00:23 / 15.03.2020
83469
UzAuto Motors haqida: «Insonlarni tanlashdan mahrum qilish – tarixiy ma'naviyatsizlik, uyatsizlik va shafqatsizlikdir»

Karim Bahriyevning tahliliga ko‘ra, UzAuto Motors zavodi bo‘lmasa va 130 ming dona avtomashina O‘zbekistonga chetdan o‘rtacha 8000 dollar narxda olib kirilsa va hozirgidek 50-70 foiz emas emas, 10 foiz to‘lov joriy etilsa ham, budjetga 1 milliard dollardan ziyod tushum tushadi.

9 mart kuni UzAuto Motorsʼning avtomobillar narxini turli mashinalar kesimida 15-20 foiz atrofida oshirishi ortidan ushbu korxonaga nisbatan bo‘layotgan e'tirozli fikrlar hamon to‘xtagani yo‘q.

Bu borada turli OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan ko‘plab tanqidiy chiqishlar hamda UzAuto Motors mahsulotlariga nisbatan boykotga chorlovlarni kuzatish mumkin.

Kun.uz mavzu yuzasidan turli soha vakillari, ekspertlar fikrini e'lon qilib kelmoqda. Saytning navbatdagi suhbatdoshlari taniqli jurnalist Karim Bahriyev, deputat Doniyor G‘aniyev hamda siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

Karim Bahriyev:  «Ahvol shunday davom etsa, yetar endi, deyilishiga qaramasdan, monopolist guruhlar «yana bir yil yo ikki yil onamni emib, o‘zimni tutib olay» deb tamshanadigan go‘dak kabi tarmashib turaveradilar»

Foto: Karim Bahriyevning Facebook sahifasidan olindi

Jurnalist Karim Bahriyevga ko‘ra, monopolist «GM Uzbekistan» 2017 yilda 135,5 ming dona avtomobil ishlab chiqargan. Sohadagi o‘rtacha ish haqi 300 dollar ekvivalentida ekani hisobga olinsa, kompaniyada ishga haq to‘lash fondi taxminan 100 million dollar ekvivalentga teng.

«Bu sohada 14 000 atrofidagi kishi ish bilan ta'minlangan. O‘zbekistonda 6-7 million atrofida ishsiz bor, Rossiyada 2,5 million yurtdoshimiz ishlaydi. 10-15 ming kishi ishsiz qoladi deb, bankrot zavodni ushlab turish kimga kerak?!

Bu zavodning dunyoda 8000 dollar turadigan mashinasini biz o‘zbeklar, 16 000 dollarga xarid qilyapmiz. Tashqaridan mashina kirmagani, «butlovchi qismlar» kirgani uchun davlat budjetiga to‘lov tushmaydi. Korxona foyda olsa, aksiyadorlari ko‘radi. U aslida bankrot holatidadir», dedi Bahriyev.

«Bundan tashqari, yengil avtomobillar importi orqali QQSdan davlat budjetiga tushadigan mablag‘lar 200 million dollarni tashkil etadi. Davlat budjetidan «O‘zavtosanoat» barcha xodimlariga ish haqini avtomobillarni ishlab chiqarmagani uchun to‘la hajmda kompensatsiya qilib berish mumkin.

Afsuski, hozircha bu monopolist hukumatga yaqin vaqt ichida chet elda ishlab chiqarilgan mashinalarni O‘zbekistonga olib kirganlik uchun boj to‘lovlari qiymatini pasaytirish, bozorni monopoliyadan chiqarib, raqobat muhitini yaratishga imkon bermayapti».

Jurnalist biz bilan suhbat davomida O‘zbekistonda mashinalar, televizorlar va boshqa maishiy texnikalar import qilingan butlovchi qismlardan yig‘ilishi va dunyo narxidan ikki barobar qimmatga sotilishi, lekin zavod va fabrikalarimiz bankrot holatida ekaniga urg‘u berdi.

