23:42 / 15.03.2020
10504
O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yini bekor qilindi
Foto: Tribuna.uz

15 mart kuni O‘zbekistonda ilk koronavirus holati aniqlangach, barcha ommaviy tadbirlar, xususan sport va futbol musobaqalari rasman bekor qilindi. Shu jumladan, milliy jamoasining o‘rtoqlik o‘yini ham o‘tkazilmaydi.

«O‘zbekiston va Tojikiston milliy jamoalari o‘rtasida 31 mart kuni Toshkentda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu o‘rtoqlik uchrashuvini koronavirusning tarqalishi xavfi tufayli bekor qildi», - deya xabar bermoqda Tojikiston futbol federatsiyasining rasmiy sayti.

Vadim Abramov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 31 mart kuni JCh-2022 saralash bosqichi doirasida Yamanga qarshi safarda to‘p surishi lozim edi. Ammo ushbu bahsning bekor qilingani va Tojikiston bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi haqida O‘FA tomonidan ma'lumot berilmagandi. 

Shuningdek, 26 mart kuni Toshkentda Armaniston milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini rejalashtirilgandi. Bu bahs ham katta ehtimol bilan bekor qilinishi mumkin. 

Oldinroq, FIFA OFK bilan kelishgan holda JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan o‘yinlarni qoldirishga qaror qilgan, ammo milliy jamoalar o‘zaro kelishgan holda o‘yin ishtirokchilari xavfsizligi ta'minlanishi sharti bilan uchrashuvlarni o‘z vaqtida o‘tkazishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. FIFA koronavirus tarqalish xavfi sabab shunday qarorga kelgan. Yuqorida ko‘rsatilgan muddatda O‘zbekiston uchta o‘yin o‘tkazishi kerak edi va endilikda Yaman (31 mart), Singapur (4 iyun) va Saudiyaga qarshi (9 iyun) o‘yinlari noma'lum muddatga qoldirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Tribuna.uz sayti muxbiri bilan suhbatda Superliga va futbol uchrashuvlarining qoldirilishi masalasida 16 mart kuni navbatdan tashqari O‘FAda yig‘ilish o‘tkazilishi haqida ma'lum qilgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top