00:00 / 16.03.2020
22285

Toshkent avtovokzali uzzukun ishlashga o‘tdi

O‘zbekistonda koronavirus paydo bo‘lishi munosabati bilan karantin choralari joriy etilgach, «Toshkent» avtovokzali tunu-kun ishlashni boshladi. Yakshanba kunidan viloyatlarga reyslar soni ikki barobar - 35tadan 70taga oshirildi.

Foto: Transport vazirligi

Transport vazirligi shaharlararo qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani haqida ma'lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi hukumati rahbariyatining topshirig‘iga binoan, joriy yil 16 martdan barcha ta'lim muassasalarida,  jumladan, kollej, litsey va oliy ta'lim muassasalarida muddatdan oldin ta'til e'lon qilindi va o‘qishlar to‘xtatiladi.

Shuni inobatga olgan holda talabalar va yo‘lovchilarning o‘z vaqtida manzillariga yetib olishni ta'minlash bo‘yicha Transport vazirligi zarur choralarni ko‘rmoqda. 

Xususan, «Toshkent» avtovokzalidan kuniga shaharlararo 17ta yo‘nalish bo‘yicha 35ta qatnov orqali 1800 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, yo‘lovchilar oqimining birdan ortishi sabab bugunning o‘zida «Uzautotrans service» koroxonasi yana qo‘shimcha 35ta qatnovni yo‘lga qo‘ydi. Jami 70ta qatnov orqali hozirda 4000ga yaqin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Respublikamiz viloyatlariga boruvchi yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Toshkent» avtovokzali tunu-kun 24 soat davomida faoliyat yuritmoqda. Yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda «Toshkent» avtovokzalidan yana qo‘shimacha avtobuslar qatnovi joriy etilishini ma'lum qilamiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 16 martdan O‘zbekiston xalqaro avtobus, temir yo‘l va aviaaloqalarni to‘xtatdi.

Mamlakatdagi barcha o‘quv muassasalarida ta'til e'lon qilindi, Toshkent shahridan viloyatlarga ketuvchi talabalar va o‘quvchilarga 50 foizlik chegirmalar joriy etildi.

Top