Unga ko‘ra, dunyoda xuddi shu butlovchi qismlardan mashinalar va maishiy texnikani yig‘ishadi va bizdan ikki barobar arzon sotishadi hamda foyda ko‘rishadi.

«Dunyo aviakompaniyalari biznikiday yonilg‘i yoqadi va shu samolyotlarni tasarruf qiladi, biletini biznikining yarim narxida sotadi hamda foyda ko‘radi. Bizning aviakompaniyamizda dunyodagi aviakompaniyalarniki kabi yonilg‘ida va ularniki kabi samolyotlarda uchamiz va biletlarimiz dunyo narxlaridan ikki barobar qimmat, lekin bizning aviakompaniyamiz bankrot holatida... Bu qanaqa iqtisod, birodarlar?!

Boshqa turli davlatlarda ham shu qismlardan mashina yig‘iladi va ular raqobatbardoshlidir, ularning mashinasi biznikidan arzon. Nega bizning avtozavodimizniki qimmatga tushadi?!

Balki, bizning avtozavod ishchilariga Yaponiya, Koreya yoki Turkiya zavodinikidan ko‘p maosh to‘lar? Yo‘q, ular maoshining beshdan birini ham bermaydi. Balki, u yerlarda elektr energiyasi, ijara haqi, yer qiymati, soliqlar biznikidan qimmatdir? Yo‘q, bizda bular besh-o‘n barobar arzon. Balki, bizning avtozavodimiz ulardan ko‘proq soliq to‘lar? Yo‘q, bizning avtozavodimiz yillar davomida deyarli barcha soliqlardan ozod qilingan.

Unda nega shuncha xarajati bilan ularning avtomobili arzon, shuncha imtiyozlar bilan bizniki qimmatga tushadi?», degan savollar meni ko‘p qiynaydi, o‘ylantiraveradi, dedi Karim Bahriyev.

Jurnalist savolga yana o‘zi javob berarkan, buning bosh sababi tizimning samarasizligi va korrupsiyalashgani ekanini aytdi.

«Korrupsiyaning sababi esa monopoliyaning mavjudligi va yasama proteksionizmdir.

Mahsulot qiymatini pasaytirish uchun xarajatlarni kamaytirish, yangi texnologiyalar kiritish va boshqa choralar ko‘rish o‘rniga har gal narx oshiriladi, ya'ni zavodning muammolari xalq hisobidan hal etiladi. Xalq boshqa arzon mashina olaman desa, yo‘liga to‘siqlar barpo etiladi, ya'ni «mahalliy ishlab chiqaruvchi himoyalanadi».

Zavodimiz bo‘lmay, chet el avtomobillarini bemalol olsak, xalqda tanlov bo‘lardi va arzon olardi. Davlatga ham bu zavoddan foyda yo‘q, chunki chetga sotgan mashinalarining valutasiga yangi mashinalari uchun butlovchi qism oladi. Soliq ham to‘lamaydi, ozod qilingan. Moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun davlat dividend ham ololmaydi. Qolaversa, kiradigan avtomobillarga bojlar miqdori kamaytirilsa, xalq o‘n minglab mashina olib kirardi va ulardan budjetga yuz millionlab valuta tushardi», – dedi u.

Karim Bahriyev suhbat davomida ko‘pchilik ekspertlar kabi o‘zbek avtomobilsozligi bir guruh shaxslar uchun daromad manbai bo‘lib qolayotganini urg‘uladi.

«Agar «avtomobilsozligimiz faxri»dan biror foyda bo‘lsa, buni hali biz yorug‘likka olib chiqolmayotgan bir guruh shaxslar ko‘radi. “Ish o‘rinlari yaratildi» deyishlari mumkin. Bu zavod bo‘lmasa, keladigan foydaga bundan yuz barobar ko‘p ish o‘rinlari yaratish mumkin», – dedi u.

Jurnalist yaponlar yo nemislarning zavodlari kelsa va zavodlar o‘nta bo‘lsa-yu, mahalliy ishlab chiqaruvchiga imtiyozlar saqlanib qolinsa, ahvol baribir shu holicha qolaverishi mumkinligini ta'kidladi.

