15:47 / 15.03.2020
94391
O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan - Abdulla Aripov

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan karantin qoidalarini mensimaslik yoki uni buzganlik uchun ko‘riladigan choralar qat'iylashtiriladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Prezident Bosh prokurorga bu borada tegishli topshiriqlar bergan, deb ma'lum qilindi bugun Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Jinoyat kodeksining Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya'ni 257-1-moddasida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlik uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilgan.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya'ni 54-moddasida qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik holati bo‘yicha — fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston 16 martdan boshlab barcha aviaqatnovlarni to‘xtatdi.

Endilikda O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlarga chiqishi, chet davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi. Chet davlatlarda qolgan o‘zbekistonliklarning qaytishi uchun charter reyslar tashkil etilishi mumkin, xorijdan qaytarilganlarning barchasi karantinga joylashtiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top