20:48 / 15.03.2020
69879
Koronavirus: smartfon ham infeksiya tashuvchisi bo‘lishi mumkinmi?

Deyarli hech qayerda qo‘ldan qo‘yilmay foydalaniladigan mobil telefon turli infeksiyalarni qo‘zg‘atuvchi bakteriya va viruslar manbai bo‘lishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 15 mart kuni O‘zbekiston 24 telekanalida bergan intervyusida smartfon va televizor pultlarida ko‘plab virusli infeksiyalar qo‘zg‘atuvchilari bo‘lishi mumkinligi va ularni doimiy ravishda tozalash kerakligini aytdi.

Foto: Tomohiro Ohsumi/Getty Images

Mobil telefon nima uchun infeksiya tashuvchisi bo‘lishi mumkin? Buning bir necha asosiy sabablari bor:

  • mobil telefon ko‘pincha qo‘ldan qo‘lga beriladi. Egasi uni har doim ham yuvilgan, toza qo‘llar bilan ushlamaydi;
  • suhbat vaqtida mobil telefon yuzga juda yaqin olib kelinadi;
  • ko‘pchilik hojatxonaga ham telefon bilan kiradi. Bu joy esa turli qo‘zg‘atuvchilarga juda “boy”.

Mobil telefon gripp, boshqa virusli respirator infeksiyalar, jumladan, COVID-19 koronavirus infeksiyasi qo‘zg‘atuvchilarini o‘tkazuvchi sifatida ayniqsa muhim rol o‘ynashi mumkin.

Infeksiyadan qanday saqlanish mumkin?

Birinchisi: qo‘llar gigiyenasiga qat'iy rioya qilish kerak. Jamoat joylarida bo‘lgach va hojatxonadan chiqqach, qo‘llarni 20 soniya davomida sinchkovlik bilan yuvish, undan keyin esa bir martalik qog‘oz sochiqlar bilan yaxshilab quritish kerak. Yoningizda antiseptik salfetka va suyuq vositalar (gel, sprey va b.)ni olib yurish maqsadga muvofiq. Ana shunda qo‘llarni yuvish ilojsiz bo‘lgan vaziyatlarda ham ularning tozaligini saqlash mumkin.

Ikkinchisi: telefonni antiseptik vositalar bilan muntazam tozalash kerak. Bunda gadjet korpusining yuzga tegadigan joyiga ayniqsa ko‘proq e'tibor berish lozim. Agar smartfonning ustida g‘ilof bo‘lsa, tozalayotgan vaqtda uni yechish va g‘ilofga ham alohida ishlov berish lozim (yaxshisi, g‘ilofdan umuman foydalanmagan ma'qul).

ORVI va gripp viruslariga qarshi kurashish uchun asosida spirt bo‘lgan salfetka va gellardan foydalanish kerak.

Telefonga ommaviy joylarga borgach, jamoat transportidan foydalangandan keyin  va kechki payt – ish kuni tugaganidan keyin ham antiseptik vositalar bilan albatta ishlov berish lozim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top