Unga ko‘ra, hukumat mashina olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini mo‘'tadillashtirishi kerak, toki xaridor yoki sotuvchi olib kirish va sotishdan foyda olsin. Shunda xaridor tanlab, maqbul mashinani maqbul narxda oladi.

«Bu mavjud zavodlarni xarajatlarni kamaytirishga, sifatni yaxshilashga, assortimentni ko‘paytirishga, raqobatga bardoshli bo‘lishga undaydi. Davlat budjeti olib kirilayotgan avtomobillar uchun boj to‘lovlaridan yuz millionlab dollar mablag‘ga ega bo‘ladi.

Chorak asr mobaynida ko‘rsatilgan «milliy ishlab chiqaruvchiga g‘amxo‘rlik”dan monopolistlar raqobatbardosh bo‘lmadi va yana yuz yil shu yo‘sinda davom etsa, o‘zgarmaydi. Faqat ashaddiy, oshkora va halol raqobat rivojlanishga majbur qiladi.

Yetar endi, deyilishiga qaramasdan, monopolist guruhlar «yana bir yil yo ikki yil onamni emib, o‘zimni tutib olay» deb tamshanadigan go‘dak kabi tarmashib turaveradilar, farog‘at holini saqlanib qolishi uchun lobbistlik nolishlarini to‘xtatmaydilar», – dedi jurnalist Karim Bahriyev.

Doniyor G‘aniyev: «UzAuto Motors ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilmagani yetmagandek, hatto mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqargan ehtiyot qismlarni ham xarid qilmaydi».

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev 11 mart kuni tashkil qilingan deputatlar, «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors vakillari o‘rtasidagi muloqotda qatnashgan edi.

Suhbat davomida aytishicha, uchrashuv juda qisqa bo‘lgani uchun deputatlar o‘zlari tomonidan berilgan savollarga ko‘ngildagidek javob ololmagan. Shuningdek, uchrashuv xabari deputatlarga juda oz vaqt qolganda aytilgan.

«Shaxsan men uchrashuv xabarini yarim soat oldin eshitdim va tabiiyki, unga tayyorgarliksiz, qo‘limda aniq fakt va raqamlarsiz qatnashishga to‘g‘ri keldi.

Natijada ko‘tarilgan masalalar, jumladan Rasul Kusherbayev va Nodir Jumayev fikrlari kompaniya vakillari tomonidan yolg‘onga chiqarilib, deputatlarni populizmda ayblashdi.

O‘zlari esa olib kelgan qandaydir raqamlar bilan tinimsiz gapni aylantiraverishdi. Vaqt qisqa bo‘lganligi uchun ularning raqamlarini o‘sha yerning o‘zida faktchek qilib bo‘lmadi», dedi deputat.

Uning aytishicha, UzAuto Motors faoliyatining haqiqiy holati haqida muloqotdan bir kun keyin Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z munosabatida kompaniya mashinalarining narxi tashqi bozorlarda ichki bozordan 20-50 foiz arzonligi, mashinalarning sifatsizligi, korxona teng bo‘lmagan raqobat shartlarida faoliyat yuritayotganini rasman tasdiqlagan edi.

Qolaversa, Davlat soliq qo‘mitasi ham avtomobil narxida QQS yuki 5-6 foizdan oshmasligini aytib o‘tdi.

Ko‘rinib turibdiki, uchrashuvda yolg‘on gapirgan deputatlar emas, balki UzAuto Motors vakillari bo‘lib chiqmoqda.

Doniyor G‘aniyev uchrashuvda korxonaning yana bir qator xurmacha qiliqlari aytilmay qolganini ta'kidladi.

«Masalan, mijozning avvaldan 85 foiz to‘lov qilib, mashinani esa kamida 3 oydan keyin olishi. Kompaniya esa bu paytda pulni bankda saqlab, maza qilib bankdan foiz olishi mumkin.

