22:10 / 15.03.2020
7708

AOKA rahbariyati koronavirus haqida yolg‘on axborot tarqatganlarga qonunchilikda qanday jazo tayinlanishini eslatdi

AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov jurnalist va blogerlarga koronavirus haqida yolg‘on axborot tarqatganlik va aholida vahima uyg‘onishiga sabab bo‘lganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra jiddiy jazolar qo‘llanishini eslatib o‘tdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Bugun Vazirlar Mahkamasida bosh vazir A.Aripov boshchiligida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani haqida komissiya yig‘ilishi va OAV uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Jurnalist va blogerlarga yetarlicha axborot berildi, savollariga batafsil javob keltirildi.

Shu asnoda, barcha OAV va blogerlarni axborot sohasida qonunchilikka jiddiy va to‘liq amal qilishlarini so‘raymiz, ya'ni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot tarqatish «OAV to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi birinchi qismini, Jinoyat kodeksini buzish hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka olib keladi.

Masalan, Jinoyat kodeksi, 244(1)-modda 2-qismi:

«Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da'vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek, diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar:

a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;

b) xizmat mavqeidan foydalanib;

v) diniy tashkilotlardan, shuningdek, chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;

g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi», deydi AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top