18:20 / 15.03.2020
10213
Yangilanishlar arafasidagi «Buxoro». Beton ustidagi o‘yin, o‘zbek, qozoq va xorvat futbolidagi maoshlar taqqosi – Geynrixning do‘sti bilan suhbat

​​​​​​​2020 yilgi Superliga ishtirokchi jamoalarining tayyorgarligi, tarkibdagi o‘zgarishlar, reja va maqsadlari bilan tanishtirishda davom etamiz.

Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari bu safar Buxoro shahrida bo‘lib, «Buxoro» jamoasining stadioni va tarkibdagi o‘zgarishlari bilan tanishdik, murabbiy va futbolchilar bilan suhbatlashdik.

 Klub stadioni

Buxoro shahri markazidagi «Buxoro» sport majmuasi ichidagi stadion 2002 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, arena o‘z bag‘riga 22 700 tomoshabinni sig‘dira oladi. So‘nggi yillarda stadion maydonida futboldan tashqari bir qator sport turlari bo‘yicha ham bahslar o‘tkazilgani bois maydon chimi ayanchli ahvolga kelib qolgandi. PFL Superliga klublariga maydon borasida talabni oshirgach, yil boshida «Buxoro» stadioni maydoni to‘liq olib tashlanib, yangisini parvarishlash boshlangan.

Jamoaning uy stadioni yozgacha tayyor holatga kelmasligi bois, klub dastlabki ikki turni safarda o‘tkazdi. Birinchi davradagi uy uchrashuvlari esa Buxorodan 80 kilometr uzoqlikda, Muborakdagi «Mash'al» klubi stadioni sanalmish Bahrom Vafoyev nomli o‘yingohda o‘tkaziladi.

 Tarkibda qanday o‘zgarishlar qilindi?

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Superligada ilinib qolgan «Buxoro» jamoasi tarkibida qator o‘zgarishlar kuzatildi. Jamoa tarkibini Asadbek Sobirjonov singari yetakchi futbolchisi tark etib, «Paxtakor» safiga qaytdi. Shuningdek, «Buxoro» Salamat Qutiboyev, Murodbek Bobojonov, Rahimjon Davronov singari yetakchilarini ham o‘z safida saqlay olmadi.

Natijada bosh murabbiy Muhsin Muhammadiyev tarkibga yangi legionerlarni chaqirdi. Jumladan, xorvatiyalik tajribali hujumchi Edin Yunuzovich, ukrainalik Artyom Baranovskiyni taklif etdi, 2019 yilda to‘p surgan kanadalik Milovan Kapor va gruziyalik Jaba Lipartiya bilan hamkorlik davom ettirildi.

Qolaversa, Zohir Pirimov, Jasur Hasanov, Jasur Hakimov, Azizbek Amonov singari futbolchilar qo‘shib olindi.

 «Buxoro»ning 2020 yil uchun yangi futbolchilari:

Edin Yanuzovich - 2020, dekabr (An-Nasr, Ummon)

Artyom Baranovskiy - 2020, dekabr (Shaxtyor, Qozog‘iston)

Azizbek Amonov - 1 yil ijara (Lokomotiv)

Ergash Ismoilov - 2020, dekabr (Bunyodkor)

Izatilla Abdullayev - 2020, dekabr (So‘g‘diyona)

Zafar Safoyev - 2020, dekabr (Metallurg)

Sardor Qobiljonov - 2020, dekabr (Surxon)

Suhrob Ne'matov - 2020, dekabr (Surxon)

Jasur Hakimov - 2020, dekabr (AGMK)

Zohir Pirimov - 2020, dekabr (AGMK)

Jasur Hasanov - 2020, dekabr (Qo‘qon-1912)

Abror Xusinov - 2020, dekabr (Andijon)

 Muhsin Muhammadiyev: «Buxoro» tarkibi 70 foizga yangilandi»

«Buxoro» stadionining ayni damdagi holati bilan tanishgach, biz klub qarorgohida bo‘lib, bosh murabbiy va futbolchilar bilan suhbatlashdik. Dastlab savollarimizga jamoa ustozi sanalmish tojikistonlik mutaxassis Muhsin Muhammadiyev javob berdi.

- Muhsin Muslimovich, mavsumga tayyorgarlik qanday kechdi?