Misol uchun, Gentra uchun mijoz oldindan 85 foiz, ya'ni 100 mln. so‘m to‘lab mashinani 3 oy kutayotganda, kompaniya bu pulni bankda saqlab eng kami qayta moliyalash stavkasining (16 foiz) o‘zida qo‘shimcha 4 mln. so‘m daromad qilishi mumkin. Bu nima degani? Bu – avtomobil narxlari aslida mijoz uchun yana 4 foiz qimmatga tushmoqda degani. Chunki xaridor mashina uchun oldin to‘lovni amalga oshirmay pulini bankda saqlaganda, qo‘shimcha 4 mln so‘m topgan bo‘lardi.

Kompaniya xomashyo va butlovchi qismlarini bemalol 3 oy qarzga olib ishlay olishi mumkinligini inobatga olsak, u deyarli pul tikmasdan ham foyda qiladi.

Bunday biznes modeli dunyoning biror davlatida topilmaydi», deydi u.

«Biz UzAuto Motors vakillarini parlamentda savol-javobga chaqirib yuribmiz. Aslida ular yaratgan biznes modellari uchun Nobel mukofoti olgani Shvetsiyaga borishi kerak».

Deputatga ko‘ra, kompaniya mahalliylashtirish (lokalizatsiya) masalasida negadir ehtiyot qismlarni o‘zimizda ishlab chiqarishdan ko‘ra, chetdan import qilishni ma'qul ko‘rmoqda.

«Eng achinarlisi, UzAuto Motors ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilmagani yetmagandek, hatto mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqargan ehtiyot qismlarni ham xarid qilmaydi. U faqat import qiladi.

Ehtiyot qismlarning qimmat bo‘lsa-da import qilinishidan foydani kim olyapti? Bu – juda kichik misol. Bilmagan holatlarimiz qancha», deydi deputat.

Doniyor G‘aniyevning xulosa qilishicha, hukumat tomonidan UzAuto Motorsʼni kelasi 2 yil ichida xususiylashtirish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rilishi lozim.

Bunda davlat ulushining kamida 75 foizini investorlarga, qolgan qismini esa korxona ishchilariga sotish to‘g‘ri bo‘ladi.

«Ikkinchidan, kelgusi 3 yil ichida import qilinadigan yangi avtomobillar uchun aksiz solig‘ini 10 foizgacha bosqichma-bosqich tushirish lozim.

Shu orqali ichki avtomobil bozorida sog‘lom raqobat shakllanadi, yurtdoshlarimizga esa keng tanlov imkoniyati beriladi. UzAvto Motorsʼga ham bozor sharoiti va raqobatga moslashib olishi uchun imkoniyat beriladi», dedi deputat.

Kamoliddin Rabbimov: «Insonlarni tanlashdan mahrum qilish – tarixiy ma'naviyatsizlik, uyatsizlik va shafqatsizlikdir»

Foto: Kamoliddin Rabbimovning Facebook sahifasidan olindi

 «Ayni paytda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish sohasi ikki marta kuchaytirilgan monopoliya qo‘lida qolmoqda», deydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchi fikrini asoslar ekan, quyidagilarni misol keltirdi:

«Birinchi monopoliya – O‘zbekistonda yagona avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona mavjud, milliy davlat doirasida uning birorta ham raqibi mavjud emas. Ikkinchi darajadagi monopoliya – tashqi dunyodan avtomobil olib kirish uchun olib kirilayotgan avtomobil narxiga teng boj to‘lovi nazarda tutiladi.

Bu vaziyat shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish o‘zbekistonliklar uchun eng ayovsiz ekspluatatsiya manbai bo‘lib qolmoqda», deydi u.

Rabbimovga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘plab mulozimlarning ta'biri bilan aytganda, shu paytgacha “qattiq avtoritar” davlat bo‘lib keldi. Keyingi yillarda esa, vaziyat o‘zgarmoqda.

