12:35 / 14.03.2020
46950

Uchtepa tumanidagi avtoservisda portlash ro‘y berdi

Toshkent shahar IIBB Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan hodisa haqida ma'lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, bugun, 14 mart kuni soat 11:15larda Toshkent shahri bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasiga Uchtepa tumanidagi Foziltepa ko‘chasida joylashgan avtoservislardan birida portlash ro‘y bergani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Bildirilishicha, avtoservisda kislorod balloni portlagan, natijada servis binosi tomining bir qismi qulab tushgan. Jarohat olganlar kasalxonaga yotqizilgan. 

Xabarda aytilishicha, ro‘y bergan hodisaning ehtimoliy sababi - kislorod ballonidan foydalangan holda ishlashda xavfsizlik qoidalarining buzilishi. Yong‘in ro‘y bermagan. 

Bildirilishicha, hozirda tergovga qadar tadbirlar olib borilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari voqea joyida ishlamoqda.

Top