- Yangi mavsumga tayyorgarlikni 17 dekabrdan boshladik. Unda legionerlar ishtirok etishmadi, biz asosan mahalliy yoshlarni sinab ko‘rdik. Yanvar yakunida esa o‘z safimizga legionerlarni qo‘shib oldik. Fevraldan esa Toshkentda ikki bosqichli yig‘in tashkil etib, mavsumga hozirlandik hamda chempionat o‘yinlarini boshladik. Afsuski dastlabki ikki turda safarda omadimiz kelmadi.

- Yig‘ilgan tarkibdan qay daraja qoniqdingiz?

- Hech bir murabbiy tarkibdan qoniqmasa kerak. Hamma ham yanada yaxshiroq futbolchini o‘z safida ko‘rishni istaydi. Shunga qaramay, o‘zim istagan futbolchilarni taklif etdik.

- Tarkibimiz 70 foizga yangilandi. Afsuski hozirgi futbolda tarkibning bunday keskin o‘zgarishi oddiy hol bo‘lib qoldi. Aksariyat klublarni aytmasa, qariyb barcha jamoalarda shunday holat kuzatilmoqda. Bitta O‘zbekistonda emas, xorij klublarida ham bunday ahvolga guvoh bo‘lish mumkin.

- Bir yilda tarkibning keskin o‘zgarishi nima bilan bog‘liq?

- Aytaylik, o‘tgan mavsumdagi qator futbolchilar bizda ijara asosida to‘p surishgandi. Bu yil ularni qaytarib olishdi. Yana bir sababi bu futbolchilar bilan ko‘p yillik emas, bir yilga shartnoma tuzilishi jamoalarning barqaror bo‘la olmasligiga sabab bo‘ladi.

- Qaysidir futbolchini taklif etishni istagan, ammo uni jamoangizga taklif eta olmaslik holati ham kuzatildimi?

- Albatta. Biz bir qator futbolchilar bilan muzokara olib bordik. Afsuski, ularni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Hamma futbolchi ham o‘ziga yaxshiroq shart-sharoitni izlaydi.

- Shunday futbolchilardan biri «Manchester Siti»ning sobiq futbolchisi ekanligi rostmi?

- Yo‘q, bu shunchaki gap-so‘zlar. «Manchester Siti» futbolchisi qanday qilib bizga kelishi mumkin? Ulardagi maoshlar bilan taqqoslab bo‘lmaydi axir. Biz bunday pullarni to‘lay olmaymiz.

- Jamoani tark etganlar bilan klub xayrlashdimi yoki o‘zlari ketishdimi?

- Ularni olib qolishga intildik, ammo iloji bo‘lmadi. Aytaylik, darvozabon Rahimjon Davronovni olib qolmoqchi edik, u ham klubda qolish tarafdori edi. Ammo «Mash'al» bilan hali shartnomasi borligi uchun qaytishga majbur bo‘ldi. Asadbek Sobirjonovni ham qoldirmoqchi edik, biroq «Paxtakor» ijaradagi futbolchisi o‘ziga kerakligini aytdi. Salamat Qutiboyevni ham qoldirmoqchi bo‘ldik, biroq u yaxshiroq taklifga ega ekanligi uchun «Metallurg»ni tanladi.

- Sizningcha, jamoa mavsumga qay daraja tayyor?

- O‘ylaymanki, mavsumga hali 85 foizga tayyormiz. Jamoa chempionatdagi dastlabki o‘yinlardan keyin mavsumga to‘liq tayyor holga keladi.  

 «Beton ustida to‘p surishimizga to‘g‘ri keldi»

Murabbiyning fikri bilan tanishgach, jamoaning yetakchi futbolchilari fikri bilan ham qiziqdik.

Zohir Pirimov («Buxoro» yarimhimoyachisi):

- OKMK jamoasini tark etgach, «Buxoro» klubi murabbiylar shtabi taklifiga ko‘ra jamoaning Toshkentdagi yig‘iniga kelib qo‘shilgandim. Mavsum oldi tayyorgarlikdan keyin klub bilan shartnoma imzoladim. Mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik deb o‘ylayman.

