10:50 / 16.03.2020
200645
O‘zbekistonda yana ikki kishida koronavirus tasdiqlandi

O‘zbekistonda koronavirusning ilk bemori bo‘lgan ayolning oila a'zolaridan yana ikki nafarida virus aniqlandi - uning turmush o‘rtog‘iga va nabirasiga koronavirus yuqqan.

Foto: AP / TASS

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana ikki kishida virus aniqlangani haqida xabar qildi.

«Ma'lumki, shu yilning 15 mart kuni Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan edik. Tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan edi. Ayni paytda ushbu fuqaroning turmush o‘rtog‘i va nabirasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi. Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar soni 6 nafarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan ilk bemor 15 mart kuni aniqlandi, u 11 mart kuni Fransiyadan kelgan o‘zbekistonlik ayol bo‘ldi. Kun oxiriga borib uning o‘g‘li va qiziga ham virus yuqqani tasdiqlandi. Shuningdek, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys bilan Toshkentga kelgan yana bir O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning 130dan ortiq mamlakatida jami 170 mingga yaqin kishida koronavirus aniqlangan, ularning 78 mingga yaqini sog‘ayib ketgan, qurbonlar soni 6518 nafar.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top