14:29 / 16.03.2020
53907
Koronavirus O‘zbekistonda: odamlardagi kayfiyat, savdo va xaridlar

Kecha, 15 mart kuni tongda O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi.

Foto: KUN.UZ

Shundan so‘ng, kun yarmiga borib O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga bag‘ishlagan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjuman yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida barcha ommaviy tadbirlar, jumladan, umumxalq sayllari to‘xtatilib, bog‘cha, maktab va oliy ta'lim muassasalari karantinga yopilishi belgilandi.

Kun.uz muxbiri aholining vaziyatdan qay darajada xabardorligi va himoya choralarini bilishi, qolaversa, savdo markazlaridagi ahvol bilan tanishish maqsadida poytaxtdagi «Farhod» dehqon bozorida  bo‘ldi.

Bozorda sotuvchi va xaridorlar bilan suhbat o‘tkazildi.

«Biz hozircha bu holatdan qattiq ta'sirlanganimiz yo‘q. Xudo bor, barchamizni o‘zi asrasin. Ko‘p qatori barchamizni asrasin. Shuningdek, gigiyena qoidalariga ham amal qilamiz», dedi bozordagi xaridorlardan biri.

Undan shaxsiy gigiyena qoidalaridan qanchalik xabardorsiz, deya so‘raganimizda quyidagicha javob oldi:

«Bilishimcha, bu ham grippning bir turi. Unga qarshi sog‘lom hayot tarzini kechirish kerak». 

Boshqa bir xaridor esa O‘zbekiston rahbariyati aholi salomatligini asrash bo‘yicha kerakli barcha ishlarni qilayotganiga ishonadi.

«Xalqimiz sog‘lig‘i uchun kerakli odamlar har tomonlama mehnat qilayotganiga ishonaman.

Xohlardimki, virus haqidagi xabarlarni barcha o‘qisin va shu qoidalar bo‘yicha harakat qilishsin.

Oilamiz bilan xabardormiz, koronavirusdan saqlanish uchun qo‘llarimizni tez-tez yuvishimiz, iloji bo‘lsa, yonimizda ham antiseptik vositalarni olib yurishimiz kerak.

Xalqimiz bu sinovdan o‘tib oladi, hech kim vahimaga tushmasin. Bu qanchalik qiyin bo‘lmasin biz virusdan o‘ta olamiz», deydi u.   

Yana bir xaridorning fikricha, vaziyat qo‘rqish darajasida emas. «O‘ylaymanki, ahvol shu darajada bo‘lganda bizni ana shu signalda ogohlantirishardi», deydi suhbatdoshimiz.

Biz bilan suhbatlashgan sotuvchilardan biri 15 mart holatiga ko‘ra, poliz mahsulotlari sotuvida sezilarli o‘sish bo‘lganini tasdiqladi. «Bugun bozorda qandaydir odam ko‘proq. Qoplab kartoshka, piyoz olayotganlar ham bor. Buni qandaydir virus bilan bog‘lashyapti. Men unday narsalarga tushunmayman. Qolganini bilmayman», deydi sotuvchi.

«Koronavirus O‘zbekistonga kelgan deyishyapti, lekin biz sezganimiz yo‘q. Odamlarning bozorga kelish foizlarida o‘sishi yoki kamayishida biror o‘zgarish sezmadim» deydi yana bir savdogar.

«Farhod dehqon bozori» AJ direktori o‘rinbosari Jahongir Ismoilovning aytishicha, har doim ham dam olish kunlari bozorlarda odam gavjum bo‘ladi. Shuning uchun ayni paytda  mahsulot yetishmay qolishi mumkin emas. Asosiy turdagi oziq-ovqat 27 turda bo‘lsa, ularning bitta «Farhod» dehqon bozorining o‘ziga yetkazilishiga 2 ta alohida viloyat – Andijon va Toshkent viloyatlari biriktirilgan. 

Bundan tashqari, «Oziqovqatsanoat», «Oziqovqatxolding» uyushmalari tomonidan ham arzon rastalar tashkillashtirilgan.

«Bozorning o‘zida ham «Elga xizmat» rastasi tashkil etilgan bo‘lib, uning zaxirasi mahsulotga talab keskin oshadigan vaqtlarda 15-20 kunga bemalol yetadi. Agar doimiy maromda xaridlar davom etadigan bo‘lsa, ancha uzoq muddatga yetadi. Shuning uchun hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q», - deya qayd etdi bozor xodimi.

Bundan tashqari, boshqa xaridorlar ham koronavirus haqida ma'lumotga ega ekanliklarini, qanaqa tartibda gigiyena qoidalariga rioya qilish kerakligini bilishlarini ma'lum qilishdi.

Ayrim savdogarlarning savollarimizga javob berishicha, bolalariga ta'til berilgani uchun uyda ular bilan shug‘ullanishadi.

Biz bozorda uchratgan bolalar ta'til vaqtini televizor ko‘rish bilan o‘tkazmoqchi ekanliklarini, gigiyena qoidalarini ham  bilishlarini aytishdi.

Bozor kayfiyatini kuzatib, bu yerda hayot doimgidek davom etayotganining guvohi bo‘ldik: odamlar oylab g‘amlash uchun mahsulot olishayotgani yo‘q. Narx-navoning ham keskin o‘sish holatlari kuzatilmadi.

Biroq, nazarimizda,  odamlarda virus va undan himoyalanish haqida yetarli darajada bilim yo‘q. Bu esa OAVlarga odamlarga tushuntirish beruvchi materiallarni ko‘proq tayyorlash vazifasini yuklaydi.

Ilyos Safarov tayyorladi
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top