22:38 / 14.03.2020
8056
Pandemiya qurbonlari: Aviakompaniyalar egalari koronavirus ortidan qancha zarar ko‘rdi? 

Aviakompaniyalar asoschilari, rahbarlari va yirik investorlari koronavirus pandemiyasi sababli zarbaga uchradi. 

Foto: Pixabay

Keyingi oyda aviakompaniyalar aksiyalari global bozordagi eng yomon sarmoyaga aylandi. Aksiyalar narxi tushishidan eng ko‘p zarar ko‘rganlar investor Uorren Baffet va yana bir nechta milliarderlar bo‘ldi.

• Bozordagi sarosimadan jabr ko‘rgan mashhur investorlardan biri — Uorren Baffet. O‘tgan oyda uning Berkshire Hathaway investitsion fondiga qarashli Delta, United, Southwest va American Airlines aviakompaniyalari aksiyalari 3,78 mlrd dollarga arzonlashdi.  

• Aviabozorning sobiq tahlilchisi Pol Rider qo‘l ostidagi PAR Capital Management Boston hedj-fondi eng ko‘p pulni aviakompaniyalarga tikkandi va mos ravishda sezilarli zarar ko‘rdi. Fondning qiymati 3 mlrd dollarlik 40,5 foiz aktivi Amerika avialiniyalariga to‘g‘ri keladi. Fond koronavirusdan jabrlanayotgan turizm sohasi bilan ham uzviy bog‘liq: sayohatchilarga mo‘ljallangan Expedia, TripAdvisor va Trivago saytlari hamda Hertz va Avis avtomobillar ijara xizmatlari ulushlari ham unga tegishli.

• Yakka investorlar ichida koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan shaxs EasyJet asoschisi Stelios Xaji-Ioannu bo‘ldi. London birjasida aviakompaniya aksiyalari narxi bir oy ichida 47 foizga arzonlashdi, biznesmenning boyligi esa 1,1 mlrd dollargacha kamaydi.

• Allegiant Air louskosteri asoschisi Moris Gallaher kompaniyasi aksiyalari 38,6 foizga qulab, ulushi qiymati 286 mln dollarga tushib ketishini alam bilan kuzatdi.

• Hindistondagi IndiGo loukosteri asoschisi Rakesh Gangvalning boyligi 2,3 mlrd dollargacha kamaydi, unga qarashli InterGlobe Aviation xoldingi aksiyalari narxi bir oy ichida 28,3 foizga tushib ketdi.

• London birjasida Ryanair aksiyalari narxi 34,3 foizga arzonlashdi, kompaniya bosh direktori Maykl O’Lirining ulushi esa 531 mln dollargacha qisqardi.

• American Airline aksiyalari naqd 55,3 foizga tushib, kompaniya bosh direktori Uilyam Parkerning ulushi 33,9 mln dollargacha kamaydi.

• Southwest rahbari Geri Kelliga tegishli 792 000 dona aksiya narxi 38,7 foizga —28,6 mln dollarga arzonlashdi.

Aksariyat tahlilchilar yo‘lovchilar oqimi koronavirus pandemiyasi tugaganidan so‘ng V-simon shaklda tiklanishini taxmin qilmoqda. 

Avvalroq United Airlines aviakompaniyasi turizm sohasida misli ko‘rilmagan zarar tufayli uni bartaraf etish uchun 2 milliard dollar qarz olgani haqida ma'lum qilgandi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top