16:28 / 16.03.2020
24450

«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi

Bugun va ertaga respublika hududida juda iliq va quruq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati 20-25 daraja, mamlakat shimoli, janubi va cho‘l zonasida 26-28 darajagacha isiydi.

Foto: KUN.UZ

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, chorshanba kuni respublika hududining katta qismida ob-havo avvalgidek yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida Kaspiy dengizi hududidan harakat qilayotgan kam nam havo oqimining kirishi sababli kechasi va ertalab ayrim joylarga kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati bir oz pasayadi va 18-23 darajani tashkil qiladi.

Payshanba kuni butun respublika bo‘yicha ob-havoning quyoshli bo‘lishi va haroratning 23-25 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Juma va shanbada O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududidan yana nam havo oqimi kiradi, natijada shimoli-g‘arbiy va janubi-g‘arbiy tumanlarda 20 mart kuni, markaziy, janubiy va sharqiy tumanlarda 21 mart kuni ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. 

Shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Shu kunlarda havo harorati 18-23 darajagacha pasayadi.

Top