga olib borishdi. Qaytdim.

Bir safar yana yo‘lga chiqqanimda Turkiyaning qaysidir daryosigacha borganman. Turkiyada bir odamning uyida tunadim. O‘sha yerlardan ham orqaga qaytib kelganman. Hajga yetib bora olmadim. 1999 yil Suriyaga yetay deganimda, chegaradagi askarlar, “O‘tishga ruxsat beramiz, lekin daydi o‘q tegib nobud bo‘lasiz”, deyishdi. Harbiylar, “Hozir bu mamlakatda urush ketyapti”, deb o‘tkazishmagan. Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Suriya davlatlarida ham bo‘lganman.

Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida bir doktor yigit xonadoniga olib kirib ketdi. Ularning uyida ham ikki kecha qolganman. Ust-boshimni almashtirib, qo‘y so‘yib mehmon qilishdi.

Bir safar 5-6 nafar sheriklarim bilan birga ketgandik. Ular yo‘lda yonimga qo‘shilishgan edi. Keyin meni tashlab, o‘zlari ketib qolishdi. Ularga yeta olmadim. Pulim qolmagandi. O‘sha joydan qaytganman. Qaytayotganimda yo‘lma-yo‘l odamlarning pichoqlarini charxlab kelganman. Turkiya yo‘llarida kabob pishiradigan do‘konchilarning pichoqlarini ham charxlab berganman. Xizmat haqiga kabob berishgan. Pul berganida, olmaganman. Boshqa narsalar ham berishgandi, aravachada yukim ko‘payib ketadi, deb olmay ketganman. “Tog‘a, hech bo‘lmasa, shu yerda 10-15 kun turing”, deb aytishgan. Unamaganman.

Velosipedda bir kunda 500dan 700 kilometrgacha yo‘l yurardim. Lekin, qo‘rqinchli joylar ko‘p edi. Yo‘llarda yovvoyi hayvonlar ko‘p uchrar edi. Bir safar yo‘lbarsni ham ko‘rganman. “Bismillahir rohmanir rohiym”, deb ketaverardim”.

Menga uchragan barcha odamlar yaxshi muomalada bo‘lishdi.

 “Yaxshi niyat qilgan murodga yetar ekan”

Ota turli yillarda haj safari sari otlanib, yarim yo‘ldan qaytganidan tushkunlikka tushmaganini aytdi. “Hech xafa bo‘lmaganman. Shu joylarga qadam bosib borganim uchun Allohga shukur qildim. Niyatni astoydil qilsangiz, murodga albatta yetasiz ekan”, deydi u.

“Xo‘jayinim yo‘lga chiqqanida oziq-ovqatlarni g‘amlab berib, kuzatar edik. Bir necha oydan so‘ng qaytib kelardi. Shuncha yillar davomida maqsadiga yeta olmagan bo‘lsa ham ruhi tushmagan. Qarangki, farzandlarimiz ulg‘ayib muqaddas joylarga borish nasib qildi. Har bandani shu kunlarga yetkazsin”, deydi ayoli Ozodaxon ona.

 G‘anijon ota ayoli Ozodaxon bilan to‘rt nafar farzandni tarbiyaladilar. Ular ulg‘ayib ota-onasi niyatlarining amalga oshirdilar.

“O‘g‘lim Abdumannob bizni avval mashinada Toshkentga olib bordi. Samolyotda Turkiyaga uchdik. Kech tushib qolgan edi. O‘g‘lim bizni aravachada yetaklab, qornimizni to‘ydirib, hamma joylarni aylantirdi. Zo‘r mehmonxonalarda yotdik. Makka, Jidda shaharlarida bo‘ldik. Makka shahrining ko‘p joylarini aylanganmiz. Sochlarimni ham olishdi. 17 kun Ka'batullohni ziyorat qildim. O‘g‘limga Allohdan ko‘zlariga nur, bilagiga kuch berishini so‘rayman. Bizdan qaytmasa, bolalaridan qaytsin. Yana o‘sha yaxshi joylarga qaytib borish hammaga nasib qilsin”, deydi G‘anijon ota.

Yoshi 85ni qoralagan otaning sodda, beg‘ubor suhbatini tinglab, inson Yaratgandan yaxshi niyat bilan so‘rasa va sabr qilsa albatta murodga yetishini anglash mumkin.

 Elmurod Ermatov, Ahrorbek Yoqubjonov

Top