10:25 / 15.03.2020
8338

Koronavirus: Isroilda 10 kishidan ko‘p bo‘lib to‘planish taqiqlandi

Isroil bosh vaziri koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha qat'iy choralar kiritilishini e'lon qildi. Jumladan, 10 kishidan ko‘p bo‘lib to‘planish taqiqlandi. 

Foto: REUTERS /Thomson

Isroil OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kamida 5 haftaga kafe, bar, ko‘ngilochar markazlar yopilishini e'lon qildi. Shu bilan birga, dorixonalar, supermarketlar va AYoQShlar ishlashda davom etadi.

Yangi cheklovlar 15 martdan joriy qilinadi.

"Biz ko‘rinmas dushmanga qarshi urushmoqdamiz. G‘alaba har biringiz ko‘radigan qadamga bog‘liq. Biz virus yuqtirmaslik va unga chalinmaslik uchun barcha ishni qilishimiz lozim”, deb aytgan Netanyaxu.

“Bizda yetarli miqdorda oziq-ovqat bor. Supermarketlar ishlashda davom etadi, oziq-ovqat bilan muammolar bo‘lmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Isroil bosh vaziri.

U fuqarolardan imkoni boricha uydan chiqmaslikni, chiqishsa ham bir-birlaridan kamida 2 metr masofa saqlashni iltimos qilgan.

Bundan tashqari, bosh vazir 10 kishidan ko‘proq bo‘lib to‘planishni taqiqlagan.  

Bu orada bunday choralar e'lon qilinishi aholi o‘rtasida vahima keltirib chiqarib, natijada 14 mart kechki payt supermarketlar oldida oziq-ovqat g‘amlab qo‘yishni istovchilardan iborat turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.

Avvalroq Isroilda maktablar va oliy ta'lim muassasalari yopilishi e'lon qilingandi. 12 martdan Isroilga keluvchi barcha uchun 14 kunlik karantin kiritilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilda koronavirusga chalinganlar soni 195 nafarga yetgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top