Olmaliq klubini tark etishdan avval bosh murabbiy Mirjalol aka Qosimov bilan gaplashdim. Menga ko‘proq o‘yin amaliyoti zarurligi uchun «Buxoro»ga o‘tdim. Bu klubda 2017 yilgi mavsumda to‘p surganim bois, jamoaga kirishib ketishim qiyin bo‘lmadi. Yaxlit jamoaga aylana olsak, yaxshi natijaga erisha olamiz.

Yangi mavsum oldidan jamoamiz oldiga grand klublarga qarshi munosib qarshilik ko‘rsata oladigan raqobatbardosh klub shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

Bosh murabbiy Muhsin Muhammadiyev bilan ishlash maroqli. Yaxshi mutaxassis deb bilaman. O‘z vaqtida mashhur futbolchi bo‘lgani bois o‘yinchilar bilan juda yaxshi kelishadi, muomalasi ham yaxshi murabbiy. Futbolda ko‘p yutuqlarga erisha olgan. Bilim va mahoratini doim ulashishga, yordam berishga intiladi. Inson sifatida ham hurmatga sazovor shaxs.

 Eden Yunuzovich («Buxoro» hujumchisi):

- «Buxoro» jamoasiga kelib qo‘shilganimdan xursandman. Klubga bosh murabbiy Muhsin Muslimovich taklif etdi. Bungacha Muhammadiyev qo‘l ostida u Qozog‘istonning «Ordabasi» klubini boshqargan paytda to‘p surgan va to‘purar bo‘lgandim. Shu bois bu safar ham birga ishlashga chaqirgach, labbay deb javob berib keldim.

O‘zbekiston Superligasi ancha qiyin va texnikaga e'tibor beriladigan liga sanaladi. O‘ylaymanki, mavsum davomida biz yaxshi o‘yinlarimiz bilan muxlislarni xursand eta olamiz. Yangi mavsum oldidan bosh murabbiy va rahbariyat imkonqadar yaxshi sharoitlarda tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun harakat qilishdi. Ammo qishda yomon ahvoldagi maydonlarda tayyorgarlik ko‘rdik. Bir kun sun'iy qoplamada o‘ynagan bo‘lsak, keyin yo‘lakchada tayyorgarlik ko‘rdik. Nazorat o‘yinida ham beton ustida to‘p surishimizga to‘g‘ri keldi, deyish mumkin. Buxoroda ham mashg‘ulot uchun qariyb bir soatlik yo‘lga borib, tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Shunga qaramay, klub rahbarlari yaxshi sharoitlarni yaratishga intilishmoqda. Bunday muammolar ham jamoaga ta'sir qilsa-da, tez orada o‘z o‘yinimizni topishimizga ishonaman.

O‘zbekistonga kelmasimdan avval Chimkentning «Ordabasi» klubida hamyurtingiz, do‘stim Aleksandr Geynrix bilan birga to‘p surgandim. Qolaversa, hamyurtim Ivor Vaytser Buxoroda to‘p surgan. U ham menga ma'lumot bergandi.

Xorvatiya va O‘zbekistondagi futbolchilar maoshlarini taqqoslasak? Xorvatiyaning o‘rtamiyona klublari bilan taqqoslasak ham bizda ko‘proq, o‘zbek klublarida esa maosh pastroq.

O‘zbekiston Superligasidagi maoshlarni Qozog‘iston klubi bilan taqqoslasak? Qozoq klublarining budjeti kattaroq, shu bois O‘zbekistonning o‘rtamiyona klublaridan ko‘ra u yerda futbolchilarga ko‘proq maosh beriladi, - deydi «Buxoro»ning xorvatiyalik hujumchisi Edin Yunuzovich.

 Buxorodagi safarimiz davomida shahardagi markaziy stadion maydoni nihoyat to‘liq yangilanayotgani, klub qarorgohida viloyatning endilikdagi sobiq hokimi O‘ktam Barnoyev tashabbusi bilan ulkan hajmdagi ishlar qilinganligiga guvoh bo‘ldik. O‘ylaymizki, jamoa ham yangi mavsumda minglab muxlislari kutayotgan damlarni taqdim eta oladi. Bu borada ularga omad tilab qolamiz.

Usmon Ibodov, G‘ayrat Yo‘ldosh,
Tasvirchi Faxriddin Xotamov.

Top