23:45 / 14.03.2020
22964

Qarshi tumanida ayol o‘z erini pichoqlagan. Jabrlanuvchi IIB tekshiruv o‘tkazmayotganidan norozi

Shu yilning 8 mart kuni Qarshi tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan I.Qurbonovga uning turmush o‘rtog‘i pichoq yordamida tan jarohati yetkazgan. Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, hozircha IIB voqea yuzasidan biror chora ko‘rmagan.

Tahririyatga murojaat yo‘llagan qarshilik I.Qurbonovning ma'lum qilishicha, joriy yil 8 mart kuni turmush o‘rtog‘i, 1991 yilda tug‘ilgan Q.Z. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan janjal vaqtida ayol unga oshxona pichog‘i bilan hamla qilib, chap yelka qismiga sanchilib kesilgan tan jarohati yetkazadi.

Voqeadan xabar topgan qo‘shnilar zudlik bilan jabrlanuvchini tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borishadi va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Kasalxona shifokorlari tomonidan berilgan xabar bo‘yicha ichki ishlar bo‘limi xodimlari kelib, hodisa tafsilotlarini o‘rganib ketishadi.

I.Qurbonovning aytishicha, shundan so‘ng biror bir huquqni muhofaza qiluvchi idora bu masala bilan shug‘ullanmagan. Tan jarohatining og‘irlik darajasi bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza ham tayinlanmagan. O‘zbekiston Respublikasi IIV va Bosh prokuraturaning ishonch telefonlariga bog‘lanib, turmush o‘rtog‘iga nisbatan chora ko‘rilmayotgani haqida yo‘llagan shikoyatlari ham samara bermagan.

Jabrlanuvchining so‘zlariga qaraganda, voqea oilaviy kelishmovchiliklar natijasida yuz bergan. Turmush o‘rtog‘i uni o‘ldirish maqsadida pichoq urganligini, lekin tasodif tufayligina omon qolganligini, bunday holatda unga nisbatan zudlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi kerakligini aytadi.

I.Qurbonov tahririyatga taqdim etgan fotosuratdan jabrlanuvchidagi tan jarohati sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan tarzda yetkazilganligini ko‘rish mumkin.

Qashqadaryo viloyat IIBdan mazkur masalani o‘rganish va rasmiy munosabat bildirishni so‘rab qolamiz.

Mavzuga oid
Top