13:30 / 15.03.2020
82306
Koronavirus aniqlangan bemor Parijdan Toshkentga 11 mart kuni kelgan

O‘zbekistonda koronavirus tashxisi qo‘yilgan ilk bemor ayol kishi bo‘lib, u 11 mart kuni «Parij-Toshkent» reysida uchgan.

«Interfaks» o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, u bilan birga uchgan 48 yo‘lovchi hamda ekipajning 9 a'zosi ayni vaqtda tibbiy kuzatuvga olingan. Yo‘lovchilarning 24 nafari tranzit yo‘lovchilar bo‘lgan, jumladan, Fransiyaning 4 nafar, Italiya va Braziliyaning bir nafardan fuqarosi ushbu reysda uchishgan.

Bemorning oila a'zolari bo‘lgan 10 kishi va safardan qaytganidan keyin u bilan aloqada bo‘lganlar alohida nazoratga olingan.

Flightradar24 ma'lumotiga ko‘ra, Uzbekistan Airways Parijdan Toshkentga so‘nggi ikki reysni 10 va 13 mart kunlarida amalga oshirgan (bu reyslar mahalliy vaqt bilan 11 mart va 14 mart kunlari Toshkentga qo‘ngan).

O‘zbekiston hukumati 13 mart kunidan Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi. O‘zbekistonliklarga Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyaga vaqtincha bormay turish tavsiya qilingan.

Shuningdek, Xitoy, Koreya Respublikasi, Italiya, Eron, Fransiya va Ispaniya fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston hududiga barcha turdagi chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelishi vaqtincha to‘xtatilgan. 

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2020 yil 27 fevraldagi 2-sonli qaroriga asosan 2020 yil 1 mart kunidan boshlab O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha harakatlar tartibi tasdiqlangan, 4 mart kuni e'lon qilingan qarorga ko‘ra, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afg‘oniston, Yaponiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali, bir vaqtda uyushgan holda kirib kelgan fuqarolar 14 sutkaga karantinga olinishi, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afg‘oniston, Yaponiya, Fransiya, AQSh, Germaniya, Singapur, Ispaniya, Gonkong, Makao, Tayvandan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali, uyushmagan holda kirib kelgan fuqarolar, agar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa, uy sharoitida izolyatsiya (uy karantiniga) olinishi ma'lum qilingandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top