15:49 / 16.03.2020
21312
Uyda o‘tirib ishlaydiganlar uchun foydali 12 tavsiya

Pandemiya vaqtida katta zarurat bo‘lmasa, uydan turib ishlash tavsiya etiladi.

Foto: Unsplash

Ofisga bormay, uy sharoitida mehnat qilishning o‘ziga yarasha qulayliklari bo‘lgani holda, ishlashga xalal beruvchi jihatlari ham bor.

Quyida ana shu salbiy omillar ta'sirini kamaytirishga oid tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

1. Uy kiyimida emas, odatiy ishga kiyib boradigan kiyimda bo‘ling. Bu ishchan kayfiyatni saqlaydi.

2. Kiyinib, ko‘chani bir-ikki aylanib, xonadoningizga qayting. Bir oz piyoda sayr qon aylanishni ta'minlaydi.

3. Ish joyingizni saranjomlang. Ish stolidan keraksiz narsalarni olib tashlab, faqat ishga taalluqli anjom va qog‘ozlar qolsin.

4. Uydagilarga sizda ish vaqti boshlangani haqida qat'iy tayinlab tushuntiring.

5. Kundalik vazifalaringizni rejalab yozing.

6. Internetga ulanib boshlig‘ingiz, hamkasblaringiz va qo‘l ostidagilar va mijozlar bilan aloqaga chiqib, qayerdaligingiz va bugun nima ishlar bajarishingiz haqida habar bering va ularning rejalari haqida qiziqing.

7. Kun davomida hamkasblar va mijozlar bilan telefon, elektron pochta va messenjerlar orqali muloqot qilib turing.

8. «Bitriks24» va shunga o‘xshagan masofali ishlarni boshqarish dasturlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘ying.

9. Divan, kreslo, ko‘rpacha va gilamda yotvolib, ishlashga urinmang.

10. Oshxonaga serqatnovlikdan tiyiling. Tushlik va choy vaqtlari xuddi ishxonadagidek bo‘lsin.

11. Kun oxirida qilingan va qilinmagan ishlarni taftishlang. Hamkasblaringiz bilan yakuniy aloqaga chiqib, ish statusi, yangi masala va muammolardan xabardor bo‘ling va kerakli ma'lumot bilan bo‘lishing.

12. Ertangi kuningiz rejasini tuzgach, ishni o‘z vaqtida yakunlang. Ko‘chani bir aylanib, uyga qaytsangiz zarar qilmaydi, uyqusizlik oldini oladi.

Jamshid Muslimov

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top