07:44 / 16.03.2020
15610
Shodmonov: «Barcha viloyatlarda yuqori kompetensiyaga ega mutaxassislarimiz mavjud»

Viloyatlardagi har bitta shifoxonada dezinfeksiya, individual himoya vositalari va dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov viloyatlar shifoxonalari koronavirus kasalligiga qarshi kurashishga tayyor ekani haqida ma'lum qildi.

“Barcha viloyatlarda yuqori kompetensiyaga ega, ya'ni o‘qitilgan mutaxassislarimiz mavjud. Bundan tashqari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining viloyatlarda koronavirus tarqalishi epidemiyasiga qanday chek qo‘yish kerakligini biladigan mutaxassislari bor. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda biz tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganib chiqdik hamda mutaxassislarimizni o‘qitib, tayyorladik. Shuningdek, viloyatlardagi har bitta shifoxonada dezinfeksiya, individual himoya vositalari va dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan hamda puxta tayyorgarliklar ko‘rilgan“, dedi Alisher Shodmonov.

Avvalroq, O‘zbekistonda yana uch kishida koronavirus qayd etilgani xabar berilgandi.

11 martda Fransiyadan qaytgan O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirusi 15 mart kuni aniqlangach, u bilan muloqotda bo‘lgan barcha oila a'zolari ham respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi yotqizilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan.

Shuningdek, 15 mart kuni soat 05:15da Uzbekistan Airways aviakompaniyasining «Istanbul-Toshkent» yo‘nalishidagi 274-reysi bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham koronavirus aniqlangan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top