07:25 / 15.03.2020
7252
Trampda koronavirus aniqlanmagani ma'lum qilindi   

AQSh prezidentida Braziliya delegatsiyasining koronavirusga chalingan a'zosi bilan muloqotda bo‘lganidan bir hafta o‘tgach kasallikning hech qanday alomatlari aniqlanmadi. 

Foto: Shawn Thew / Consolidated News Photos / Global Look Press

Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishem ma'lum qildi.

“Braziliya delegatsiyasi bilan Mar-a-Lago qarorgohida o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin prezidentda kasallikning hech qanday alomatlari namoyon bo‘lmadi”, deb ma'lum qilgan Grishem.

Ushbu ma'lumotni Trampning shaxsiy shifokori Shon Konli ham tasdiqlagan. “Bugun men Trampning koronavirusga testi manfiy chiqqanining tasdig‘ini oldim”, deb aytgan Konli.  

Trampning salomatligi borasida xavotir uning kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan kongressmenlar bilan uchrashuvlari va Braziliya delegatsiyasi bilan muloqotidan keyin paydo bo‘lgan. Avvalroq AQShga kelgan Braziliya delegatsiyasi a'zolaridan biri – Braziliya prezidenti ma'muriyatining jamoatchilik aloqalari kotibiyati rahbari Fabio Vayngartenda koronavirus aniqlangan. Jumladan, Tramp uchrashuv vaqtida Vayngarten bilan yonma-yon suratga tushgan.

AQSh prezidenti 14 mart kuni koronavirusga test topshirgandan keyin u va vitse-prezident Mayk Pens bilan muloqot qilgan barcha xodimlarning salomatligi tekshirilishini ta'kidlab o‘tgan. Bundan tashqari, Tramp ishtirokidagi matbuot anjumanlariga tashrif buyuruvchi jurnalistlarning tana harorati o‘lchanmoqda.

Shuningdek, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruda ham koronavirus aniqlanmagan. Bolsonaru koronavirusga topshirgan test natijalari olingandan keyin yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka chaqirgan. Avvalroq Braziliya prezidentidan olingan birinchi testlar unda koronavirus borligini ko‘rsatgani haqida xabarlar tarqalgandi.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top