«Aynan «qattiq avtoritarizm» odamlarning, jamiyatning fikri va manfaatlari bilan hisoblashmasdan, ularni ekspluatatsiya qilib keldi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, har qanday rivojlanishni o‘ylayotgan davlat va hukumat, harakatlanish vositalari, transport vositalari va yonilg‘ilarni imkon qadar arzonlashtirishga intiladi. Bu orqali hukumat tezroq va sifatliroq milliy boylik yaratishni maqsad qiladi.

Taraqqiyot va farovonlikning asosiy o‘lchovlaridan biri – mehnat faoliyatidagi yakka shaxsning ish soatlari samaradorligi hisoblanadi.

«Bu samaradorlikning ikki mezoni bor. Birinchisi – ish soati mobaynida qanchalik ko‘p va sifatli mahsulot yoki xizmat ishlab chiqariladi.

Ikkinchisi, mana shu ish soatiga nisbatan berilgan oylikka qanchalik ko‘p va sifatli mahsulot yoki xizmat sotib olish mumkinligi.

Afsuski, O‘zbekistonda mehnat qilayotgan insonning umri, mehnati juda arzon o‘lchanadi. Avtomobil misolida, bitta mashina mehnat qilayotgan insonning juda ko‘p yillik umriga teng hisoblanishi bilan dunyodagi eng qimmat avtomobil va eng arzon ish haqi namoyon bo‘ladi.

Bu vaziyatning ham ikkita asosiy sababchisi mavjud. Birinchisi, inson hayoti qadrlanmasligi va ikkinchisi, sohaning monopolistik holati. Aslida, monopoliya sohani qutqarmaydi, aksincha, sekin va ohista shaklda o‘ldirib boradi. Chunki butun bir jamiyatni tanlashdan mahrum qilib, ularning hayotini monopoliya qilib olgan soha rivojlanishi, global miqyosda raqobatbardosh bo‘lishi mumkin emas», – deydi tahlilchi.

Kamoliddin Rabimov suhbat davomida monopoliyalarni milliy taraqqiyot qonini so‘rayotgan kanaga o‘xshatdi.

«Monopoliya milliy taraqqiyot qonini so‘rayotgan kanaga o‘xshaydi. Bunga O‘zbekistondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi monopoliya, eng munosib misol bo‘la oladi», dedi u.

Siyosiy tahlilchiga ko‘ra, insonlarning umri cheklangan, mehnat qilish qobiliyati cheklangan, shunday ekan, ularni ekspluatatsiya qilib, tanlashdan mahrum qilish – tarixiy ma'naviyatsizlik, uyatsizlik va shafqatsizlik hisoblanadi.

Yigirmanchi asr boshida dunyodagi birinchi avtomobil ishlab chiqaruvchi davlat AQSh bo‘lsa, ikkinchisi – Fransiya edi.

Fransiya 1913 yilda avtomobil eksporti bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turardi. Lekin hozirga kelib, Fransiya bu liderlikni yo‘qotgan. Nima uchun? Yigirmanchi asr o‘rtalarida Fransiya ham tashqi bozorga yopilishi natijasida ichki bozor monopoliyalar qo‘liga o‘tadi. Lekin O‘zbekistondan farqli ravishda, Fransiyaning ichki ishlab chiqaruvchilari hech qachon yagona monopolistning qo‘lida qolishmagan, doimiy ravishda Reno, Sitroyen, Pejo kompaniyalari o‘rtasida raqobat bo‘lgan.

«O‘zbekiston agar o‘z avtomobil sohasini rivojlantirishni o‘ylasa, tashqi dunyodan avtomobillar kirishini erkinlashtirishi kerak. Tabiiyki, monopolist bo‘lgan UzAuto Motors bunga to‘liq rozi bo‘lmaydi. Lekin agar bu kompaniya rivojlanishni o‘ylasa, erkin muhitda yashab qolish choralarini izlashi kerak. Buning uchun yangicha fikrlaydigan qadrlarni topishi va o‘z rejalarini monopoliyasiz amalga oshirishni boshlashi kerak bo‘ladi», dedi Kamoliddin Rabbimov.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

 

Top