22:06 / 15.03.2020
10000
Davlat soliq qo‘mitasi oziq-ovqat va birlamchi iste'mol mahsulotlari narxlarini qat'iy nazoratga oldi

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston hukumati karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rilishini ma'lum qilgandi.

Foto : KUN.UZ

Karantin davrida osoyishtalikni ta'minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi oziq-ovqat va birlamchi iste'mol mahsulotlari narxlarini qat'iy nazoratga oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.  

“Ayrim insofsiz tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir tuman (shahar) soliq inspeksiyalari, viloyat soliq boshqarmalari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Markaziy apparatida narxlarning o‘zgarishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlari tashkil etildi”, deyiladi xabarda. 

Aniqlangan narxlarning asossiz oshirilishi holatlari haqida zudlik bilan Davlat soliq qo‘mitasi raisiga axborot beriladi. Ularning har biri bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.

“Agarda siz oziq-ovqat va birlamchi iste'mol mahsulotlari narxlarining asossiz oshirilishiga duch kelsangiz DSQning (71) 244-98-98 “ishonch telefoni” yoki qisqa 1198 raqamli Sall-markazga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston hukumati karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rilishini ma'lum qilgandi.  

Eslatib o‘tamiz, 15 mart kuni «Parij-Toshkent» reysi orqali uchib kelgan o‘zbekistonlik yo‘lovchida koronavirus aniqlangani xabar qilindi. Ma'lum qilinishicha, u 11 mart kuni uchib kelgan bo‘lib, aeroportda o‘tkazilgan birlamchi tekshiruvda bemorda kasallikning hech qanday alomati aniqlanmagan. Keyinchalik, dastlabki simptomlar paydo bo‘lgach, bemorning o‘zi 14 mart oqshomida Virusologiya instituti laboratoriyasiga murojaat qilib, qon tahlillari topshirgan. Shundan so‘ng zudlik bilan karantinga olingan. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top