18:41 / 15.03.2020
15015
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi asbob-uskunalar va dori-darmonlar yetarli – Bosh vazir

O‘zbekiston hukumati koronavirus epidemiyasi tarqalishiga qarshi barcha zarur choralarni ko‘rib qo‘ygan, deb bayonot berdi Bosh vazir Abdulla Aripov.

«Bizda yetarli miqdorda dori vositalar zaxirasi bor. Shu kasallikka qarshi kurashuvchi xodimlar uchun himoya vositalari yetarli darajada. Va eng muhimi, yetarli darajada asbob-uskunalarni xarid qilib, zaxirasini tayyorlashga ulgurganmiz», – dedi Aripov 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan brifingda.

«O‘zbekiston 24» telekanalida jonli efirda chiqish qilgan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ehtimoliy xatarga «barcha viloyatlar tayyor» ekanini bildirdi.

Vazirning aytishicha, Sanitariya-osoyishtalik agentligining hududiy boshqarmalari xodimlari tegishli tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

Alisher Shodmonov / Videodan kadr​​​

«Xodimlar epidemiya va profilaktika holatlarida qanday yo‘l tutish kerakligini bilishadi», – dedi Shodmonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari ishtirokida treninglar tashkil etilgan.

«Bundan tashqari, joylarda dori va dezinfeksiya vositalari zaxiralari yaratilgan», – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri.

Eslatib o‘tamiz, 11 mart kuni Fransiyadan Toshkentga qaytgan o‘zbekistonlik ayolda koronavirus borligi 15 mart kuni aniqlandi.

Respublikadagi barcha ta'lim muassasalarida 2-3 haftalik ta'til e'lon qilindi, chegaralar yopilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top