15:20 / 15.03.2020
150505
Koronavirus aniqlangan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor ekani ma'lum qilindi

Ma'lum bo‘lishicha, bemor – oliy toifali shifokor, xususiy klinikalardan birining rahbari.

Foto: Kun.uz

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlanishi ortidan Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bemor haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ayol 11 mart kuni «Parij-Toshkent» reysi orqali uchib kelgan. Aeroportda o‘tkazilgan birlamchi tekshiruvda bemorda kasallikning hech qanday alomati aniqlanmagan.

Keyinchalik, dastlabki simptomlar paydo bo‘lgach, bemorning o‘zi 14 mart oqshomida Virusologiya instituti laboratoriyasiga murojaat qilib, qon tahlillari topshirgan. Shundan so‘ng zudlik bilan karantinga olingan. Bemorning yoshi oshkor qilinmadi.

Ayni paytda reys yo‘lovchilari, bemorning oila a'zolari, hamkasblari, u bilan kontaktda bo‘lganlar – 150ga yaqin kishi izolyatsiyaga olingan. Ular bilan aloqada bo‘lganlarni ham aniqlash ishlari davom etyapti.

11 mart tongida Fransiyadan uchib kelgan samolyotda 45 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ularning yarmi – chet el fuqarolari. Xorijliklar tranzit tufayli O‘zbekistonda bo‘lib, so‘ng mamlakatni tark etgan.

O‘zida koronavirus alomatlarini sezgan fuqarolardan shifoxonaga bormaslik, 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan holda tez tibbiy yordam chaqirish so‘ralmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top