22:15 / 16.03.2020
13847
«Kasalligini yashirib, boshqalarga qasddan yuqtirganlar 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin» – vazir o‘rinbosari

O‘zbekistonda karantin bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablarini buzgan, o‘zida karantin alomatlarini sezsa-da, buni yashirgan, aksincha, ko‘cha-ko‘yda yurib, koronavirusni boshqalarga ham qasddan yuqtirgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov Kun.uz’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Agar kimda-kim kasalligini bila turib, u boshqalarga ham yuqishiga qasddan yo‘l qo‘ysa, bu karantin tartibini buzishning og‘ir oqibatga olib keladigan bir ko‘rinishi hisoblanadi.

Mazkur harakat (harakatsizlik) fuqarolarning kasallanishiga yoki o‘limiga olib kelsa, javobgarlikning ko‘lami kattaroq bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, fuqarolarning o‘limi yoki kasallik tarqalishiga sabab bo‘lgan holat – og‘irlashtiruvchi holat bo‘ladi. Ya'ni 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoga sabab bo‘lishi mumkin.

Akbar Toshqulov

Agar fuqaro haqiqatan qasddan kimgadir tarqatadigan bo‘lsa, bunday fuqarolar albatta qonun oldida javob beradi. Agar ataylab tarqatilgani aniqlanadigan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan javobgarlikka sabab bo‘ladi», – dedi Akbar Toshqulov.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, karantin holatida fuqarolar o‘rtasida vahima uyg‘otgan shaxslar ham jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tdi.

«Fuqarolar yoki mansabdor shaxslar tomonidan karantin tartiblarini buzganlik uchun qonunlarimizda qat'iy javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 2441-moddasiga asosan, karantin holatlarida fuqarolar o‘rtasida vahimali gaplarni tarqatganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilangan

Fuqarolarimiz vahimaga berilishlari kerak emas. Hozirgi kunda hukumat hamma masalalarda tegishli choralarni ko‘ryapti. Joylarda dezinfeksiya ishlarini amalga oshirilmoqda, tibbiyot muassasalari kerakli dori va himoya vositalari bilan yetarlicha ta'minlangan, virusga chalingan fuqarolarni davolash, aholini tegishli ma'lumotlar bilan ta'minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilyapti», deydi Akbar Toshqulov.

Avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham karantin bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablarini buzgan fuqarolar jiddiy javobgarlikka tortilishidan ogohlantirgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi. Hozirga qadar koronavirus bilan kasallanganlar soni 8 nafarga yetdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top